Suhbati yoshlarga ibrat

Date:

Bugungi qahramonimiz Dilorom Yo‘ldosheva haqida eshitgandirsiz. U o‘zbek ayollari ichida ilk bor BBCning dunyoni ilhomlantiruvchi va taʼsirga ega 100 nafar ayollari ro‘yxatiga kiritildi. Ushbu ro‘yxatga Buyuk Britaniya, Amerika Qo‘shma Shtatlari, Hindiston kabi dunyoning turli nuqtalarida yashovchi hayoti bilan odamlarga o‘rnak bo‘la oladigan eng matonatli ayollar o‘rin olgan. D.Yo‘ldosheva 1984-yil Denov tumanida tug‘ilgan. 1-guruh nogironi, 3 farzandning onasi. Imkoniyati cheklangan bo‘lsa-da, u 40 ga yaqin qiz-ayollarni ish bilan taʼminlab, kichik tikuvchilik sexi faoliyatini yo‘lga qo‘ygan. Qahramonimiz shu yilning 13-noyabr kuni Prezidentimiz farmoniga ko‘ra, “Mardlik” ordeni bilan taqdirlandi.
Kuni kecha Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti, Aniq va tabiiy fanlar fakultetida haqiqiy matonat sohibasi bo‘lgan Dilorom Yo‘ldosheva bilan “Tadbirkor va yoshlar uchrashuvi” o‘tkazildi. Uchrashuvni tuman hokimi o‘rinbosari Nigora Lutfullayeva kirish so‘zi bilan boshlab, qahramonimizning tadbirkorlik faoliyati xususida to‘xtaldi.
Shundan so‘ng, so‘z Dilorom opaga berildi. Qahramonimiz ko‘zidagi quvonch yoshlari bilan nutqini boshladi:
— Maktabda o‘qishdan ko‘ra, hunar o‘rganishga ko‘proq qiziqardim. Tikuvchilik sirlarini o‘rganib, o‘zim va yaqinlarimga ko‘ylaklar tikib berardim. Institutda o‘qishga sharoitimiz bo‘lmadi. 2006-yili katta ro‘zg‘orli oilaga kelin bo‘lib tushdim. Qaynona-qaynotaning xizmati va dala ishlaridan ortib, sevimli hunarim bilan shug‘ullanishga vaqtim bo‘lmadi. Ketma-ket uchta farzandli bo‘ldim. Hammasi risoladagidek edi, ammo kutilmaganda sodir bo‘lgan fojia hayotimni butunlay o‘zgartirib yubordi. Oilamiz dehqonchilik bilan shug‘ullanadi. Makka, piyoz ekkandim, boshqa payt esa qiz, ayollar bilan qo‘shilib, chopiq ishlariga chiqardik. 2021-yili makka ekkanmiz va uni o‘rish uchun kombayn mashinasini chaqirganmiz. Makka yonidagi yerga ozgina piyoz ham ekkandik. Baxtsiz hodisa ro‘y bergan kuni tandirda nonlarni yopib, piyozlarni o‘tdan tozalash uchun borgandim. Qarasam, kombayn ayrim yerlarni o‘rmayapti, “Shunchasi maydalanmayapti, uvol bo‘ladi”, deb ularni o‘roqda olib, kombayn tishlari orasiga solib turgandim. Bolalar qiziqib, kombayn mashinasiga chiqib olishgandi. O‘sha kuni quyoshda qorayib ketmaslik uchun uzun, tugmachali xalat kiyib olgandim. Uning bir uchi kombayn tishiga ilashib qoldi va u katta kuch bilan meni o‘ziga tortib oldi. Baqirishga ham ulgurmadim, ko‘zimni ochganimda, men kombayn ustida o‘tirardim, ammo bu holat ham uzoq davom etmadi. Kombayn parragi aylanib meni bir necha metr uzoqlikka uloqtirdi.
Turmush o‘rtog‘im va yaqinlarim yugurib kelib, tez yordam mashinasini ham kutmay, kasalxonaga olib borishdi. Mening bir oyog‘im yo‘q, ikkinchisi esa yaxshigina jarohat olgandi. Gapirolmasdim, ko‘zimni ocholmasdim, ammo bo‘layotgan barcha gap-so‘zlarni eshitib turardim. Shifokorlar ikkinchi oyog‘imni saqlab qolish haqida gaplashishdi. Operatsiya bir necha soat davom etdi.
O‘zimga kelib, asta ko‘zimni ochdim va atrofimdagi ayollar “Hozir ikkinchi oyog‘i ham olib tashlanganini bilsa, janjal qiladi”, deyishayotganini eshitdim. Bildimki, ikkinchi oyog‘imni ham olib tashlashibdi. Jarohat sabab, ikkinchi oyoq gangrena bo‘lib ketishi mumkin ekan. Janjal qilmadim, chunki bunday foyda yo‘q edi. Meni ko‘rish uchun butun qishloq ahli keldi, hammaning nazarida men yig‘lab, siqilishim kerak edi. Ammo o‘zimni qo‘lga oldim, shifokorning “omadi kulgan inson ekansiz, bunday kombayn odamni yutib yuborish hech narsa emasdi. Siz tirik qoldingiz”, degan gapi kuch bag‘ishladi.
