Yevropa Ittifoqi — O‘zbekiston hamkorligi 1994-yilda oʻrnatilgan. Yevropa Ittifoqi 27 Yevropa davlatining iqtisodiy va siyosiy ittifoqidir. U inson qadr-qimmatini hurmat qilish, erkinlik, demokratiya, tenglik, qonun ustuvorligi va inson huquqlarini hurmat qilish qadriyatlariga asoslanadi. U hammaning manfaatini koʻzlab, butun dunyo boʻylab barqaror ijtimoiy, ekologik va iqtisodiy rivojlanishni ragʻbatlantirish maqsadida faoliyat yuritadi.
Joriy yilda Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi Delegatsiyasi Yevropa kuni doirasida Yevropa Ittifoqi va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasidagi hamkorlikning 30 yilligini nishonlashni reja qilgan edi. Ushbu muhim voqeani nishonlash maqsadida Toshkent shahridagi Botanika bog‘ida yilning asosiy ommaviy tadbiri — “Yevropa Ittifoqi — O‘zbekiston hamkorligining 30 yilligi”ga bag‘ishlangan ommaviy festival va konsert bo‘lib o‘tdi. Yevropa Ittifoqi festivali, Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtiriladigan loyihalar ko‘rgazmasi va gala-konsert yubiley sanasiga bag‘ishlangan va yil davomida o‘tkazilishi rejalashtirilgan bir qator bayramona tadbirlarning boshlanishini anglatadi.
Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilgan loyihalar ko‘rgazmasi yoshlar, talabalar va barcha qiziquvchilar Global darvoza doirasida savdo va bandlik, inson huquqlari va fuqarolik jamiyati, ta’lim va ko‘nikmalar, ekologik barqarorlik, qishloq xo‘jaligi, madaniyat va meros va boshqa ko‘plab loyihalarni o‘rganishga interfaol platformani taqdim etdi. Dastavval o‘z nutqi bilan ushbu festivalni Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi Sharlotta Adrian ochib berdi:
— Biz o‘ttiz yillik hamkorlikning muhim bosqichini nishonlar ekanmiz, Yevropa Ittifoqi va O‘zbekiston o‘rtasidagi yutuqlarimiz, mustahkamlangan munosabatlar va manfaatlar uyg‘unligidan faxrlanamiz. Ikki tomonlama siyosiy munosabatlarimiz tarixida hech qachon shunchalik yuqori darajadagi ko‘plab uchrashuvlar bilan, jumladan, Yevropa Kengashi prezidenti Sharl Mishelning 2022-yilda O‘zbekistonga tashrifi bilan bu qadar jadal rivojlanmagan edi. O‘zbekistondagi faoliyatimiz demokratik boshqaruv, raqamli innovatsiyalar, inklyuziv o‘sish, barqaror qishloq xo‘jaligi, ayollar huquqlari, aloqadorlik va boshqalarni qamrab oluvchi dinamik loyihalarimiz bilan yaxshi ifodalangan. Bizning kuchli hamkorligimiz umumiy qadriyatlar va umumiy maqsadlarga asoslanadi.
Shuningdek, maxsus tadbirlar orasida “Markaziy Osiyoda iqlim o‘zgarishi va barqarorligi” loyihasi, “O‘zbekistonning qishloq joylarida ish bilan ta’minlash ko‘nikmalarini rivojantirish”, “O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan EL-AGRIN”, Ta’lim sohasida, ayniqsa, “Afg‘oniston fuqarolarining ta’lim olish imkoniyatlarini oshirish”, shuningdek, Erasmus+, Finlandiya elchixonasi tomonidan amalga oshirilgan taqdimotlari barchaga manzur bo‘ldi.
Ushbu tadbirda 50 ga yaqin Yevropa Ittifoqi hamkorligida amalga oshirilgan va yaxshi natijaga ega bo‘lgan tashkilotlar qiziquvchi yoshlar va keng jamoaga o‘z yutuq hamda natijalari bilan hamkorlik o‘rnatish borasida kelishuvlar amalga oshirdi.
Aynan viloyatimizdagi Afg‘oniston fuqarolarini o‘qitish ta’lim markazi jamoasi ham #EducationForAfghanCitizens, #SupportingAfghanWomen heshtegi ostida Yevropa Ittifoqi ko‘magida bajargan ishlarini, afg‘on ayollari tomonidan tikilgan kiyimlar, san’at asarlarini ko‘rgazma sifatida mehmonlarga taqdim etishdi. Festival davomida turli zonalar tashkillashtirilib, aql-idrok zonasida yuzni bo‘yash, boshqotirmalar, atletika zonasida jamoaviy o‘yinlar, robototexnika darsi, chim, xokkey va kamondan otish, art zonasida taxtaga surat solish, Yevropa Ittifoq bannerini, katta sumkalarni bo‘yash, sovrinli savol-javoblar, iste’dodli o‘zbek ijrochilari ishtirokidagi gala konsert tashrif buyuruvchilarni o‘ziga jalb etdi.
Oradan o‘tgan 30 yil uzoq muddat, biroq hamkorlikning ayni gullash davridir. Yosh avlod vakili sifatida shunga ishonamanki, bu hamkorlik yana yillar davomida jipslashib, mustahkamlanib, el uchun, insonlar uchun manfaatli ishlarni amalga oshirishda yordam beradi.
Dildora Abdimo‘minova,
TerDU talabasi