“Doriga o‘tirib qolmaylik!”

Date:

To‘ydamiz. To‘yga mo‘ysafid onaxon tashrif buyurdi. Qo‘lida sumkacha. Onaxonning dasturxon atrofida ham, bazm paytida ham sumkasini qo‘lidan qo‘ymagani diqqatimni tortdi. Balki biror qimmatbaho buyumi yoki puli bo‘lsa kerakki, odam gavjum joyda yo‘qotib qo‘yishdan cho‘chib ko‘tarib yurgandir dedim.
Biroq oradan ko‘p o‘tmay, onaxon sumkasidan bir dona tabletkani chiqarib, bir piyola suv bilan sipqordi. Oradan yarim-bir soat o‘tar o‘tmas yana bitta dorini ichayotganiga ko‘zim tushdi. Ajablandim. Onaxon ancha tetik, betobga ham o‘xshamaydi. Lekin nuqul dori ichyapti. Yoniga bordim-da, qiziquvchanligim qursin, “tobingiz bo‘lmayaptimi, onaxon, agar sog‘ligingiz bo‘lmasa, ichkariga joy tashlasak, dam olasizmi”, deyishimni bilaman, “nimalar deyapsan, men kasal emasman, nafasingni shamol uchirsin, dorini do‘xtirim yozib bergan “muntazam shu doridan ichib yuring, qon aylanishingiz yaxshilanadi, ayniqsa, odam gavjum joylarda qon bosimingiz ko‘tarilmasligi uchun ham tinimsiz ichib turing”, degan shuning uchun ichaman. Men kasal emasman, kasal bo‘lmaslik uchun ham ichaman, bildingmi?” deya to‘ng‘illab berdi.
Onaxonning og‘rimagan joniga dori ichayotganini, “doriga o‘tirib qolganini” ko‘rib, mening ongimda og‘riq boshlandi. Rost, biz doriga o‘rganib qolyapmiz… ayniqsa, yoshgina bolalar ham salga dori ichishga, shu bilan o‘zidagi immunitetni o‘ldirib, kimyoviy dori vositalarining “quliga” aylanib qolayotgani kishini chuqur o‘yga toldiradi. Shunday kezlarda beixtiyor bobokalonimiz bugun g‘arb mamlakatlari ulkan merosidan, tibbiyot ilmidan bahramand bo‘layotgan Ibn Sinoni esga olaman. Tan sihatligini tabiiy yo‘l bilan, turli xil shifobaxsh o‘simliklar, toza havo, jismoniy mashg‘ulotlarni kanda qilmaslik orqali ham kishi sog‘lom bo‘lishini necha-necha asrlar ilgari jar solib ketgan tib ilmining sultoni sanalmish Ibn Sinoning qichqiriqlari dunyoga dong taratsa-yu, biz kimyoviy dori-darmonlarga mukka tushib tursak, bu endi borib turgan tibbiy savodsizligimizmi yoki…
Shifoxona eshigidan-ku tasodifan mo‘ralasangiz yoki adashib shu tomonlarga yo‘lingiz tushguday bo‘lsa ham darrovgina bir varaqqina dorilar ro‘yxati yozilgan qog‘ozni qo‘lingizga tutqazadi. Qarabsizki, charchaganingiz yoki toliqqaningizdan og‘riyotgan boshingiz, tana a’zolaringiz ham oq halatli farishtalar “bashorati” tufayli betobga aylanadi-qo‘yadi.
Ayniqsa, ayni kuz, qish va bahor mahali, ba’zan yoz chillasida ham dorixonalar oldi gavjum. Sababki, gripp, oddiy til bilan aytganda, tumov mavsumi boshlanadigan ushbu vaqtlarda nonga ham bunchalik navbatga turmagan odamlarimiz, dorixonalar eshigida turnaqator. Qoyil-ey, qandingni ur dorifurushlar, deb yuboraman ba’zida.
Ma’lumotlarga qaraganda, Germaniyada bordi-yu shifokor bemorga ukol olishni buyursa, ular biz xuddikim jarrohlik amaliyotini qanchalik jiddiy qabul qilib, sog‘ligimizdan xavotirga tushsak, ularda oddiygina ukol buyurilsa, salomatligimga jiddiy e’tibor bermabman, kasalim jiddiyroq deya, vahimaga tusharkan. Vaholangki, biznikilar allaqachon, salgina shamollasa ham “ukol olmasam tuzalmayman” degan aqidani qon-qoniga singdirib olgan.
Yaqiningning tobi qochib turganda doridan pulni ayash to‘g‘ri emas, albatta. Qolaversa, shifokorlar ham arzimagan tabiiy damlama yoki biror bir dori vositasi bilan tuzalib ketish ehtimoli bo‘lgan bemorga ham bir varaq qog‘ozni to‘ldirib emas, uning orqalariga ham dorilar ro‘yxatini tirkaydi. Biroz shamollagan odam buncha ko‘p dorini ichib, endi tuzalay deganda oshqozon bezovtalanib qoladi.

