Bugun mahallalar jamiyat hayotining va islohotlarning boshlang‘ich nuqtasiga aylanmoqda. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan aholi muammolarini aniqlash va hal etish tizimi takomillashtirilib, mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha tuman hokimining yordamchisi, mahalladagi yoshlar yetakchisi, xotin-qizlar faoli, profilaktika inspektori, davlat soliq inspektori va ijtimoiy xizmat xodimlarining hamkorlikdagi faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Ularning vazifalari belgilab berildi.
Mahallalardagi muammolarni hal etishda xalq deputatlari mahalliy Kengashlari deputatlari va senatorlarining “Mahalla yettiligi” bilan o‘zaro hamkorligi tizimli tarzda yo‘lga qo‘yilgan. Xalq deputatlari Jarqo‘rg‘on tuman Kengashi deputatlari o‘zi saylangan saylov okrugidagi mahallalarga biriktirilib, tizimli tarzda faoliyat olib borishmoqda.
Har oyning bir haftasida o‘zi biriktirilgan hududga chiqqan holda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2024-yil 4 apreldagi KQ-706-IV-sonli “Mahallalardagi muammolarni hal etishda xalq deputatlari mahalliy Kengashlari deputatlari va senatorlarining “Mahalla yettiligi” bilan o‘zaro hamkorligini yo‘lga qo‘yish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan belgilangan vazifalarni o‘z muddatida va sifatli tashkil etilishida xalq deputatlari Jarqo‘rg‘on tuman Kengashi amaliy yordam ko‘rsatib kelmoqda.
Birinchi navbatda mahalladagi xotin-qizlarning bandligi holati o‘rganilib, bu borada ayollar tadbirkorligini yangi bosqichga ko‘tarish hamda ularning bandligiga ko‘maklashish bo‘yicha belgilangan vazifalarning ijrosi yuzasidan “mahalla yettiligi” tomonidan joriy yilning 5 oyi davomida amalga oshirilgan ishlar o‘rganildi. Xotin-qizlarni kasb-hunarlarga va tadbirkorlik ko‘nikmalariga o‘qitish, ayol tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash borasida deputatlar tomonidan zarur ko‘rsatmalar berildi. Bundan tashqari, tumanda investitsion dasturlari ijrosi, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, aholi bandligini ta’minlash orqali ularning muammolarini hal etish masalalari muhokama qilinib, sessiya kun tartibida ko‘rilib borilmoqda.
Xolmurod O‘TAYEV,
Xalq deputatlari Jarqo‘rg‘on tuman Kengashi kotibiyati bosh mutaxassisi