Inson tabiatan mo‘’tadillikni yaxshi ko‘radi. Me’yoridan ortiq issiq ham, sovuq ham insonning yashash sharoiti uchun ayrim noqulayliklarni keltirib chiqaradi. Dunyo miqyosida olganda jug‘rofiy joylashuviga ko‘ra, fasllar noto‘kis mamlakatlar ham bor; ularning ayrimlarida doimiy issiq harorat, ba’zilarida esa sovuq havo hukmron. Bunday o‘lkalarda tabiatning bust-butun go‘zalligini ko‘rish amri mahol. Albatta, inson salomatligida yil fasllari va musaffo tabiatning o‘rni beqiyos.
Xalqimizda, “Birni ko‘rib fikr qil, mingni ko‘rib shukr qil!” degan maqol bor. Shunday jannatmonand yurtda yashayotganligiga shukrona keltirib, ayrim notinch va bir qultum suv, bir burda nonga zor mamlakatlarda umrguzaron insonlarning taqdirini ko‘rib, fikr qilmoq kerak, nazarimizda. Shu ma’noda, tinch va osoyishta, to‘rt fasl mukammal kechadigan bizniki kabi yurtlarda yashashni istaydigan odamlar kam deb o‘ylaysizmi. O‘lkamizning betakror tabiati har qanday sayyohni o‘ziga rom qilib qo‘yadi. Uning o‘ziga xos tarovati ko‘rgan kishida hayrat va havas uyg‘otadi. Inson borki, bunday yurtda abadiy yashagisi, davru davron surgisi keladi.
“Har faslning o‘z ziynati bor” deganlaridek, insonlarning ruhiyati ham ushbu tabiat go‘zalliklaridan ilhomlanib, bahra olib, ziynatlanadi. Vitaminlarga boy turli-tuman meva-chevalardan iste’mol qilgan insonning jismu joni quvvatlanib, orom oladi. Surxon vohasi mamlakatimiz janubida joylashganligi tufayli ham yoz fasli issiq va quruq keladi. Bunday jaziramali kunlarda quyosh taftida tovada tuxum qovursa bo‘ladi, degan gaplar aslo mubolag‘a emas. Ayni yoz fasli kelishi bilan maktab muassasalarida ta’til davri boshlanadi. O‘quvchi yoshlar butun yoz oylari mobaynida maroqli dam olib, aqliga aql, bo‘yiga bo‘y qo‘shilib, sog‘lom va durkun holda keyingi o‘quv yiliga tayyorgarlik ko‘rishadi.
Bolalik va o‘smirlik inson hayotida juda muhim palla hisoblanadi. Ushbu davrda sog‘lom turmush tarziga amal qilgan farzandlar kelajak hayoti uchun ham jismonan, ham ruhan o‘zlariga zarur bo‘lgan zaxirani jamg‘arib olishadi. Masalan, o‘smirligi shodu xurram, baxtli, saodatli o‘tgan farzandlar bu hayotdan minnatdor, Vatanga munosib, sog‘lom ruhiyatli insonlar bo‘lib yetishadi. Bunday jismonan va ruhiy barkamol farzandlar el-yurt uchun, jamiyat uchun foydali hisoblanadi. Mamlakatimizda kelajak avlodni munosib kamol toptirish, haqiqiy vatanparvar qilib tarbiyalash borasida ko‘plab amaliy ishlar olib borilmoqda. Jumladan, jazirama yoz faslida o‘quvchi yoshlarni sog‘lomlashtirish va ta’til davrida foydali mashg‘ulotlarga jalb qilish maqsadida har yili rejali ravishda yozgi oromgohlarga jalb qilinadi. Bu kabi oromgohlarning tog‘lardagi so‘lim tabiat bag‘rida joylashganligida ham ulkan hikmat mujassam. Zero, shahar va qishloq joylarda istiqomat qiluvchi aksariyat yoshlar ushbu dam olish maskanlarida ko‘ngilli dam olish bilan birga, o‘ziga xos betakror tabiat go‘zalliklaridan bahramand bo‘lishadi, salomatliklarini tiklashadi. Bu jarayonda bolajonlarda yurtga nisbatan ishonch, muhabbat yanada ziyoda bo‘ladi.
Denov tuman avtomobil yo‘llaridan foydalanish korxonasiga qarashli, Oltinsoy tumanidagi so‘lim tog‘ etagida joylashgan “Katta Vaxshivor” nomli bolalar yozgi dam olish oromgohi haqida ko‘pchilik eshitganu ammo borish nasib qilmagan desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz. Katta Vaxshivor qishlog‘i haqida gap ketganda beixtiyor So‘fi Olloyor hazatlari yodga tushadi. Bu qishloqning fayzi, ko‘rki o‘zgacha. Tabiati go‘zal, musaffo, bulbullar tinimsiz sayrashadi.
Dastlab 1972 yilda oromgoh 180 o‘ringa mo‘ljallab qurilgan edi. Keyingi yillarda qo‘shimcha binolar qurilishi evaziga oromgoh kengaydi. Ayni paytda 320 o‘ringa ega. Bugungi kunda oromgohda 3-navbatda 320 nafar o‘quvchi maroqli dam olmoqda.
