“Prezident sovg‘a”si o‘z egalariga topshirildi

Date:

Yangi yil bolajonlarning sevimli bayrami. Bu bayram murg‘ak qalblarni mo‘jizalarga, ezgulikka ishonishga chorlaydi. Ana shunday ruhda unib o‘sayotgan o‘g‘il-qizlarimizdan faqat va faqat yaxshiliklarni, yaratuvchanlikni kutamiz, kuzatamiz ham. Bolajonlar uchun hozirlanib, taqdim etilayotgan kutilmagan sovg‘alar esa ularning ko‘nglini tog‘dek ko‘taradi. Holbuki, ular uchun har yili Yangi yil munosabati bilan sovg‘alar berilishi an’ana tusini olgan. Ayniqsa, “Prezident sovg‘a”si eng yaxshi, unutilmas xotiralar taqdim etadigan sovg‘adir.
Eslatib o‘tish joizki, ushbu sovg‘alar 15 yoshgacha bo‘lgan muruvvat va oilaviy bolalar uylari tarbiyalanuvchilari, ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar, chin yetim, shuningdek, yurtimiz tinchligi yo‘lida qurbon bo‘lgan huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining farzandlariga beriladi. Bayram sovg‘alari 12 turdagi o‘quv qurollari va 15 xil shirinlikdan iborat bo‘lib, joriy yilda Surxondaryo viloyatida 630 dona “Prezident sovg‘a”si o‘z egalariga topshiriladi.
“Prezident sovg‘a”lari viloyatimizga keliboq, barcha hududlarimizda “Prezident archasi” teatrlashtirilgan bayram tomoshalari boshlanib ketdi. Asosiy tomosha Termiz shahridagi “Iceberg” ko‘ngilochar maskanida o‘tkazildi. Ushbu bayram tadbiri shukuhli va esda qolarli voqealarga boy bo‘ldi. Unda 3-15 yoshdagi ota-ona qarovisiz qolgan bolalar, 18 yoshgacha bo‘lgan Oilaviy bolalar uylari, Muruvvat uyi tarbiyalanuvchilari hamda ota-onalari Vatan tinchligi yo‘lida qurbon bo‘lgan xodimlarning farzandlari ishtirok etdi.
Tadbirda so‘zga chiqqan Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov bolajonlarni yurtboshimiz nomidan Yangi yil bayrami bilan tabriklab, ularga “Prezident sovg‘a”larini topshirdi.
Mazkur sovg‘alar hududlarda tashkil etiladigan “Prezident archasi” bayram tadbirlarida davlatimiz rahbari nomidan shahar va tumanlar hokimlari tomonidan tantanali topshirilib, murg‘ak ko‘ngillarga quvonch ulashmoqda.
Bayram tantanasida xursandchilik qilayotgan bolajonlarning quvonch-u hayajoni cheksiz. Ular mana shunday tinch va osuda, bayramlar, shod-u xurramliklar o‘tkazilayotgan yurtda yashayotganidan, kulgusi dunyoni tutib, e’tibor va g‘amxo‘rlik ostida ulg‘ayishayotganidan masrur. Bunday o‘g‘il-qizlarimiz kelajakda, albatta, yurt koriga yarashga, yetuk insonlar bo‘lib yetishishga, davlatimiz, yurtboshimiz bildirgan ishonchni oqlashga harakat qilishlari aniq.

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

5 yil xizmat majburiyati joriy etildi

Endi o‘zbekistonlik harbiy oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilari ofitser lavozimlarida...

Huquqiy bilimi oshirildi

Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug qo‘mondonligi va Termiz harbiy prokuraturasi...

Tangalar yurtda qoldi

Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasining “Termiz aeroporti” chegara bojxona postida...

Qulay va zamonaviy…

Surxondaryo viloyatida tuman markazlarini zamonaviy shaharsozlik talablariga mos ravishda...
KunTun
KunTun