O‘zbekistonda tadbirkorlik uchun yer va ko‘chmas mulkni ijaraga berish tartibini yanada takomillashtirish rejalashtirilmoqda. Yangi mexanizmlar tadbirkorlar uchun qulay sharoit yaratish, ijara munosabatlarini soddalashtirish va ijarachilar huquqlarini kuchaytirishga qaratilgan.
Prezident farmoniga muvofiq, tegishli qonun loyihasi 2026-yil oktabr oyi oxirigacha ishlab chiqiladi. Unda auksion orqali ijaraga olingan yer maydonlarini boshqa tadbirkorlarga ikkilamchi ijaraga berish huquqini joriy etish, ko‘chma savdo obyektlarini joylashtirishga ruxsat berish hamda tadbirkorlik faoliyati uchun “tijorat ijarasi” toifasini belgilash nazarda tutilmoqda. Shuningdek, ijara shartnomalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibini soddalashtirish, ijara haqini tomonlar kelishuvi yoki shartnomadagi indeksatsiya mexanizmi asosida o‘zgartirish hamda obyekt sotilganda yangi mulkdorning amaldagi ijara shartnomasi bo‘yicha huquq va majburiyatlarini avtomatik qabul qilishi belgilanadi.
Muhim jihatlardan yana biri — ijarachi tomonidan obyektga kiritilgan investitsiyalarni qoplashning huquqiy kafolatlarini kuchaytirishdir. Bundan tashqari, jismoniy shaxs o‘ziga tegishli ko‘chmas mulkni o‘ziga tegishli yuridik shaxsga ijaraga yoki tekinga foydalanganlik uchun berganda, ijara to‘lovining eng kam miqdori qo‘llanmaydi. Mazkur yangiliklar ijara munosabatlarini yanada shaffof va qulay qilish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash hamda biznes uchun yangi imkoniyatlar yaratishga xizmat qiladi.

