Insonning salomatligi ko‘p hollarda u iste’mol qilayotgan oziq-ovqat mahsulotlariga bog‘liq, ya’ni sarxil va sifatli meva-chevalardan iste’mol qilgan insonning nafaqat salomatligi a’lo darajada, hatto fikrlash darajasi ham yuqori bo‘ladi. Inson butun umri davomida sog‘lom turmush tarziga amal qilishga intiladi. U hayoti davomida uchraydigan turli xil zararli illatlardan o‘zini himoyalash bilan bir qatorda, oila a’zolari, yaqin qarindoshlari, mahalladoshlari-yu, yurtdoshlarini sog‘lom turmush tarziga targ‘ib qilib yashaydi. Inson sog‘lom turmush tarziga qanchalik darajada amal qilmasin, uning sihat-salomatligida tashqi omillar ham muhim rol o‘ynaydi.
Insonlar o‘zaro muloqotlar davomida individuallik sarhadlaridan oshib, ijtimoiy hamjamiyatlar sari intilarkan, ularning birikuvidan yaxlit bir ongli, adolatli jamiyat paydo bo‘ladi. Bunday jamiyatlarda fuqarolarning haq-huquqlari teng, ijtimoiy adolat asosiy tamoyil o‘laroq qadrlanadi.
Dunyoda aholi ko‘paygani sari oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan talab ham kun sayin o‘sib boraveradi. Oziqlanish zanjiri shu kamtargina ona zamindan boshlanadi. Bobodehqon mehnat qilib yerni boqarkan, yer ham o‘z navbatida butun tirik jonzotlarni oziqlantiradi. Tiriklik zanjiri shu tariqa yuzaga keladi.
O‘zingizga ma’lum, bozorlardagi to‘kinlikni ta’minlash asosan dehqon, bog‘bon va chorvadorlarimizning zimmasiga tushadi. Tabiiyki, har bir kasb egasi o‘z sohasi bo‘yicha yetishtirayotgan mahsulotining sifati uchun mas’ul hisoblanadi. Bu jarayonda, eng avvalo, sohibkorlarimiz shunchaki cho‘ntak qappaytirishni emas, bil’aks, aholi salomatligini o‘ylashlari kerak. Deylik, dehqon qovun yoki tarvuz eksa-yu, kimyoviy dorilarni me’yoridan ortiq ishlatish evaziga boylik orttirishni o‘ylaydigan bo‘lsa, bu odamgarchilikka zid keladi. Dehqon bu orqali o‘z qavmdoshlarini zaharlagan bo‘ladi.
Har bir inson qilayotgan ishidan daromad ko‘rishdan tashqari, ezgu va savob ishlarni ko‘zlashi kerak. Zero, xalqni rozi qilish yo‘lidagi uning har bir xatti-harakati Vatan ravnaqiga hissa bo‘lishi mumkin.
Sir emaski, qishloq joylarda aholi asosan chorvachilik bilan shug‘ullanadi. Aholi xonadonlarida deyarli barchasida qo‘y-echki yoki qoramol bor. Xalq orasida, “Molning tuyog‘idan qattiq odam mol boqadi”, degan maqol bor. Go‘sht rastalarida go‘sht narxining balandligi boisi ham chorva mollarini parvarishlashning qiyinchiliklariga borib taqaladi. Sotuvda yem-xashak qimmat, buning ustiga boquvdagi chorva mollari doimiy ravishda yem yeyishi talab etiladi. Aks holda, semirmaydi. Endi tasavvur qiling, ne bir orzu-umidlar bilan parvarishlayotgan 200-300 kilogramm vaznli qoramolingiz to‘satdan kasallanib qolsa, ne ko‘yga tushasiz? Tuzalsa-ku, xo‘b-xo‘b, nobud bo‘lsa, dard ustiga chipqon deganlaridek, xonadon sohiblarining kayfiyatiga va oila byudjetiga salbiy ta’sir qiladi. Ana shunday kezlarda ba’zi bir fuqarolar nobud bo‘lgan qoramolni qassoblarga arzon garovga o‘tkazishga harakat qilishadi. Albatta, bu to‘g‘ri emas.
Harom o‘lgan mol go‘shtini iste’mol qilish ham tibbiy, ham diniy tomondan taqiqlangan. Boshiga kelgan musibatdan alamzada kimsalar arzimagan pul evaziga ko‘plab vatandoshlarning luqmasini harom qilishayotganligi haqida jinday bo‘lsa-da, o‘ylab ko‘rishganmikan?
