Kitob keldi ko‘z o‘ynatib, miya qaynatib…

Date:

Tirnoqlari hamisha kirlanib yuradigan odamni taniysizmi? Unga na issiq yoqadi, na sovuq… U bugunning ta’biri bilan aytganda “pessimist”, “negativchi” … Men ham bundaylarni yoqtirmayman, o‘zim shunday bo‘lsam ham…
Shu deng, shu demasangiz bu… Yoshlar ishlari agentligi ajoyib loyihaning teppasida tikkayib turibdi: “Yoshlar oyligi” munosabati bilan o‘tkazilayotgan “Tashabbuslar marafoni” doirasida “Kitob hashar”. Hashar davomida “1000 kitob” loyihasi doirasida chop etilgan navbatdagi 20 nomdagi kitob hududlarga jo‘natishga tayyorlandi. 59 ming nusxada nashr etilgan ushbu asarlar yaqin kunlarda yurtimiz kutubxonalariga yetib boradi. Bu haqidagi yangilik ushbu sarlavha bilan ijtimoiy tarmoqlarda potirladi: “Jahon durdonalari: navbatdagi 20 kitob yo‘lda”. Endi ko‘ring, ichimga sig‘mayman-da. Yangi kitob tarjima qilinibdi, chop etilibdi, jahon adabiyotidan bahramand bo‘lish imkoni tug‘ilibdi. Bu sevinchni his qilganimni ta’riflaydigan bo‘lsam, o‘sha “Mening o‘g‘rigina bolam” hikoyasida uyiga o‘g‘ri tushgani haqidagi xursandchilikni bo‘lishgisi kelgan boladay suyundim.
Tarvuzning qo‘ltiqdan tushishi ikki xil yakun topadi, yorilishi mumkin, parcha-parcha bo‘lib yegiligi ham qolmaydigan darajada uvol ketishi mumkin. Mening tarvuzim yorildimi-yorilmadimi bilmay qoldim. Zarbani o‘ngim qolib, so‘lib qolib, qansharimga berdi, shekilli, qon bosimim bo‘yimdan oshdiyov. O‘zi uncha lofchimasman. Lekin bir tutsa, Shumbola ortda qoladi-da…
Kitoblar ro‘yxati qo‘limga tushib, tomog‘imda nafasim “probka” bo‘lib qolsa deng… Jahon durdonalari deyilgan kitoblar — magazinchi G‘aybullaning biznesini yuritishi uchun qo‘llan-ma, hayotini izga sola olmay psixologma-psixolog chopishni xush ko‘radigan qo‘shnimiz Sayigul uchun hayot tarzini epga keltirish san’ati, mamlakatlar parchalanishi sirlari, quyosh urishi, global
isish haqida qisqacha, suvsizlik xususida allambalo singari “tor doiradagi global” mavzularga bag‘ishlangan so‘nggi
10 yillikning ilmiy manbalari-da! Ey turqing chiroydan bebahra bo‘lgurlar, kitobxon kitobni nima uchun o‘qiydi, ma’naviy zavq uchun o‘qiydi, bibliokleptoman nima uchun kitob o‘g‘rilaydi, o‘sha kitobning qiymati — adabiy yuki uchun o‘g‘rilaydi-da. Anavi book-sniff (kitobni hidi uchun sevadiganlar) bo‘lganlar ham aza tutayotgandir. Darrov ChatGPT oshnamdan so‘radim, shu kitoblar durdonalarmi deb… U ham tezlikda javob qaytardi: “Mamlakat va mintaqa uchun dolzarb mavzular bo‘lganligi uchun…” Rahmat-e! Menimcha, tarjima qilish uchun kitob tanlaydiganlar ham ChatGPTdan so‘raganov! Ilmiy manbalarni tarjima qilish nechog‘lik kerakligi haqida yozg‘irayotganim yo‘q. Og‘riqlarim qayer-da ekanini analiz, sintez qila olmaydigan darajada jizillayapman-da…
Shu o‘rinda “Yosh kitobxon” tanlovi uchun e’lon qilingan kitoblar ro‘yxatini ko‘rdim.
10-14 yoshli bolalar uchun tavsiya qilingan doston — “Yunus va Misqol pari” 14 yoshdan yuqori kitobxonlarga tavsiya etilganligi e’tiborimni tortdi. Va “temirning jizg‘anagi chiqqanda bosay” deb viloyat bolalar kutubxonasiga “uchdim”. Endi radarga tushganimni gonorardan to‘lasam kerak.
— Bizda “Yosh kitobxon” tanlovidagi kitoblarni topa olmay so‘rab kelishganida yuragim uvishib ketadi, — deydi kitobxonlarga xizmat ko‘rsatish bo‘limi boshlig‘i Nasiba Kilicheva. — Chunki tanlovdagi deyarli 30-40 foizgina kitob bizning kutubxonamizda bor. Tanlovda tavsiya etilgan dostonlar topilmaydi. Hattoki “Mutolaa” ilovasidan ham elektron shaklda topish qiyin.
10-14 yosh toifasidagi adabiyotlarning qirqtadan 14 tasi “Mutolaa”dan ham topilmaydi. Bunisi xolva — 20-30 yosh toifa-sidagi 50 ta adabiyotdan faqat bittasi platformada bor. Savolning qattig‘i — tanlovda kitoblar noyobligiga qarab tanlanadimi?! Ishtirok-chilar “Qo‘rqut ota” kabi kitoblarning har birini qariyb 90 ming so‘mga kamsonli sotuv bo‘limlaridan olishi kerak, xuddi shunday 50 ta kitob. Ehtimol, bu tanlov istagi emas, iqtisodiyot talabidir.