— Bizning “Katta Vaxshivor” nomli bolalar yozgi dam olish oromgohimiz shu paytgacha ancha ta’mirtalab holga kelib qolgan edi. O‘tgan 2 oy mobaynida oromgohda katta ta’mirlash va qurilish ishlari olib borildi. Albatta, qilingan sa’y-harakatlar o‘z samarasini bermay qolmadi. 280 million so‘m mablag‘ evaziga yangi oshxona qurildi, eski oshxona qayta rekonstruksiya qilindi. Basseyn qayta ta’mirdan chiqarildi. Omborxona ta’mirlandi. Oromgoh hovlisida yangi favvora qurildi, yoritish tizimi to‘liq yangilandi, 18 ta katta yoritish lampalari o‘rnatildi. 36 million so‘m evaziga kuzatuv kameralari o‘rnatilib, hudud to‘liq nazoratga olindi, — deydi “Katta Vaxshivor” bolalar yozgi dam olish oromgohi direktori Orif Qurbonov. — Ayni paytda oromgohimizda Termiz, Jarqo‘rg‘on, Qumqo‘rg‘on va boshqa tumanlardan kelgan o‘quvchi yoshlar maroqli dam olish bilan birga, tajribali ustozlar qo‘lida turli xil to‘garaklarda mashg‘ulotlarda ishtirok etishmoqda.
Oromgoh hovlisi baland daraxtlar bilan qoplangan. Bir tarafi baland tog‘ cho‘qqqisi bo‘lsa, bir tarafda daryo sharqirab oqib turibdi. Tinimsiz sayrayotgan bulbullarning nag‘masi kishini hayratga soladi. Bu yerlarda o‘suvchi har bir giyoh, ming bir dardga davo. Oromgoh tibbiyot xodimi, vrach Jalol Xidirov hamda feldsher Ziyodulla Hayitov bolalarning salomatligini doimiy nazoratga olishgan. Birinchi yordam uchun dori-darmonlar taxt qilinib, tibbiyot xizmati namunali yo‘lga qo‘yilgan. “Barcha xodimlar burch va mas’uliyatini chuqur anglagan holda o‘z vazifasini chin dilidan bajarsa, hech qanday muammoga o‘rin qolmaydi. Eng muhimi, bu yilgi mavsumni ko‘ngildagidek o‘tkazish uchun barcha shart-sharoit mavjud”, deydi oromgoh vrachi Jalol Xidirov. Ushbu mavsumda dam oluvchilarning aksariyati yosh sportchilardan iborat. Sport bo‘yicha bosh murabbiy Eshonqul Usmonov nazorati ostida mashg‘ulotlar olib borilmoqda. Ayniqsa milliy kurash bilan shug‘ullanuvchi yosh polvonlar salqin tog‘ havosi va yaratilgan sharoitdan unumli foydalangan holda mashg‘ulotlarda faol ishtirok etishmoqda. Kurash murabbiysi Samandar Kamolov, shaxmat-shashka to‘garagi rahbari Rustam Turopov, kasanachilik va to‘qimachilik to‘garagi rahbari Matluba Hotamova hamda musiqa to‘garagi rahbari Holiq Hamidovlar o‘z vazifasiga mas’uliyat bilan yondashmoqda. Oromgoh oqshomlar bolalarning bir umr xotirasida qoladigan betakror madaniy-ma’rifiy, badiiy tadbirlarga boy bo‘lmoqda. Sho‘rchi tuman fol
klor dastasi, Vaxshivor Madaniyat uyining “Sharshara” hamda Denov tuman Madaniyat uyining san’atkorlar jamoasi oromgoh oqshomlarining tarovatli o‘tishiga o‘z hissalarini qo‘shishmoqda.
Joriy mavsum oldidan viloyat hokimligi hisobidan 2 milliard so‘m mablag‘ ajratilganligi evaziga oromgoh hududi to‘liq asfal`tlandi. Oromgoh hududi obodonlashtirilib, ko‘rkam bir qiyofa kasb etdi.
Ayni yoz chillasi bo‘lishiga qaramasdan tog‘ havosi mo‘tadil, kechqurunlari esa ancha salqin bo‘ladi. Oromgohda dam oluvchi bolalarning kunduzgi boy taassurotlari oqshomgi madaniy tadbirlarda yangragan kuy-qo‘shiqlar bilan vobasta bo‘lib, ularga ko‘tarinki kayfiyat ulashoqda.
— Men 3 yildan beri shu oromgohga kelaman va maroqli dam olaman. Har kelganimda yangi do‘stlar orttiraman. Bu yerda guvohi bo‘lganlarim mening hayotimda o‘chmas iz qoldirmoqda. Shunday obod yurtning farzandi ekanligimdan behad minnatdorman. Bizga ko‘rsatilayotgan ushbu xizmatlar uchun oromgoh mamuriyatiga minnatdorchilik bildiramiz, — deydi Termiz tumanidagi 18-umumta’lim maktabi o‘quvchisi Muxlisa O‘rolova.
Oromgohdan qaytar ekanmiz, shunday dorilomon, tinch va osoyishta damlarga shukrona aytib, baxtli bolalikning betakror damlarini so‘lim tog‘ qo‘ynida o‘tkazayotgan farzandlarga chin yurakdan havasimiz keldi.
Xolmuhammad TOG‘AYMURODOV