Bolaligimizni eslaylik, maktabda uyga beriladigan vazifalar, ularni zo‘r ishtiyoq ila bajarganimiz… kimdir xontaxtada, kimdir stolda risoladagidek, ammo ko‘pchiligimiz, yerga kitob va daftarimizni qo‘yib, mukka tushib, yozib-chizganlarimiz, mutolaaga berilganlarimiz yodga tushadi. Bu saboqlar ila kun kelib, o‘zimiz orzu qilgan sohalarda mehnat qilayotirmiz. Ho‘sh, bugungi yoshlarchi? Ularga munosib shart-sharoit yaratib beryapmizmi? Bu savollar eshikma-eshik yurib, xonadonlardagi haqiqiy ahvolni o‘rgangan rahbarlarni, mas’ullarni o‘ylantiradi. To‘g‘ri, o‘ziga to‘q oilalarda ahvol risoladagidekdir, ammo “besh barmoq baravar emas”ligi eng og‘riqli nuqtamiz-da. O‘rganishlar, og‘riqlar joyida qolmasligi kerak. Muammolar yechilishi, aholi uchun yengilliklar yaratilishi kerak. Kambag‘allikka barham berilib, farovonlikda yashashimiz shart. Bugun bolalarimiz uchun kerakli o‘quv qurollari bo‘lmasa, o‘qigali kitobi-yu dars tayyorlashga sharoiti bo‘lmasa, o‘qish kerakligini uqtirganimizdan naf bormi, bu ahvolda qanday qilib biror natijaga erishamiz?!
Prezidentimiz raisligida 11-sentyabr kuni kambag‘allikni qisqartirish ishlarini keyingi sifat bosqichiga olib chiqish masalalari muhokamasi bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida belgilab berilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlash yuzasidan Surxondaryo viloyatida aniq maqsadga yo‘naltirilgan amaliy ishlar olib borilmoqda.
Vohada “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturiga muvofiq “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”da turgan 23 ming 300 oila 4 ming 700 dan ortiq mutasaddiga biriktirilgan edi. Ular ijtimoiy yordamga muhtoj oilalar bilan tizimli ishlab, bandlik masalasini hal etishga ko‘maklashayotir. Tomorqasidan oqilona foydalanib, daromad topishiga yordam bermoqda. Homiylik asosida uy-joylari ta’mirlanib, munosib turmush kechirishi uchun qulay sharoit yaratmoqda. Farzandlarini maktabgacha ta’lim muassasasiga joylashtirishga, maktabda o‘qiyotgan o‘g‘il-qizlarining ta’lim-tarbiya olishida zarur sharoit yaratishga e’tibor qaratmoqda.
Viloyatdagi tashkilot, korxona, muassasalar rahbarlari va o‘rinbosarlariga biriktirilgan “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”da turgan oilalar bilan manzilli ishlash ularni kambag‘allikdan farovon turmush sari yetaklamoqda. “Ijtimoiy himoya reyestri”ga kiritilgan oilalar o‘quvchi farzandlarining bilim olishi uchun qulay sharoit yaratish maqsadida stol-stul, kitob javoni, badiiy kitoblar to‘plami va yangi yil sovg‘alari topshirildi.
“Hududgaz Surxondaryo” gaz ta’minoti filiali rahbari M.Mansurovga Angor tumanidagi “Kayran” mahallasidagi, o‘rinbosari F.Atamurodovga “Novshahar” mahallasidagi besh nafardan ijtimoiy yordamga muhtoj oila biriktirilgan. Mutasaddilar ko‘magi bilan bu oilalar turmushi ham o‘zgarishlarga yuz tutmoqda. Ularning maktab yoshidagi farzandlariga topshirgan stol-stul, kitob javoni, badiiy kitoblar to‘plami va yangi yil sovg‘alari bolajonlarga bir olam quvonch ulashdi.
Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasi boshlig‘i I.G‘ulomovga Oltinsoy tumanidagi 15 ta kambag‘al oilaga ko‘maklashish topshirilgan. Shu paytgacha ikki fuqaro kambag‘allik ro‘yxatidan chiqarilgan. Qolganlarini kasb-hunarga yo‘naltirib, hayotini tiklab olishi uchun 9 nafari tikuvchilik kursida, ikki nafari kompyuter savodxonligi yo‘nalishida o‘qitilmoqda. Besh nafariga subsidiya asosida tikuv mashinasi ajratilib, kambag‘allikdan chiqarish choralari ko‘rilmoqda.
Yangi yil oldidan bojxonachilar o‘zlariga biriktirilgan xonadonlarda bo‘lib, uylari yon atrofiga mevali daraxt ko‘chatlari o‘tkazib berishdi. Maktab o‘quvchilarining sifatli dars qilishi uchun xonadonlarda zarur sharoit yaratib, jihozlashdi. Kitoblar to‘plami tuhfa qilishdi. Qorbobo va Qorqiz ishtirokida bayram sovg‘alarini ulashdi.
Kambag‘al oilalarga viloyat, shahar va tumandan biriktirilgan boshqa mutasaddilar ham ana shunday ezgu ishlarni amalga oshirib, ijtimoiy yordamga muhtoj oilalarning quvonchiga sherik bo‘lmoqda.
Surxondaryo viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov Sherobod tumanida ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalar farzandlariga stol-stul, kitob javoni, badiiy kitoblar to‘plami va yangi yil sovg‘alarini topshirish munosabati bilan tashkil etilgan bayram tadbirida ishtirok etib, Termiz shahri va tumanlar studiyalaridan qatnashgan bolajonlarni ham videokonferensaloqa orqali Yangi yil bilan tabrikladi. Xonadonlariga fayz-u baraka, sog‘lik, o‘qishlariga omad tiladi.
Ijtimoiy himoya milliy agentligi viloyat boshqarmasidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, sakkiz mingga yaqin kambag‘al oilaning farzandi uchun 1 ming 774 mutasaddi stol-stul, kitob javoni, badiiy kitoblar to‘plami va yangi yil sovg‘alari topshirildi. Xonadonlarda yaratilgan bu sharoit ularning sifatli ta’lim olishiga ko‘maklashib, fan to‘garaklariga qiziqish va intilishlarini oshiradi. Intellektual va psixologik rivojlanishiga ijobiy ta’sir etadi. Ularning kelajakda barqaror daromadli kasbni egallashi va jamiyatda kambag‘allikni kamaytirishga yordam beradi.
Kambag‘allikdan farovonlik sari…
Date: