Ota

Date:

Mustafo merganning xotini o‘lib qoldi. Yuragi bir sanchdi-yu, xayrlashishga ham ulgurmadi. Mustafoning boshi qotdi. 55 yosh qari desang, qarimas, yosh desang yoshammas. O‘g‘illarini uylantirgan, qizlarini chiqargan. Yurdi, yurdi, oxiri zerikdi, o‘ttizdan oshib, qirqqa yetmagan bir beva chiqqandi, bolalarining hay-haylashiga qaramay, shartta uylanib oldi. Uylanib to‘g‘ri qilgan ekan, hayoti jonlanib ketdi. Yuziga qon yugurdi, egni but, qorni to‘q, tanasi yayradi. Kunda kunora yangi xotin bilan yetaklashib bozorga boradi, sarxil mevalardan oladi, kelinning ko‘ngli tusagan ko‘ylaklarni olib beradi, qiziq-qiziq hangomalar  aytib, chaqchaqlashadi, joni boricha urinib, yosh xotinining ko‘nglini ovlashga tirishadi. 

Ammo…

Katta qizi u yo‘qligida kelib, rosa janjal ko‘taribdi, nega onamni ko‘ylaklarini kiyding deb, yumdalabdi, yerga yotqizib uribdi, ustidagi kiyimlarini yirtib tashlabdi. Mustafo avvaliga ishonmadi. Bu hol ko‘p bor takrorlandi. Qizi oxiri Mustafoning o‘ziga ro‘baro‘ bo‘ldi:

— Nega onam bilan biror marotaba bozorga yetaklashib bormagansiz? Nega onamni uzuklarini bu megajin taqib yuribdi? Onamdan qolgan sirg‘alarni nega bu qulog‘iga osib, hammaga ko‘z-ko‘z qiladi? Nega bunga har kuni bitta yangi ko‘ylak olib berasiz? Uyimizdan ketsin bu… Agar ketmasa, men o‘zim  bo‘g‘ib o‘ldiraman!

— Qizim, men baxtli yashayotganimdan, sen baxtli emasmisan? Hammang uy uyingga ketasan, men ovqatsiz qolib ketdim, hech biring meni o‘ylamading, ustim kir, paypog‘im sasigan, o‘zim yuvdim, o‘zim choy qo‘ydim. Bilasan, onangni bir umr boshimda ko‘tarib yurdim, lekin taqdir ekan, ayrilib qoldim, bu ayolga ermakka uylanganim yo‘q, hali yashashga majbur ekanim uchun, uylandim. Meni hurmat qilsang, uni  hurmat qil, meni ovuntirib yurgani uchun unga rahmat ayt, yaqinda farzandli bo‘lamiz, bu uyni shu o‘gay  onangga xatlab beraman, agar bu xonadondan oyog‘ingni uzilishini istamasang, o‘gay onang bilan murosangni to‘g‘rilab ol.

Qiz murosaga ko‘nmadi. Mustafo mergan yo‘qligida ukalari bilan kelib, o‘gay onani to qornidagi bolasi tushguncha yumalatib tepdi. Mustafo mergan o‘n kun shifoxona ostonasida yotdi. Bolalarining qilmishi uchun o‘n kun qon yig‘ladi. Soqollari o‘sib, cho‘pday ozib ketdi. Bolalarining birortasiga qayrilib qaramadi.

Xotini shu-shu o‘nglanmadi. Yana bir yilga yaqin yashadi. Rangi sap sariq bo‘lib, bu yorug‘ olamni tark etdi. Mustafo tobut ortidan yalangoyoq, yalangbosh, kiyimining tugmalari qadalmagan aftoda bo‘zlab bordi. Birinchi xotini o‘lganda, jimgina ko‘z yosh to‘kkan bo‘lsa, bu xotini o‘lganda o‘kirib faryod chekdi. Uning dod-u faryodiga butun qishloq ahli yig‘ladi. Bolalari kiygazgan choponni loyga uloqtirdi. Ko‘kragiga mushtlab, yuzini timdalayverganidan, a’zoyi badani mamataloq bo‘lib ketdi. Shundan so‘ng, Mustafo mergan  ko‘p yashamadi. Qabristonga oyoqyalang qatnay-qatnay qabr tepasida o‘lib qoldi. Ertalab qabrni quchoqlab tarashaday qotib yotgan holatda topishdi.

Oradan yillar o‘tdi. Odamlar bu voqealarni allaqachon unutib yuborishgan bo‘lardi. Ammo bu voqealarni bot-bot esga solib turadigan narsa shuki, Mustafoning o‘limidan so‘ng, ko‘p o‘tmay, katta qizi bir qo‘l, bir oyog‘i shol bo‘lib, o‘n besh yil falaj yotdi. Mustafo aytganiday o‘limni orzu qila-qila Haqqa jon omonatini topshirdi. Xudo ham uning jonini o‘n besh yil olmadi. Qiz, o‘n besh yil it azobida yashadi. Ikki ukaning ham xotini o‘lib, o‘n besh yil, hech kim qiz bermadi. Muhammad Ismoil

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Xavfsizlikni ta’minlash muhim qadam

Bugungi kunda mamlakatimizda aholi xavfsizligini ta’minlash, turli favqulodda vaziyatlarning...

RUXSATNOMA OLMAY  FOYDALANMANG!

“O‘zkomnazorat” inspeksiyasi viloyat hududiy sho‘basi, viloyat Elektromagnit moslashuv xizmati...

“E-auksion.uz” — ochiq savdo maydoni

Bugungi tezkor hayotda har birimizning xayolimizda turli biznes g‘oyalari...

Kamchiliklar bartaraf etildi

Jarqo‘rg‘on tumanida davlat tilining nufuzini oshirish, uni hayotimizning barcha...
KunTun
KunTun