G‘o‘za parvarishi muhim tadbir

Date:

Joriy yilda bahor fasli nisbatan salqin va seryog‘in keldi. Shu sababli sog‘lom va baquvvat ko‘chat undirib olish, yosh nihollarning rivojlanishi ancha murrakab kechdi. Yog‘ingarchilik tufayli dalalarda me’yoridan ortiq nam to‘planishi, tuproqning ko‘p zichlanishi, aeratsiyaning (havo almashishi) kamayishi, yosh nihollarning ildiz tizimining rivojlanishiga to‘sqinlik qilib, ildiz chirishi, gommoz va vilt kasalliklarining keng tarqalishiga sabab bo‘lmoqda. Tuproqda namlik yuqori bo‘lishi paxta maydonlarida begona o‘tlarning jadal rivojlanishiga qulay sharoit yaratib, har xil hasharotlarning ko‘payishiga (kuzgi tunlam, shira, trips, oqqanot boshqalar) olib keldi. Buning natijasida g‘o‘zaning rivoji o‘tgan yillarga nisbatan 12-16 kunga kechikdi.
Tumanlarda g‘o‘za holati bilan tanishganimizda, may oyining ikkinchi yarmida g‘o‘za asosiy maydonlarida 3-4 ta shona ko‘rsatib, g‘o‘zaning bo‘yi 25-35 sm bo‘lib, 1-2 ta hosil shox paydo bo‘lgan, xolos. Bu, o‘tgan yillarga nisbatan g‘o‘za rivoji 10-15 kunga kechikkanligini bildiradi. Bandixon tumanidagi “Surxon grant frud” fermer xo‘jaligida 80 gektar maydonga ingichka tolali g‘o‘zaning SP-1607 navi ekilgan. Qiziriq tumanidagi Xamkon, H.Eshonov va “Paxtakor” hududlarida ham 30-40 gektar maydonga ingichka tolali g‘o‘zaning “SP-1607” navi ekilgan.
Dalani azotli va kaliyli o‘g‘itlar bilan oziqlantirib, egat oralatib yengil sug‘orish va hasharotlarga qarshi kurashish tavsiya etildi. Ko‘rsatilgan metodik yordamdan so‘ng yuqorida nomi qayd etilgan fermer xo‘jaliklari dalalarida o‘simlik holati yaxshilanganini, g‘o‘zaning rivoji jadallashganini kuzatdik.
Ingichka tolali paxtachilik ilmiy-tadqiqot institutining ilmiy xodimlari har haftada tumanlarda ekilgan ingichka tolali va Xitoy g‘o‘za navlari bo‘yicha monitoring o‘tkazib kelmoqda. May oyida o‘tkazilgan monitoringlarda g‘o‘zaning holatini yaxshilash bo‘yicha qator tavsiyalar, takliflar bildirildi. Ayniqsa Angor, Sherobod, Muzrabot, Jarqo‘rg‘on, Denov tumanlarida berilgan g‘o‘za rivoji bo‘yicha tavsiyalar yaxshi samara bergani monitoringlarda aniqlandi.
Hurmatli fermer xo‘jaligi rahbarlari, paxta hosili tup sonlardan terib olinadi. Qator orasiga ishlov berilayotgan paytda, fermer dalada traktor yonida bo‘lishi maqsadga muvofiq bo‘ladi. Dalada kultivatsiya ishlayotganda tup sonni saqlang. Tup sonning kesilishiga aslo yo‘l qo‘ymang.
Qator oralariga ishlov berishda yosh g‘o‘zalar tagiga har ikki tomondan issiq havo kiradi, tuproqning fizik va mikrobiologik holati, havo almashish va oziqlanishi yaxshilanib, dala begona o‘tlardan tozalanishi ta’minlanadi. Yosh nihollarning ildiz tizimi yaxshi rivojlanadi, o‘simlikda haqiqiy o‘q ildizlar faoliyati yaxshilanib, kasallik va hasharotlardan yaxshi saqlanadi hamda g‘o‘zaning rivoji kuchayadi, g‘o‘za barglari sog‘lomlashib, fotosintez jarayonlari jadallashadi.
Joriy yilda g‘o‘zaning erta ekilganligini hisobga olib, yagonalashda 15-20 foiz, ingichka tolali g‘o‘za navlarida 25-30 foiz tup sonni ko‘proq qoldirish maqsadga muvofiq bo‘ladi. Xorijdan keltirilgan va ingichka tolali cheklangan holda shoxlaydigan navlardan 200-250 ming/ga tup sonni saqlash tavsiya etiladi.
G‘o‘zaning rivojlanishini jadallashtirishda karbamidli eritma bilan (4,0-5,0 kg/ga) barg orqali oziqlantirishni qo‘llash eng samarali usul hisoblanadi, tarkibida makro va mikro elementlar bo‘lgan biostimulyatorni qo‘llash g‘o‘zaning ildiz tizimini kuchli rivojlantirib, kasallik va hasharotlarga bardoshliligini oshiradi. Bunda “O‘zbiogumin” (0,4-0,5 l/ga), “Fitovak” (200 ml/ga), Bioduks (2,0-3,0 ml/ga) kabi preparatlarni 250-300 l/ga suv bilan sepish yaxshi samara beradi. Chizel kultivatorlar bilan chuqur ishlov berish yerni yaxshi yumshatadi, zaminga issiqlik va havo kiritib, tuproq harakatini 2-3 darajaga oshiradi, g‘o‘za rivojini 6-8 kunga tezlashtiradi.

