O‘g‘il uy qurish taradudida yuribdi. Har kuni hisoblaydi-chamalaydi, yangi hovlining qayeriga nima qurishni mo‘ljallaydi, xonalar sonini chamalaydi. Har kuni ko‘chaga-chiqib kirganda, ota-onasi yashaydigan xona derazasi oldiga borib, ular bilan salom-alik qiladi. Buni qarangki, o‘g‘il har kuni o‘sha xona oldidan kam deganda besh-olti marotaba o‘tsa-da, deraza oynalaridan biri singani, shabadani to‘sish uchun oynasiz romga yostiq tiqib qo‘yilganini “ko‘rmaydi”…
To‘y boshlaganidan beri ayolning oromi yo‘q. Har kuni eriga allanimalarning ro‘yxatini tutqazadi-da, gap orasida “Qiz uzatish osonmi?!” deb qo‘yadi. Tilla taqinchoqlar-u chinni idishlarni bir necha marotaba almashtirdi “modadan qolgan” emish. Parda, mebellar, kelin-kuyov sarpolarini xorijdan olib keldi. Ona bir chetda mung‘ayibgina o‘tiribdi. To‘ng‘ich nevarasining ham to‘yi ko‘ngliga sig‘mayotgani shundoq yuz-ko‘zidan sezilib turibdi. Nabirasi — o‘g‘lining o‘g‘li og‘ir kasallikka chalingan, operatsiyasi uchun katta miqdorda pul kerak ekan. O‘g‘li boshi qotib, uncha pulni qayerdan topishni o‘ylab ezilyapti. Bolasi farzandining dardida ezilayotgan onaning ko‘ngliga to‘y sig‘sinmi? “Qizim, shuncha pulni bugun urf bo‘lib ertaga eskiradigan matohlarga sarflaguncha, ukangga ber, o‘g‘lini davolatsin, savobidan ham sen, ham farzandlaring bahramand bo‘ladi” degan ifodani onasining ko‘zidan o‘qiyolmayotgan ayol esa dabdaba vasvasiga g‘arq bo‘lgan…
Besh nafar farzandi bor. Besh bolani tarbiyalab, o‘qitib elga qo‘shdilar. Orzu-havasli to‘ylar qilib uylantirdilar, uzatdilar. Uylar qurib, beshik to‘ylar qilib farzandlari oldidagi qarzlarini uzdilar. “Bolalardan tinchidik, Xudoga shukur”, deganlarida qarashsa, yetmishni qoralab qo‘yishibdi. Endi to‘y-marakalarda keksa otaxon-onaxon deya ularni to‘rga o‘tirg‘izib e’zozlashadi. Muborak haj ziyoratiga borayotganlar mahallaning yoshi ulug‘, pir-u badavlat keksalari deya ulardan fotiha olishadi. Shunday kezlarda otaning ham, onaning ham ko‘nglida “Qaniydi, bizga ham shunday ulug‘ ibodatga borish nasib etsa” degan xo‘rsiniq aralash ilinj uyg‘onadi. Bolalar esa omonat dunyo havaslari va tirikchilik tashvishlarining asiriga aylangan, ota-onasining keksa qalbidan kechayotgan orzulardan bexabar…
Mulohazalarimiz ko‘zgusidagi qiyofalar aksini taniyapsizmi, yurtdoshim? Ular men, siz, hammamiz. Ba’zan uzoqdagi ota-onamizga birrovgina qo‘ng‘iroq qilib qo‘yishga vaqt topmaydigan, “ishi ko‘p”, “bosh qashishga vaqti yo‘q” odamlar…
Erta bir kun siz-u biz ham qariymiz. Ota-onamiz va yon-atrofdagi keksalarga mehr-muruvvat ko‘rsatish bilan farzandlarimizga ibrat bo‘laylik. Bugungi amallarimiz pir-u badavlatlik va keksalik huzur-halovatimizning tamal toshlariga aylansin.
U. AZIZ