Imkoniyat bisyor, sharoit tayyor — yangi-yangi imtiyozlar bor

Date:

Talabalik — oltin davr deyishadi, biroq qaysi talaba bilan suhbatlashmang, abituriyentlik yillarining hayajonini to‘lqinlanib, entikib eslaydi. Chunki bu davr nafaqat qiyin, mashaqqatli, balki yangi hayot ostonasida turgan, kelajak kasbini tanlayotgan kishi uchun ahamiyatli davrdir. Shu bois ham, har yili abituriyentlarni o‘nlab savollar qiynaydi, o‘ylantiradi: “Bu yil qaysi yo‘nalishda o‘tish bali past bo‘lar ekan?”, “Qaysi yo‘nalishga ko‘proq o‘rin ajratilgan ekan?” va hokazo. Joriy yilgi qabul jarayonlari 5-iyun sanasidan boshlandi. Bu yilgi tanlov jarayonlari qanday kechadi? Qanday o‘zgarishlar abituriyentlarni kutmoqda?
— O‘z vaqtida aytilgan maslahat, hattoki tanbeh ham muammoning yechimi bo‘la oladi deyish mumkin. Oliy o‘quv yurtiga o‘qishga kirishni niyat qilganlar uchun to‘g‘ri tavsiya bera olishning o‘ziyoq talaba bo‘lish imkonini yaratadi, — deydi O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Bilim va malakalarni baholash agentligi Surxondaryo viloyati bo‘limi boshlig‘i Yoqub Karimov. — Qaysi soha bo‘lmasin, unda bilimli kadr faoliyat olib borsa, u ishda o‘sish bo‘ladi, o‘nglanish bo‘ladi. Zero, yosh avlodni har tomonlama barkamol etib voyaga yetkazish uchun sarflangan sarmoya jamiyatga o‘n, yuz barobar ko‘p foyda keltiradi.
Darhaqiqat, o‘tgan o‘quv yilida boshlangan “avval test, so‘ng tanlov” tamoyiliga asoslangan amaliyot abituriyentlar uchun foydali bo‘ldi deyish mumkin. Davlat oliy va professional ta’lim muassasalariga (kasb-hunar maktabi bundan mustasno) qabul qilish bo‘yicha imtihonlarning bu tartibda amalga oshirilishi hisobiga abituriyentlar o‘z tanloviga ko‘ra test sinovi natijasida to‘plagan balidan kelib chiqib, dastlab, oliy ta’limning bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga, so‘ng professional ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun tanlovda ishtirok etadi. Oliy va professional ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha kirish imtihonlari iyul-avgust oylarida o‘tkaziladi.
— Davlat oliy ta’lim muassasalari bakalavriatiga qabul jarayoni quyidagi 2 bosqichda amalga oshiriladi:1-bosqichda abituriyentlar har yili 5-iyundan 25-iyunga qadar test sinovi topshirish uchun ro‘yxatdan o‘tadi hamda test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasi, ta’lim tili va test topshirish hududini hamda kirish imtihonlari tarkibida kasbiy (ijodiy) imtihon bo‘lsa, ushbu imtihonni topshiradigan davlat OTMni tanlaydi, — deydi Yoqub Karimov. — 2-bosqichda abituriyentlar test sinovlari to‘liq yakunlanganidan so‘ng 15 kun davomida oliy ta’lim muassasasi, bakalavriat ta’lim yo‘nalishi va ta’lim shaklini tanlaydilar. Texnikumlarda o‘qish istagini bildirgan abituriyentlar texnikum, kasb va mutaxassislik hamda ta’lim shaklini OTMlariga qabulning yakuniy natijasi e’lon qilinganidan so‘ng 10 kun muddatda tanlaydi.
2026/2027-o‘quv yili uchun viloyatimizdan oliy va professional ta’lim muassasalari bakalavriatiga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha o‘tkaziladigan test sinovlarida 60 ming nafardan oshiq abituriyent ro‘yxatdan o‘tishi kutil-moqda. Test sinovlarini yopiq turdagi katta sig‘imli binolarda 10 kun davomida o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.