Rivojlanishdan orqada qolayotgan g‘o‘zaning rivojini yaxshilashda yana bir asosiy omil — ma’danli o‘g‘itlar bilan oziqlantirishdan iborat. G‘o‘za shonalash davrida azotli o‘g‘itlarni yillik me’yorini 35-45 foiz, kaliyli o‘g‘itlarni 55-65 foiz va fosforli o‘g‘itlarni 45-55 foiz me’yorda qo‘llash tavsiya etiladi. Qo‘shqatorlab ekilgan va yuqori me’yorlarda tup son qoldirilgan maydonlarda ma’danli o‘g‘itlarning yillik me’yorini 15-20 foizga oshirish tavsiya etiladi.
Sug‘orilgan dalalarda yer tobiga kelishi bilan mayin kultivatsiya o‘tkazish g‘o‘zaning seravj rivojlanishining eng muhim omili sanaladi. Shu sababli g‘o‘zani oziqlantirish, sug‘orish va tuproqqa sifatli ishlov berish zarur bo‘lgan omildir.
Namlik yuqori bo‘lgan dalalarda g‘o‘zaning rivojlanishi holatida g‘ovlab o‘sishi kuzatilganda, o‘simliklarga retardantlarni entojean, ximjean, mepikvat xlorid preparatini qo‘llash yaxshi samara beradi, g‘o‘zani o‘sishdan to‘xtatib, o‘simlikda shona, gul va ko‘saklar sonini oshirishga, ertachi hosil to‘plashga xizmat qiladi. Paxtaning seravj rivojlanishiga harorat, zararkunandalar, shira, trips kabi hasharotlar zarar keltirishining oldini olishda “Bioslin BV”, “Bioslin BT”, preparatini qo‘llash yaxshi samara berishi aniqlangan. G‘o‘zani shira, trips va o‘rgimchakkanadan himoya qilish maqsadida biolaboratoriya mahsulotlaridan oltinko‘z va trixagrammani qo‘llash eng samarali omillardan biri hisoblanadi.
Joriy yilda viloyatimizda paxtadan ertachi va mo‘l hosil yetishtirishda dastlabki poydevor — dalalarda yetarli miqdorda tup son yetishtirilgan, endi galdagi vazifa, oqilona mehnat qilsak, o‘tgan yilgidan-da yuqori hosil yetishtirish imkoniyati mavjud.

O. ALIMARDONOV,
Ingichka tolali paxtachilik ilmiy-tadqiqot instituti direktori,
qishloq xo‘jaligi falsafa fanlari doktori,
M.TADJIYEV,
qishloq xo‘jalik fanlari nomzodi

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

“UY”INI TOPOLMAYOTGAN GAPLARyoxud ijtimoiy tarmoqlar tarbiyasidagi oilalar

Bugungi kunda oilalardagi notinchlik, ajrimlar sonining ko‘payishi nafaqat individual...

EGASIDA QOLGAN SOVG‘A

YAPONIYANING POYTAXTDAN UNCHA UZOQ BO‘LMAGAN BIR QISHLOG‘IDA KEKSA SAMURAY...

Kichik mehmonxonalar qurish va jihozlash uchun subsidiya ajratiladi

Hukumat qarori bilan tuman va shaharlarda kichik mehmonxonalar qurish...

Mamontlar qaytadimi?

AQShda 2028-yilda mamontlarni qayta dunyoga keltirishmoqchi. Mamontchaning tug‘ilishi uchun...
KunTun
KunTun