Ilm beshikdan to qabrga qadar izlanishi joiz deb qaraladigan zarurat. Zotan, muqaddas islom dinida ilm olish farz darajasiga ko‘tarilgani bejiz emas. Qur’oni Karimning ilk oyati “O‘qi” amri bilan boshlanishi o‘qish va o‘rganish qanchalik ulug‘ ekanligining yorqin dalili, axir. Bilgan ilmiga amal qilish ilmning barokatidir. Amalsiz ilm po‘sti yo‘q daraxt, libossiz tanadir. Xalqimiz: “Olim bo‘lish oson, odam bo‘lish qiyin”, deganida ham olam-olam hikmat bor. Zero, ilmli johilning zarari ko‘proqdir.
— Farzandlarimizning kelajakda biror kasb egasi bo‘lib, xalqqa foydasi tegadigan komil inson sifatida ulg‘ayishi nafaqat o‘zining, balki ota-onasining ham orzu-umidi sanaladi, — deydi o‘n yillik pedagoglik ish tajribaga ega O‘rol Normamatov. — “Bitta til bilgan bitta odam, o‘nta til bilgan esa o‘nta”, deydi Yevropa otasi — Buyuk Karl. Shunday ekan, yosh avlodning Forobiy singari poliglot bo‘lishi ayni muddaodir.
Darhaqiqat, yetmish tilni bilgan qomusiy olim Forobiy avlodlari bugun zamon talab etayotgan tillarning bilimdoni bo‘lish payida. Ayniqsa, “Star Education” o‘quv markazining o‘zida 250 nafar yosh avlod ingliz tilini qunt bilan o‘rganishayotir. Yoshlarni ma’naviyatli, ilm va hunarli bo‘lishga targ‘ib qilish jamiyatning eng muhim masalalaridan biridir.
— Farzandlarimizga o‘z ilmiy-ma’naviy merosimizni singdirish bilan birga, bugungi kun talab qilayotgan intellektual salohiyatli yoshlarni tarbiyalash uchun yangicha fikrlash, hayotga teran nazar bilan boqish va kasb-hunar, ilm-u ma’rifatning yangidan yangi qirralarini o‘zlashtira olishga madadkor bo‘lmog‘imiz darkor, — deydi pedagog. — Hozirgi kunda yoshlarning bilim olishlari uchun keng imkoniyatlar, qulay shart-sharoitlar mujassam. Har qadamda o‘quv markazi — faqat o‘qishni, chin dildan o‘rganishni istagan odamgina natijaga erishadi.
“Star education” o‘quv markazining natijalari yuqori. Qolaversa, pedagog kadrning ham salohiyati havas qilarli darajada. Xalqaro sertifikatlar egasi O‘rol Normamatov o‘zi singari sertifikatlarga da’vogarlarni tarbiyalashda jonbozlik ko‘rsatayotir.
— O‘quvchilarimizning 80 foizi har yili yuzimizni yorug‘ qilib, oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga kirishadi, — deydi O‘rol Normamatov. — Aslida o‘quvchilar universitetga kirish maqsadidagina til o‘rganishadi. Bu noto‘g‘ri. Til o‘rganish bu bir muddatlik ish emas. Kamiga ota-onalar xohishiga ko‘ra repetitorlarga qatnayotgan yoshlar ham talaygina. Bu esa samara bermaydi.
Majburan qatnayotgan yoshlar bilan ham til topisha olgan mahoratli pedagogning ish faoliyati qizg‘in kechadi. Darslar erkin tarzda, bolalarning ruhiyati bilan hisoblashib tashkil etilgani bois ham yoshlarning ta’lim olishga ishtiyoqi baland.
— Fikringiz tasdig‘i sifatida bir abituriyent bolani majburlab olib kelishdi. Ota-onasining boladan umidi katta edi, — deydi O‘rol Normamatov. — Onasiga bolasining qiziqishi yo‘qligini takror-takror aytdik, lekin unamadi. Boshqa iloj yo‘q, bola bilan alohida shug‘ullanishga to‘g‘ri keldi. Mana, hozir oliy ta’lim muassasasi talabasi. Bu yutuq nafaqat bolaniki, balki ota-onasi uchun ham rag‘batdir.
11 yil davomida maktabda ham ingliz tilini o‘qishadi, lekin nima uchundir bolaga repetitor kerakligini ta’kidlashadi. Demakki, nimadir noto‘g‘ri.
— Maktab ta’limi bilan ham o‘qishga kirish mumkin, faqatgina darslar 45 daqiqa emas, uzoqroq davom etishi kerak, — deydi O‘rol Normamatov. — Chunki, biz dars mashg‘ulotlarini kamida 2 soat, haftada uch kun tashkil etganimiz bois, bola ingliz tili muhitida bo‘lish imkoniga ega. Lekin maktabda 45 daqiqa, uning ham orasida o‘qituvchi qiziqishi yo‘q bola bilan shug‘ullanishi kerak. Bu oson emas.
Til bilmoqning foydasi faqatgina oliy o‘quv yurtiga o‘qishga kirishdagina ko‘rinmaydi. Olimlarning ta’kidlashicha, bilingualizm (ya’ni ikkita tilni bilish) Altsgeymer kasalligidan ortiqcha dorilarsiz xalos qilishi mumkin. Shuningdek, ikkita tildan foydalanish eshitish qobiliyatini o‘stiradi, sababi miya har ikkala tildagi turli tovushlarni farqlab olish uchun yanada faolroq ishlashiga to‘g‘ri keladi. Verker va Gal singari olimlarning ta’kidlashicha, ikki xil tilda so‘zlashuvchi oilada voyaga yetgan bolalar avval hech qachon eshitmagan tillarni qiyinchiliksiz farqlab bera olishar ekan. Nima ham derdik, bolalarimiz barkamol ulg‘aysin, xorijiy tillarni o‘rganib, yangidan yangi ufqlarni kashf etsin. Zero, o‘rganish — insoniyatning doimiy hamrohidir.
Dinara Qo‘zimurodova