Esingizdami, 1999-yil 16-fevralda Toshkentdagi terrorchilik hujumlari yoki 2005-yil 13-maydagi Andijon voqealari, Surxondaryo viloyatiga terrorchi guruhlar bosqini…
Bu kunlar mamlakatimiz tarixidagi eng og‘ir davrlar edi va xalqimiz sinovli kunlarni boshidan kechirgandi. Ana shunday kunlarda ko‘ksini qalqon qilgan yurtning alp o‘g‘lonlari mardonavorlik ko‘rsatishdi. Hujum-u bosqinlarni yengishib, xalqni, davlatni terrorchilardan qutqargan edi.
Terrorchilarga qarama-qarshi chiqish, ularni zararsizlantirish hammaning ham qo‘lidan keladigan ish emas, ammo Baxtiyor Nurmuxamedov boshliq guruh buning uddasidan chiqa oldi. Ayniqsa, u rahbarlik qilgan tergov guruhlari IIV va MXX organlari bilan hamkorlikda terrorchilarga nisbatan jazo muqarrarligini ta’minlashda muhim rol o‘ynadilar.
Ana shunday qahramonlar har doim ham bo‘ladi. Ular biz bilan hamqadam, hamnafas yashaydi. Ularning yuragidagi olov, otash ularni katta ishlarga, qahramonliklarga boshlaydi. Bu esa siz-u biz uchun katta ibrat maktabi vazifasini o‘taydi. Ulardan o‘rganamiz, ulgi olamiz. Farzandlarimizni, yosh avlodni ana shunday ruhda tarbiyalashga, ruhiyatini botir qilishga urinamiz.
Gap Baxtiyor Nurmuxamedov haqida borar ekan, qahramonimiz yuqoridagi xizmat burchini bajarishda ko‘rsatgan jasorati va mardligi uchun davlat rahbari tomonidan III darajali davlat adliya maslahatchisi hamda general unvoniga munosib ko‘rildi. 1996-yilda esa “Jasorat” medali bilan taqdirlangan edi.
Yarim asrdan beri 5-iyun sanasi mamlakatimizda qonunchilikni mustahkamlashda, jinoyat-chilikka qarshi kurashishda, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilishda o‘z jonini ayamagan, yuqori darajali malakasi va qat’iyatli qonun himoyachisi, mehribon ota, qadrli do‘st, III darajali davlat adliya maslahatchisi Baxtiyor Nurmuxamedovning tavallud ayyomini nishonlar edik. Afsuski, so‘nggi yillarda biz ushbu tavallud kunni do‘stimizsiz qarshi olmoqdamiz… Bu barchamiz uchun juda katta yo‘qotish. Lekin hamma narsa Allohning irodasi bilandir.
Baxtiyor Nurmuxamedovning nomi O‘zbekiston prokuratura organlarida ko‘p yillik halol va sidqidildan qilgan xizmati, kasbiy faoliyatidagi obro‘-e’tibori bilan bog‘liq. Do‘stimiz fidoyi huquqshunos va malakali prokuror edilar.
Prokurorlik faoliyatini Jizzax shahri prokuraturasida tergovchi lavozimidan boshlab, keyinchalik poytaxt prokuraturasida yordamchi, tuman prokurori, Bosh prokuror yordamchisi, bo‘lim boshlig‘i, Toshkent shahar prokurori o‘rinbosari, Toshkent viloyati prokurori birinchi o‘rinbosari, Surxondaryo viloyati prokurori, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori o‘rinbosari, Samarqand viloyati prokurori lavozimlarida samarali ishladi. Faoliyatining so‘nggi kunlarini Toshkent viloyati prokurorining o‘rinbosari lavozimida ishlash davrida og‘ir xastalik sabab vafot etdi.
Do‘stim — qayerda ishlagan bo‘lmasin, u yuksak kasbiy mahorat, halollik, shaxsiy javobgarlik va prinsipiallik kabi fazilatlari bilan ajratib turar edi. Or-nomus, insof va adolat hayotiy shiori edi.
Prokuror nazoratining tashkil etilishi, kadrlar tanloviga oid muhim masalalarda uning fikri rahbarlar fikridan ajralib tursa-da, hech qachon o‘z prinsiplaridan chekinmadi. Baxtiyor Nurmuxamedovning shu fazilatlari tufayli ko‘plab malakali prokuror-tergovchilar o‘z lavozimlarini saqlab qolganlar va bugungi kunda aksariyati ham prokuratura organlarida sharaf bilan xizmatlarini davom ettirmoqdalar. Uni buzib bo‘lmasdi, u xohish va irodasiga qarshi hech narsani qabul qilmasdi.
Baxtiyor Nurmuxamedov Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Yevropa Xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti kabi nufuzli xalqaro tashkilotlar doirasidagi anjuman va forumlarda O‘zbekiston nomidan ishtirok etib, mazmunli ma’ruzalar o‘qidi. U prokuratura xodimlari uchun yuksak kasbiy va ma’naviy fazilatlar namunasi edi.
Do‘stimiz oilaparvar va sadoqatli do‘st edi. Do‘stligimiz haqida Abu Homid al-G‘azzoliyning so‘zlari juda mos tushadi: “Haqiqiy do‘st — u bilan suhbat qiziq, judolikda u sizni unutmaydi, dardda ham, shodlikda ham o‘zgarmaydi, yoningizda ham, yo‘qligingizda ham sodiq qoladi”.
Uning asosli fikrlari, dono so‘zlari, murosasizligi va mehribonligi uchun hurmat qilardik. Turmush o‘rtog‘i Zulfiyaxon bilan hamma havas qiladigan, baxtli oila bo‘lib yashadi, faxrlanishga arzigulik farzandlar tarbiyalashdi.
Do‘stim va hamkasbim haqidagi xotiralar doim qalbimizda yashaydi.
Erkin Abzalov,
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuratura faxriysi,
3-darajali davlat adliya maslahatchisi