— Test sinovlarini o‘tkazish uchun viloya-timizda 10 ta yopiq turdagi katta sig‘imli binolar tanlab olindi hamda ularning reja chizmalari tayyorlanib, mahalliy hokimlik va idoralar bilan kelishildi, — deydi Yoqub Karimov. — Joriy yilgi test sinovlari uchun Termiz shahridagi 4 ta muassasaning 5 ta binosida va Denov tumanidagi 5 ta muassasaning 5 ta binosida o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Viloyatda jami 10 ta binoda 1 smenada 3150 nafar, bir kunda 6300 nafar abituriyent uchun joy tayyorlanmoqda.
Ta’kidlash o‘rinliki, test sinovlarini adolatli va shaffof o‘tkazish maqsadida guruh nazoratchiligiga nomzodlarni keng jamoatchilik orasidan ochiq tanlov o‘tkazish orqali tanlab olish yo‘lga qo‘yildi. Shu maqsadda viloyatimizdan joriy yilning fevral oylarida elektron platforma orqali 595 nafar talabgor guruh nazoratchiligiga nomzod sifatida ro‘yxatdan o‘tgan.
— Ushbu talabgorlar uchun maxsus o‘quv mashg‘uloti tashkil etildi va ular o‘quv yakunida test sinovidan o‘tkazildi, — deydi Yoqub Karimov. — Sinovdan muvaffaqiyatli o‘tgan talabgorlar bilan suhbat o‘tkazilib, Termiz shahridan 127 nafar,
Denov tumanidan 53 nafar jami 180 nafar guruh nazoratchisi sifatida tanlab olindi. Bundan tashqari gapirish va eshitishda nuqsoni bo‘lgan abituriyentlarga qulaylik yaratish maqsadida 9 nafar surdotarjimon pedagoglarni test sinovlari jarayoniga jalb etish uchun shartnomalar tuzildi. Ta’lim yo‘nalishlari ro‘yxati va ularga mos test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasi 2025-yil dekabr oyida ma’lum qilingan.
Test topshiriqlari soni, baholash mezoni va javoblar varaqasi namunasi
2023-yil 5-mayda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan tasdiqlangan va ommaviy axborot vositalarida e’lon qilingan.
Abituriyentlar oliy va professional ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun 5-iyundan 25-iyungacha (shu kuni ham) Bilim va malakalarni baholash agentligining rasmiy veb-sayti yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ro‘yxatdan o‘tkaziladi. Agentlik tomonidan abituriyentlar va ularning ota-onalarini qiziqtirgan savollarga javob berish uchun doimiy xizmat ko‘rsatadigan 1195 qisqa raqamli murojaatlar markazi faoliyat yuritmoqda. Abituriyentlarga test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasi hamda fanlar ketma-ketligi bir xil bo‘lgan beshtagacha bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha va turli ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha (masalan: kunduzgi, kechki va masofaviy) tanlovda ishtirok etish huquqi berildi. Abituriyentlarga ro‘yxatdan o‘tish jarayonida tanlangan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari ustuvorligiga qarab, dastlab, davlat granti yoki to‘lov-shartnoma asosida tanlovda ishtirok etish bo‘yicha qo‘shimcha imkoniyat berildi.
— Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan o‘tkaziladigan tegishlicha “Tarbiyachi” va “Hamshira” respublika tanlovlari g‘oliblari Davlat komissiyasining qarori bilan mos bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga tanlovdan tashqari kirish imtihonlari (test sinovlari, kasbiy (ijodiy) imtihon, yozma imtihon)siz qo‘shimcha davlat granti asosida qabul qilinadi, — deydi Yoqub Karimov. — Shuningdek, ijtimoiy reyestrga kiritilgan oila farzandlari uchun bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga ajratilgan davlat granti asosidagi qabul parametrlariga nisbatan 10 foizgacha bo‘lgan miqdorda qo‘shimcha davlat granti bo‘yicha qabul parametrlari ajratiladi.