— Bozorlarda kitob sotayotganlarni ko‘rib, ba’zida bola ruhiyatini kitob bilan ham buzish mumkinligini his qilasan kishi, — deydi Nasiba Kilicheva. — Ijtimoiy tarmoqlardagi “trend” kitoblarni bizdan so‘rab kelishadi, men bu kitoblarni bola yoshiga mos bo‘lmaganligi bois bera olmayman. Ular bozordan ushbu kitoblarni bemalol sotib olishadi. Yosh chegarasiga e’tibor berishmaydi. Hozirgi turk adabiyotidan tarjimalar diniy bilimlarni talab qiladi, o‘qish uchun ruhiy tayyorgarlik zarur.
Darhaqiqat, yaqinda
18 yoshdan kattalar uchun mo‘ljallangan “Norveg o‘rmoni” asarini 8-sinf o‘quvchisi qo‘lida ko‘rib, o‘qimang deyishga ham uyaldim. To‘g‘rirog‘i, o‘zim o‘qigan kitob ekanligini bildirishdan xijolat bo‘ldim. Vaholanki, kitob muqovasida 18+ belgisi bor edi. Ba’zan yoshgina trendga yuzlangan kitobxonlarimiz “Binafsha shu’lasi”ni o‘qib, o‘zlarini asar qahramoni Hayo deb tasavvur qilayotgani bir taraf, hali o‘qimayoq “g‘amgin musiqaga video olib “siqilganlar” bir taraf…
— Hozirgi kunda katta yoshdagi kitobxonlar tomonidan ko‘p so‘raladigan adabiyotlar sifatida o‘zbek adabi-yotidan Tog‘ay Murod,
Tohir Malik, O‘lmas Umarbekov, Zulayho Masharipova, Javlon Jovliyev, Komil Sindarov,
Said Ahmad, O‘tkir Hoshimov, Odil Yoqubovlarni alohida ta’kidlash mumkin, — deydi Nasiba Kilicheva. — Jahon adabiyoti durdonalaridan D.Defo, Remark, Chingiz Aytmatov, Artur Konan Doyl, Chexov, Pushkin, Tolstoy, Dostoyevskiylar eng ko‘p izlanadigan adabiyotlardir.
Ana endi peshonam-ning chuqur ajinlarida terim sizib, o‘sha yigirma
kitob o‘rniga bolalar uchun Kennet Graham-ning “Majnuntollardagi shamol”, Syuzen Kuperning “Zulmat ko‘tarilmoqda”, Rassel Hoban-ning “Sichqon va uning bolasi” singari bolalar adabiyoti durdonalarini tarjima qilsa, yaxshiroq edi deya azoblanaman… Hechqursa, xalq doston-larini yangicha dizayn va suratlar bilan, tushunarli tilda nashr etish foyda bo‘lsa foydadir, zarar qilmasdi. Tor doiradagi kitoblardan ko‘ra xalq ma’naviyati uchun ayni muddao bo‘lardi-da… Shunchalar ham tor doirani nazarda tutarkansiz, respublika bo‘yicha jami 25 558 nafar ko‘zi ojiz nogironligi bo‘lgan shaxslar bor — ular uchun dolzarbroq va manfaatliroq bo‘lgan brayl alifbosidagi kitob chop etilishida bosh-qosh bo‘ling. O‘shanda kitoblar so‘rab kelinsa, kutubxonachilarning yuzi qizarmasdi, audiokitob-lardan beziganlarning qog‘ozlarda ziyo socha-yotgan kitoblarga seza-yotgan ehtiyoj qondirilgan bo‘larmidi?! Magazinchi G‘aybulla bilan ruhshu-noslarning doimiy mijozi
— Sayigulning o‘qigisi kelsa, kitoblarini o‘zi topib o‘qiydi. Minglab talabgorlar izlayotgan kitoblarga ehtiyoj bo‘lganda yangi nomdagi adabiyotlar ham kerakmas, millatni uyg‘otayotgan asarlarning adadini oshiring, xolos.
Haqsiz, global isish dolzarb, suvsizlik ahamiyatli, mamlakatlar tanazzuli sabablari ham avlodlar uchun muhim, ammo badiiy saviyasi oshmagan, mutolaaning hadisini olmagan kishi bu kitobingizni ham o‘qimaydi. Shunday ekan, kir tirnoqlarimning ichini tozalashim mumkin, faqat ichimni emas deyman-u Sizdan yuzaki uzr so‘rayman, kechiring!

Negativchi

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Kitob keldi ko‘z o‘ynatib, miya qaynatib…

Tirnoqlari hamisha kirlanib yuradigan odamni taniysizmi? Unga na issiq...

Oltmish yillik hayajon

Inson umrining eng beg‘ubor va unutilmas fasli — bu...

Imkoniyat bisyor, sharoit tayyor — yangi-yangi imtiyozlar bor

Talabalik — oltin davr deyishadi, biroq qaysi talaba bilan...

Xalqaro  markaz  zamonaviy kasb o‘rgatadi

Mehnat bozorida raqobatbardosh, zamonaviy texnologiyalarni puxta egallagan mutaxassislarga bo‘lgan...
KunTun
KunTun