So‘nggi oylarda viloyatimizning aksariyat tumanlarida tarqalgan yuqumli kasallik tufayli qoramollar nobud bo‘layotganligi haqidagi gap-so‘zlar tez-tez quloqqa chalinmoqda. “Mol achchig‘i — jon achchig‘i”, deydi dono xalqimiz. Nima bo‘lganda ham kishi o‘z zararini o‘zgalarning salomatligiga putur yetkazish evaziga qoplamasligi kerak. Eng achinarlisi nima, bilasizmi?
Har bir qishloqda azaldan kasal va o‘laksa mollarning savdosi bilan shug‘ullanadigan ayrim yaramas, qo‘shtirnoq ichidagi “qassob”lar bor. Xullasi kalom, “qassob”lar omon bo‘lsa, kasal yoki o‘laksa go‘shtini biroz arzonroqqa pullaysiz, ammo butkul “kuyib” qolmaysiz. Xudo biladi, hojatbaror qassoblar bu o‘laksa go‘shtini qaysi “xaridor”ga yetkazib berishmoqda? Kasal, o‘laksa molning go‘shtini iste’mol qilgan odamlarda ham bu kabi yuqumli va xavfli kasalliklar qo‘zg‘ashi, og‘ir asoratlarga olib kelish ehtimoli juda yuqori.
Qoramoli kasallangan fuqarolar birinchi navbatda qishloqlarda faoliyat ko‘rsatuvchi veterinar — mol do‘xtiriga murojaat qilishadi, ular ham imkoni yetganicha davolashadi, ammo ayrim mustasno holatlar ham bor. Kasal mollarning go‘shti go‘sht do‘konlariga tarqab ketganligi sababli ham hozirgi paytda tumanlarda odamlar mol go‘shtini iste’mol qilishdan cho‘chib qolishgan.
Qishloq joylarda aholi orasida vahima kuchli, ammo mutaxassislarning fikricha, bu borada vaziyat boshqacha; kasallik tarqaganligi rost, ammo hamma-hammasi nazoratga olingan. Jumladan, viloyat Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boshqarmasidan olingan ma’lumotga ko‘ra, 2023-2024-yilning 6 oyi davomida nodilyar dermatit kasalligiga qarshi quyidagi chora-tadbirlar ko‘rilgan.
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra viloyatda 2024-yil 1-yanvar holatiga 1 068 049 bosh yirik shoxli, 2 582 326 bosh mayda shoxli mol, 16 588 bosh ot, 12 549 bosh eshak, 147 bosh tuya, 225 100 bosh it va 5 292 352 bosh parranda mavjud.
Viloyat bo‘yicha barcha tumanlar va Termiz shahar veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish bo‘limlari 724 ta MFYdagi 476 384 ta xonadonga veterinariya xizmati ko‘rsatib kelmoqda. Ularga mahallabay va xonadonbay ishlash uchun Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish bo‘limlaridan 388 nafar mutaxassis, Hayvonlar kasalliklari tashxisi va oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi davlat markazi xodimlaridan 40 nafar mutaxassisdan iborat, 99 ta emlash guruhi tashkil etilgan. Tumanlar va Termiz shahar Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish bo‘limlari tomonidan barcha chorvachilik subyektlariga va aholiga veterinariya xizmatlari ko‘rsatib kelinmoqda.
— Hozirgi kunda nodilyar dermatit kasalligining oldini olish bo‘yicha viloyatimizda quyidagi ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, 2023-yilning 12 oyi davomida 720 304 bosh aholi qaramog‘idagi chorva mollariga, 11 494 bosh fermer xo‘jaliklari chorva mollariga va 2024-yilning o‘tgan 6 oyi davomida 526 636 bosh aholi qaramog‘idagi chorva mollari, 10 268 bosh fermer xo‘jaliklari chorva mollariga nodilyar dermatit kasalligiga qarshi profilaktik emlash ishlari olib borilib, aholi orasida tushuntirish ishlari olib borildi.
Nodilyar dermatit kasalligiga qarshi emlamalar Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi tomonidan doimiy ravishda ta’minlab berilmoqda. Ayni paytda viloyatimizda 259 140 doza nodilyar dermatit kasalligiga qarshi emlamalar zaxirasi mavjud bo‘lib, hozirgi kunda barcha tumanlardagi veterinariya mutaxassislari tomonidan emlash ishlari olib borilmoqda.
