Tailanddan tashrif: Taassurotga boy,targ‘ibotga tashabbus,tashviqotga turtki

Date:

Viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov Tailand qirolligi Buddaviylar Oliy patriarxi o‘rinbosari Siriphrommakhun Phrathepprasitthimon, Tailand qirolligining sobiq bosh vaziri, “Pxiya Txai” partiyasi asoschisining maslahatchisi Prem Truyeknonda va viloyatning Tailanddagi turizm elchisi Phansak Boonsophonponglarni qabul qildi.Uchrashuvda Surxondaryo zaminida saqlanib qolgan ko‘plab buddizm obyektlariga har yili Tailand, Xitoy, Yaponiya, Indoneziya va Koreya kabi davlatlardan 10 mingga yaqin sayyohlar tashrif buyurishi, o‘zlarining kichik diniy amallarini bajarishi qayd etilib, sayyohlar oqimini
50 mingga yetkazish, buddizm arxeologik yodgorliklarini restavratsiya qilishda Tailand qirolligi investitsiyalarini jalb etish masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar muhokama qilingan masalalar yuzasidan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish hamda kelgusida o‘zaro ishonchli muloqotni davom ettirgan holda istiqbolli kelishuvlarga erishilishini qayd etdi. Shundan so‘ng, Tailand delegatsiyasi viloyatdagi qadimgi Kushonlar saltanatiga oid Fayoztepa budda monastir ibodatxonasi, Qoratepa budda g‘or ibodatxonalar majmuasi va Zurmala stupasi bilan tanishdi.
Surxondaryo viloyati hokimi o‘rinbosari — viloyat turizm boshqarmasi boshlig‘i Jo‘rabek To‘rayev viloyatda o‘tmishdan saqlanib qolgan arxeologik yodgorliklar va ularni saqlash, sayyohlar uchun zamonaviy sharoitlar yaratish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi. Arxeolog olim To‘xtash Annayev dunyo qadimshunoslari va sayyohlarda katta qiziqish uyg‘otayotgan buddaviylik obidalari tarixini o‘rganish, xorijiy davlatlar hamkorligida olib borilayotgan arxeologik qazishmalar va topilmalarni qayta tiklash, ilmiy tadqiq etishga qaratilayotgan e’tibor hamda bu noyob inshootlarning boy tarixga ega madaniyatini o‘rganishdagi ahamiyati to‘g‘risida fikr almashdi.
Birinchi manzilda mehmonlar Fayoztepa — milodiy I-III asrlarga oid budda monastir ibodatxona majmuasi (vixara) bo‘lgan bo‘lishsa, keyingi manzilda Eski Termizning shimoli-sharqiy qismidagi Qoratepa yodgorligida bo‘lishdi. Ibodatxonalar yoki boshqa muqaddas joylar ichi mavzuli va naqshinkor bezaklar, loyganch, ganch, tosh haykali bilan bezatilgan majmua mehmonlar hayratini oshirdi.
Eski Termiz sharqidagi Zurmala yodgorligi ham delegatsiya e’tiboridan chetda qolmadi. Kushonlar davri saltanatiga oid ushbu buddaviy stupa ibodat va muqaddas qoldiqlarni saqlash maqsadida barpo etilgan. Tashqi ko‘rinishi ko‘p qavatli, qubbali, soyabonli tojli minora ko‘rinishida bo‘lgan. Hozir balandligi 13 metrni tashkil etadi. Qadimda balandligi 16 metrdan kam bo‘lmagani aytiladi. Mehmonlar Fayoztepa majmuasida Tailandning Visaxa Bucha kuni diniy bayramiga bag‘ishlab, ibodat marosimini o‘tkazdi. Zurmala stupasida yodgorlik tarixiga oid ilmiy muhokama, mediativ amaliyot va kechki sayr tashkil etildi.
— O‘zbekiston, ayniqsa, Surxondaryo buddaviylik yodgorliklari saqlanib qolgan muhim joy, – deydi Tailand qirolligi Buddaviylar oliy patriarxi o‘rinbosari Siriphrommakhun Phrathepprasitthimon. — Biz qadimiy bu yurtga obidalar bilan yaqindan tanishish va Tailandga qaytgach, bu yodgorliklarni targ‘ib qilish uchun mamlakatimizdagi eng mashhur rohiblarni olib keldik. Boy taassurotga ega bo‘lgan rohiblarimiz tegishli tashviqot ishlarini olib borib, sayyohlar oqimini ko‘paytirishga o‘z hissalarini qo‘shishiga ishonamiz.

“Surxon tongi”

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

“Xayr bog‘cha – salom maktab”

Viloyatimizning barcha maktabgacha ta’lim tashkilotlarida "Xayr bog‘cha – salom...

Yong‘in 14 soatda o‘chirildi

Boysun tumanidagi “Kengdala” o‘rmon xo‘jaligi bo‘limiga qarashli archazorlarga tutash...

TerDU: targ‘ibot tadbirlari Boysunda

Yurtimizda oliy ta’lim dargohlari soni yil sayin oshib bormoqda....

“Yozgi sog‘lomlashtirish — muhim davr”

Uzun tumanidagi 4-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida “Yozgi sog‘lomlashtirish...
KunTun
KunTun