Qishloq sharoitida yashash osonmas. Qaynonam vafot etgan, katta ovsinim onamizdek boshimizni birlashtirib turardi. U maktabdagi ishini tashlab, o‘zini uy ishlariga qo‘shib, meni ham xizmatimni qildi. Chunki bir yilga yaqin o‘rnimdan turolmadim. Menga ham bir qarovchi kerak edi. Kunduzi bolalarga yaxshi kayfiyatda ko‘rinardim, ammo tunda tushkunlikka tushardim.
Turmush o‘rtog‘im bilan yolg‘iz qolganda, “Men roziman uylaning, yaxshi ayol bo‘lsa, bolalarga ham qaraydi, xizmatingizni qiladi”, derdim. Ammo turmush o‘rtog‘im unamadi va koyib berardi. “Peshanamga yozgani bo‘ladi, qiyin kunlarni birga yengamiz”, degan daldasi menga katta kuch berdi. Yaqinlarimning qo‘llab-quvvatlashi sabab tezda oyoqqa turdim, yashashga bo‘lgan umidim uyg‘ondi.
Uyimizning qurilishi hali bitmagan edi. Topgani ro‘zg‘ordan ortmayotgan turmush o‘rtog‘imga yordam bergim keldi. Menga Paraolimpiada o‘yinlarida ishtirok etish va g‘olib bo‘lsam, pul berilishi haqida aytishdi. Ammo bu gap onamga yoqmadi. “Yarim jon bo‘lsang ham bolalaringning yonida bo‘l, ularga keraksan”, dedi. Shundan keyin tikuvchilik bilan shug‘ullanishni boshladim. Ammo tikuv mashinalarim juda eski edi, subsidiya asosida tikuv mashinalarini oldik va eski hunarim bilan shug‘ullanishni boshladim. Yuzim yorug‘ bo‘lib, ro‘zg‘orimizga baraka kirdi. Shu ahvolda ham odamlarga yordamim tegayotgani meni ruhlantirdi.
Men haqimda hujjatli film suratga olishdi va u BBSga yuborilibdi. Oradan ancha vaqt o‘tib, quvonchli xabarni aytishdi. Juda ko‘p odamlar meni ko‘rgani keldi. “Mardlik” ordeni bilan taqdirlandim. Hozir 40 dan ortiq shogirdlarim bor, bitta mashinam bir nechta bo‘ldi. Ro‘zg‘orimga baraka kirdi va ko‘plab ayollarning hunarli bo‘lishiga sababchi bo‘lyapman.
D.Yo‘ldoshevani fikrlaridan so‘ng, u haqida ishlangan “Matonat” filmi namoyish etildi. Talabalarning ayrimi ko‘zida yosh bilan, ayrimlari katta hayajon, qiziqish va diqqat bilan zangori ekaranni tomosha qildi. Navbat tadbirkor bilan ochiq muloqatga yetganda savol beruvchilar ko‘paydi. Tadbirkorlik faoliyatini noldan boshlash, tikuv mashinalari xaridi, mijoz to‘plash, yaratilayotgan imkoniyatlardan foydalanish va bu yo‘ldagi unga ko‘makchilar to‘g‘risidagi savollariga talaba-yoshlar javob olishdi.
Mamlakatimizda yaratilayotgan imkoniyatlardan odilona foydalanib, o‘z bisnesini yo‘lga qo‘yib, tadbirkorlikni rivojlantirishga qo‘shayotgan xissasi, o‘zining mustahkam irodasi va yuksak matonati bilan boshqalarga namuna bo‘layotgan qishloq ayollarini hunarli va daromadli qilishda ko‘maklashatotgan Dilorom Yo‘ldoshevadek tadbirkorlar bilan bunday uchrashuvlarni doimiy tashkil qilib, yoshlarga ibrat qilishda davom etamiz deydi aniq va tabiiy fanlar fakulteti dekani B.Iraliyev.
Uchrashuv D.Yo‘ldoshevaning quyidagi fikrlari bilan yakullandi, “Men nogiron emasman, oyog‘im bo‘lmasa ham qo‘lim bor, aql-hushim joyida. Shunisiga ham ming shukr”.

Boburjon Xidirov,
Xalq deputatlari tuman Kengashi deputati

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

 “Shuhrat”ga eltgan yo‘l

Muzrabot tumanining chekka qishloqlaridan birida joylashgan 17-umumta’lim maktabida o‘z...

G‘alla ekish start oldi

Angor tumanida 2026-yil hosili uchun g‘alla ekish ishlari boshlab...

Tazyiqsiz kelajak quraylik!

Bugun qizlarning huquqlari, ularning jamiyatdagi o‘rni va teng imkoniyatlari...

Profilaktika kuni – huquq va halollik saboqlari

Mamlakatimizda qonun ustuvorligini ta’minlash, fuqarolarning huquqiy savodxonligini oshirish va...
KunTun
KunTun