Savob muhim… emasmi?

Date:

Bugun ijtimoiy tarmoq hatto o‘z ism-sharifiniyam eplab yoza olmaydigan kimsalar bilan to‘lib-toshgan. Ayrim postlar va kommentariylarni ko‘rib, rosti ko‘ngling ayniydi. Ba’zi blogerlar e’lon qilayotgan matnlardagi xatolardan gapirsangiz, “Hozirgi zamonda surat, video gapiradi, matn oxirgi o‘rinda!” degan o‘ta “donishmandona” va “faylasufona” iboralarni ishlatishadi.
Bir paytlar savodsiz odam savodli kishining oldida haddini bilib, xato qilsa, mulzam bo‘lib o‘tirgan. Endi-chi, savodsizlik go‘yoki faxr-iftixor ramziga aylangandek. Gapirasan, tanqid qilasan, ammo ko‘pchigan sutdek oshib-toshib ketayaptiki, aslo kamaymayapti.
Shunday qusurlarimiz avj olib, rivojlanib turgan bir paytda tilimizga, ma’naviyatimizga bolta urayotgandekmiz. Teatrlardan, gazeta-jurnallardan, kutubxonalardan uzoqlashyapmiz.
“Ma’naviyat kerak emas, internet bor!” deb ayyuhannos solyapmiz. “Matbuot, TV, radio, teatr kerakmas, ular qornimizni to‘ydirmaydi!” deydigan bo‘ldik. Biz qachondan beri qoringa aloqasi bo‘lmagan boshqa masalalar ustiga qora chiziq tortadigan bo‘lib qoldik? Yotib yemoqlik va semirmoqlik qayg‘usi faqat hayvonlarga berilgan emasmi? Inson tafakkur qilish uchun, bilim olish uchun va beshikdan to qabrga qadar ilmini boyitish uchun yaratilmaganmi?
Bepul to‘garaklarning ahvoli xarob. Bolaning qiziqishi bilan ota-onaning ishi yo‘q. Bola tekin adabiyot yoki san’at to‘garagidan olinib, pullik sport to‘garagiga qo‘yilyapti.
Hamma farzandining kelajakda toparman-tutarman bo‘lishini istaydi. Biroq bilimda va tafakkurda, xat-savodda mukammal bo‘lgan avlod nafaqat ota-onasi, balki mamlakat ertasi uchun muhim ekanligini hamma ham tushunib yetmayapti.
Bitta vergulga bepisand qaraganlar — o‘yinchoq deb o‘ylab, atom bombasi tugmasini bosgan bolaga o‘xshashadi.

H.TURDIYEV

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Sog‘lom ona — sog‘lom farzand tarbiyalaydi

Ona — dunyodagi eng mo‘tabar zotlardan biri. Har bir...

Ko‘kalamzorlashtirish ishlari davom etmoqda

Angor tumanida hududlar ozodaligini ta’minlash, ko‘cha va yo‘l yoqalarini...

Kitobxon yoshlar taqdirlandi

Termiz shahridagi 26-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabida yoshlar va...

Uchinchi bosqichga start berildi

Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov boshchiligida videokonferensaloqa shaklida yig‘ilish...
KunTun
KunTun