Xalqaro  markaz  zamonaviy kasb o‘rgatadi

Date:

Mehnat bozorida raqobatbardosh, zamonaviy texnologiyalarni puxta egallagan mutaxassislarga bo‘lgan ehtiyoj tobora ortib bormoqda.  Shu nuqtayi nazardan, Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universiteti qoshida “Surxondaryo viloyati xalqaro kasbiy ta’lim markazi” tashkil etilishi nafaqat hudud, balki mamlakat kasbiy ta’lim tizimi uchun ham muhim ahamiyat kasb etadi.

Mazkur markaz Germaniyaning ilg‘or dual ta’lim tizimi hamda Xitoyning ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasi tajribalarini o‘zida mujassam etadi. Eng muhimi, ta’lim jarayoni “muassasa — korxona hamkorligi” tamoyili asosida yo‘lga qo‘yilib, bitiruvchilarning o‘qishni tamomlagach, yuqori daromadli ish o‘rinlariga ega bo‘lishiga xizmat qiladi.

Loyiha doirasida ingliz va xitoy tillarini chuqur o‘qitish tizimi joriy etilishi ko‘zda tutilgan. Shuningdek, 30 million AQSH dollari miqdoridagi investitsiya hisobidan zamonaviy robototexnika, dronlar va sun’iy intellekt laboratoriyalari tashkil etiladi. Ta’lim sifatini xalqaro darajaga olib chiqish maqsadida Xitoydan 200 nafar malakali mutaxassis jalb qilinishi rejalashtirilgan.

Yangi markazda sun’iy intellekt, zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnologiyalari, elektromobillarni ta’mirlash, to‘qimachilik hamda mexatronika kabi istiqbolli yo‘nalishlarda kadrlar tayyorlanadi. Bu esa nafaqat yoshlarning zamonaviy kasblarni egallashiga, balki hudud sanoati va iqtisodiyotining innovatsion rivojlanishiga ham kuchli turtki beradi.

Mazkur tashabbus Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universiteti rektori Rasul To‘rayev, viloyat hokimligi mutasaddilari hamda Xitoyning “South Asia” ta’lim guruhi vakillari Guo Lijun, Feng Yuan, Hou Le va Du Mingxuan ishtirokidagi uchrashuvda muhokama qilindi. Tomonlar markazni tashkil etish bo‘yicha amaliy vazifalarni belgilab, istiqboldagi hamkorlik yo‘nalishlari yuzasidan kelishuvlarga erishdilar.

Muloqot davomida universitetda yangi energiya manbalari asosida ishlovchi avtomobillar bo‘yicha qo‘shma laboratoriya tashkil etish, professor-o‘qituvchilar almashinuvini yo‘lga qo‘yish hamda qo‘shma ta’lim dasturlarini amaliyotga joriy etish masalalari ham muhokama qilindi. Tashkil etilayotgan xalqaro kasbiy ta’lim markazi yoshlarni zamonaviy kasblarga tayyorlash, ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasini kuchaytirish hamda hududning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish yo‘lida muhim qadam bo‘ladi.

“Surxon tongi”

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Kredit to‘lovi yechilgach, kartada 680 ming so‘m qolishi shart

Markaziy bankning Nizomiga kiritilgan yangi talabga ko‘ra, kredit yoki...

Kamchiliklar muhokamada

Sherobod tumani IIBda 2026-yilning 9 oylik faoliyati yakunlari tanqidiy...

«Baxt ostonasi: Mustahkam oilaning oltin qoidalari»

Sho‘rchi tumanida yosh kelin-kuyovlarni oilaviy hayotga tayyorlash, oilalarda sog‘lom...

Natija quvonarli

Termiz shahrida 20 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il-qizlar o‘rtasida gandbol bo‘yicha...
KunTun
KunTun