Bir joyda o‘qiganim bor: “Salapan (sellofan) yoki biror yelim narsani yerga ko‘msangiz, yillar o‘tib ketsa ham chirimaydi, boyagidek turaveradi. Ammo shuning o‘rniga temir yo po‘latni ko‘msangiz, bir necha yillarda chirib, yerga qorishib ketadi. Savol tug‘iladi: nega yupqagina yumshoq salapan chirimaydi yu, bilakdek keladigan qattiq temir, qulochni to‘ldiradigan, toshdek qattiq taxta chirib ketadi? Chunki temir, taxta tabiiy narsa, shu bois tabiatga singadi. Ammo salapan sun’iy narsa, shuning uchun u yerga kirishmaydi. Kimyoviy dorilar ham jismga singmay, tirik organizmlarni buzishi xuddi mana shu holatdan kelib chiqadi”.
Qarabsizki, bir kasalni tuzataman, deya tibiiy savodi unchalik ham yuqori bo‘lmagan ayrim odamlar kasallikni o‘zlariga sotib olishayotganini o‘zlari ham bilmay qolishyapti. Bu esa jamiyat uchun, aholi salomatligi uchun jiddiy muammoni tug‘dirmoqda. Shu o‘rinda bunday vaziyatlarning oldini olish uchun dori-darmon, farmasevtika tizimida qat’iy nazorat kerakligini davrning o‘zi, odamlarning sog‘ligi masalasi dolzarb qilib qo‘ymoqda, nazarimda.
Dunyoda farmasevtika sanoati kengayib bormoqda, dori-darmonlarning yangicha turlari va tarkiblari paydo bo‘lmoqda. Bu ularning sifatini doimiy nazorat qilish, nojo‘ya ta’sirlarini aniqlash va tahlil etish zaruratini tug‘dirdi. Buni o‘z vaqtida va yaxshi anglagan davlatimiz rahbari farmasevtika sohasini tartibga solish, aholini sifatli va xavfsiz dori vositalari bilan ta’minlash masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi. Ushbu masalaga alohida ahamiyat qaratilib, Prezidentimizning joriy yilning 23-yanvarida “Farmasevtika sohasini tartibga solish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida” farmoni qabul qilindi.
Unga ko‘ra, dorilar va tibbiy buyumlarni tayyorlovchi hamda sotuvchi tashkilotlar bu mahsulotlarning sifati va xavfsizligi uchun ham mas’ul etib belgilandi. Shundan kelib chiqib, ularga nisbatan davlat nazoratini amalga oshirishning alohida qoidalari o‘rnatildi. Dori vositalari iste’moli bilan bog‘liq xavflarni tezkor aniqlash va chora ko‘rishga qaratilgan tizim tashkil etildi. Buning uchun “Zarur farmakologik nazorat amaliyoti — GVP” standarti joriy etilib, Sog‘liqni saqlash vazirligida dorilarning nojo‘ya ta’siri to‘g‘risida elektron baza shakllantirildi. Bu haqdagi ma’lumotlarni tibbiyot xodimlari va aholiga tezkor yetkazish yo‘lga qo‘yildi. Dorilar va tibbiy buyumlarni saqlovchi bojxona va erkin omborlar bosqichma-bosqich standart talablariga muvofiqlashtiriladi.
Eng ahamiyatlisi, qaysi telekanalga qaramang, turma-tur dori-darmonlarni reklama qilib, kasal bo‘lmagan odamga ham dori ichmaganiga qo‘ymaydigan darajada piar kuchayib ketgan edi. Farmonda belgilab qo‘yildiki, teleradiokanallar orqali dorilar va biologik faol qo‘shimchalarni reklama qilish Sog‘liqni saqlash vazirligida tashkil etiladigan maxsus kengashning xulosasi asosida mumkin etib belgilandi.
Davlatimiz rahbari bu tarmoqning aholi salomatligi va iqtisodiyotdagi ahamiyatini ta’kidlab, farmon ijrosini samarali tashkil etish bo‘yicha qo‘shimcha ko‘rsatmalar bergan edi. Shundan kelib chiqib viloyatimizda ham farmasevtik nazoratni o‘rnatish borasida tizimli ishlar olib borilayotir. Jumladan, viloyat Farmasevtika kengashi tomonidan hududdagi dorixonalar faoliyati o‘rganilib, dori-darmonlarning saqlanish holati, narxlarning asossiz oshirilishi, bemorlarga retseptsiz dori-darmonlarning sotilishi kabi holatlar Kengash a’zolari tomonidan o‘rganilib, farmasevtik nazorat qat’iy o‘rnatildi. Bu haqda Surxondaryo viloyat farmasevtika kengashining yig‘ilishida batafsil ma’lumot berildi.