Nodilyar dermatit kasalligiga qarshi emlangan hayvonlarda 21 kun ichida immunitet hosil bo‘lib, 9 oy mobaynida kasallikga chalinmaydi, lekin emlangan hayvonlarning ayrim kam darmon (oriq, ozg‘in) larida kasallik yuqqan taqdirda yengil formada o‘tadi, — deydi viloyat Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Abdumalik Yusupov.
Albatta, har qanday muammoning o‘z yechimi bor. Ayniqsa, tibbiyot sohasi yuksak darajada rivojlangan bugungi kunda, kasalliklarga qarshi kurashish vositasi sifatida vaksinalar va turli xil dori-darmonlardan foydalanilmoqda. Bu borada, to‘g‘ri tashxis qo‘yish va o‘z vaqtida ko‘rsatiladigan tibbiy muolaja birlamchi omil hisoblanadi. Har bir kechiktirilgan kun kasallikning rivojlanishi uchun shart-sharoit yaratib beradi. Mutaxassislarning fikriga tayanadigan bo‘lsak, bugungi kunda viloyatimizda haqiqiy ahvol vahima qilarlik darajada emas. Ammo shunga qaramasdan, aholi tomonidan aytilayotgan fikrlarni ham e’tibordan soqit qilmasligimiz kerak. Ba’zan haqiqiy holat bilan statistik ma’lumotlar o‘zaro mos kelmasligi mumkin. Oddiy xalq tilida “gul” deya atalayotgan ushbu kasallik natijasida ayrim hollarda qoramollar nobud bo‘layotganligi haqidagi gap-so‘zlar tez-tez quloqqa chalinib qoladi. Ammo viloyat Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boshqarmasi tomonidan taqdim etilgan ma’lumotnomada bu haqida hech nima deyilmagan. Agar rostdan ham vaziyat viloyat Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boshqarmasi taqdim qilgan ma’lumotdagi kabi bo‘lsa, unda vahimaga o‘rin qolmaydi. Binobarin, haqiqiy holat pardalanadigan bo‘lsa, unda bundan faqat fuqaro jabr ko‘radi.
Viloyat miqyosida maxsus ishchi guruhi tuzilib, har bir mahalladagi veterinarlar orqali qishloq joylardagi qoramoli kasallangan fuqarolarning ro‘yxati shakllantirilib, haqiqiy holat aniqlanishi lozim. Mabodo fuqaroning qaramog‘idagi qoramol o‘lgan bo‘lsa, uni qanday tartibda yo‘q qilganligini kim surishtiradi? Umuman olganda, bu kimnidir qiziqtiradimi, yo‘q?!
Kasallikning oqibati hech kimni qiziqtirayotgani yo‘q. Toki aloqador mutasaddi tashkilotlar tomonidan kushxonalar qattiq nazoratga olinmas ekan, ahvol hali-beri o‘nglanmaydi. Har bir qassob shaxsiy manfaat ilinjida duch kelgan molni so‘yaversa, insonlarning sihat-salomatligiga kim javob beradi? Veterinar vrachlar nari borsa, do‘konga kelib, avvaldan so‘yilgan chorva mollarining go‘shtiga tasdiq muhrini urishadi, xolos. Ayniqsa, o‘laksa go‘shti bilan shug‘ullanuvchi qassoblar alohida nazoratga olinishi kerak, qanaqa mol so‘ymoqda uni kimlarga topshirmoqda?
Veterinariya xizmatining maxsus ko‘rigi va nazorati ostida so‘yilmagan, ruxsatnomasi mavjud bo‘lmagan go‘sht mahsulotlarining oshxonalar va go‘sht do‘konlariga tarqalishining oldi olinishi, bordi-yu, shunday holat aniqlangudek bo‘lsa, ularga nisbatan qattiq chora ko‘rilishi kerak deb hisoblaymiz.
“Salomatlik — tuman boylik”, deyishadi, hech bir fuqaroning o‘z manfaati yo‘lida o‘zgalarning salomatligiga ziyon yetkazishga haqqi yo‘q. Bu kabi holatlar yakka shaxslarning emas, balki butun jamiyatning muammosidir. Shunday ekan, o‘z manfaatingiz yo‘lida o‘zgalarning luqmasini harom qilmang!
Xolmuhammad TOG‘AYMURODOV