Qolaversa, qabul jarayonlarining yangiligi shundan iboratki, “B” va undan yuqori darajadagi “A level” hamda 32 va undan yuqori ballga teng “International Baccalaureate” sertifikatlariga ega bo‘lgan abituriyentlar sertifikat berilgan fan kirish imtihonlari tarkibida mavjud bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha oliy ta’lim tashkilotlariga bazaviy to‘lov-shartnoma miqdori asosida qo‘shimcha ravishda o‘qishga qabul qilinadi. Bunda abituriyent tomonidan “International Baccalaureate” sertifikatlari Agentlikka elektron tarzda (IB Secure Website orqali) yuborilishi lozim. Shuningdek, “College Board” tashkiloti tomonidan o‘tkaziladigan “Scholastic Aptitude Test — SAT” xalqaro imtihonida to‘plash mumkin bo‘lgan eng yuqori ballning 75 foizi — 1200 ball va undan yuqori natijadagi sertifikatga ega abituriyentlar sertifikat berilgan fan kirish imtihonlari tarkibida mavjud bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha oliy ta’lim tashkilotlariga qo‘shimcha davlat granti asosida o‘qishga qabul qilinadi.
— Imtihonsiz qo‘shimcha ravishda davlat granti asosida talabalikka tavsiya etish imtiyoziga ega bo‘lgan abituriyentlar Davlat komissiyasining qaroriga muvofiq ta’lim shaklidan qat’i nazar, ro‘yxatdan o‘tishda imtiyoz amal qiladigan doirada, tanlagan birinchi bakalavriat ta’lim yo‘nalishiga qo‘shimcha davlat granti asosida o‘qishga qabul qilinadi, — deydi Yoqub Karimov. — Bunda xalqaro sport musobaqalari g‘oliblari jismoniy tarbiya va sport sohasidagi bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga sport turlarining soha bo‘yicha mos kelishiga qat’iy rioya qilingan holda qo‘shimcha davlat granti asosida imtihonsiz o‘qishga qabul qilinadi.
Uzoq kutilgan yangilik sifatida aytish mumkinki, endilikda bakalavriatning fanlar majmuasida chet tili fani mavjud bo‘lgan ta’lim yo‘nalishlariga qabulda B1 darajadagi milliy yoki xalqaro tan olingan sertifikatga ega abituriyentlarga ushbu fan bo‘yicha maksimal bal-
ning 75 foizi hisoblanadi. Qolaversa, 2026-yilda oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlarida qatnashish uchun belgi-langan to‘lov miqdori
206 000 so‘mni tashkil etadi. Ushbu summa o‘qishni ko‘chirish bo‘yicha test sinovlarida qatnashadigan talabgorlar uchun ham amal qiladi.
Yangiliklar yetarlicha, imkoniyatlar ham talay-gina. Nima bo‘lganda ham, bugungi oliy maqsadlar og‘ushidagi abituriyent, raqobatbardosh kadr, sifatli va samarali ish bera oladigan xodim salohiyatli rahbar bo‘lishi shu imtihon va undan keyingi ta’limga bog‘liq ekanligini unutmasak bas.

X.Karshiyev

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Kitob keldi ko‘z o‘ynatib, miya qaynatib…

Tirnoqlari hamisha kirlanib yuradigan odamni taniysizmi? Unga na issiq...

Oltmish yillik hayajon

Inson umrining eng beg‘ubor va unutilmas fasli — bu...

Imkoniyat bisyor, sharoit tayyor — yangi-yangi imtiyozlar bor

Talabalik — oltin davr deyishadi, biroq qaysi talaba bilan...

Xalqaro  markaz  zamonaviy kasb o‘rgatadi

Mehnat bozorida raqobatbardosh, zamonaviy texnologiyalarni puxta egallagan mutaxassislarga bo‘lgan...
KunTun
KunTun