Xulosa qilib aytganda, dorishunoslik va dorifurushlik sohalarini qattiq nazorat qilish, tartibga solish har qachon muhim masala bo‘lib kelgan. Odamlar doriga o‘tirib qolmasligi uchun esa zamonaviy tibbiyot bilan birga Sharq tabobatini ham puxta o‘rganishi, bittagina moychechak damlamasi bilan tuzalish ehtimoli bo‘lgan kasallik uchun ham “otning kallasi”dek pul sarflab falon doriga yugurmasligimiz kerak. Tabiiy dorivor o‘simliklar ham sog‘liqqa, ham cho‘ntakka foyda-ku. Xalq orasida esa ibn Sinoning tib ilmi targ‘ibotini kuchaytirish, Sharq tabobatini qayta jonlantirish kerak deb o‘ylaman. Asrlar osha bizning iqlimimizda o‘zini oqlagan tabiiy davolash usullari, dorilari bor, ulardan unumli foydalanish darkor.
Tabobat deganda, ko‘z oldimizga oxirgi asrlarda hamma sohalar qatori tabiblik ham cho‘kkan davrdagi tabobat keladigan bo‘lib qolgan. Biz bugun G‘arbni uyg‘otgan tabobatimizni tiklashimiz kerak. “Dunyoning hech bir joyida bizchalik dorixonalar ko‘p emas. Buni dunyoning eng rivojlangan Yaponiya, Finlandiya kabi davlatlarida dorixonalar deyarli yo‘qligi va borlarida ham retseptsiz dori-darmon sotilishi taqiqlanganiyoq isbotlab turibdi, axir. Nima bo‘lganda ham sog‘lik o‘zimizga kerak, “doriga o‘tirib qolmaylik!”

Adolat MO‘MINOVA

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Topshiriqlar ijrosi o‘rganildi

Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov ijtimoiy sohada amalga oshirilayotgan...

Xitoyda qadimgi insonning yangi turi topildi

Inson evolyutsiyasi har doim qizg‘in bahslarga sabab bo‘lib kelgan....

Cho‘lponning yangi topilgan asari nashr etildi

Ma’rifatparvar bobolarimizning ijodiy merosi, ayniqsa, hali adabiy jamoatchilikka noma’lum...

Bayrog‘imiz jahon sahnasida

Chempionat va kurashlarda polvonlar yurtidan nomzodlar ishtirok etsa, sportchilarning...
KunTun
KunTun