Kitobsevar millatmiz

Date:

Javonda chang bosib, sarg‘ayib yotgan kitob shu holicha hech qanday mazmun kasb etmaydi. Qaysidir adib, “Jinoyatlar ichida eng kattasi — kitob o‘qimaslikdir”, deganda haq edi. Ilm qachon rivoj topadi – daryo kabi oqib, harakatlanib tursa. Aks holda uyingiz to‘la kitob bo‘lganidan sizga hech qanday naf yo‘q. Kitob qachon parvoz qiladi – muqovasi ochilib, o‘qilganida. Ochilgan kitobning qo‘sh qanoti bo‘ladi, mudom parvozga shaylanib turadi. Dilgir kitobxon, kitobning o‘sha qo‘sh qanotida yuksak-yuksaklarga bearmon parvoz qilajak. Ilm-ma’rifat yo‘lini tutgan kitobxon oxir-oqibat yuksak manzillarni zabt etajak.


Mamlakatimizda kitobxonlikni keng ommalashtirish maqsadida ko‘plab tadbir va tanlovlar o‘tkazilmoqda. Hatto, g‘oliblikni qo‘lga kiritgan o‘quvchi yoshlarga avtomashina berilmoqda. Albatta, bu mukofotlarning barchasi faol kitobxonlikda. Gohida internet saytlarida ayrim rivojlangan davlatlar fuqarolarining kitob do‘koni yoki kioskalarda turnaqator bo‘lib tizilib turishganligini ko‘rib, rosti, kishining havasi keladi. Agar ta’bir joiz bo‘lsa, dunyodagi eng go‘zal surat, shubhasiz, kitob o‘qiyotgan insonning surati bo‘lsa kerak.
Bugun mamlakat rahbariyati, butun millat oydinlari dunyoviy taraqqiyotning asosiy omili ommaviy kitobxonlik va ilm-ma’rifatda deb bilganligi bois ham kitobxonlikni rivojlantirish maqsadida keng miqyosli targ‘ibot-tashviqot ishlari olib borilmoqda. Eng muhimi, bugungi kun yoshlari ilm-ma’rifatga alohida ishtiyoq bildirib, bilim va tafakkurini boyitish orqali ko‘plab muvaffaqiyatlarga erishmoqda. Dunyo miqyosida bo‘lib o‘tayotgan turli xil tanlovlarda ishtirok etib, faxrli o‘rinlarni egallashmoqda.


Ma’lumki, 22-26-aprel kunlari viloyatimiz markazi Termiz shahrida “Kitobxonlik haftaligi” bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan edi. Shu munosabat bilan 22-aprel kuni Termiz davlat universiteti Axborot resurs markazida “Kitobsevar millat” shiori ostida IV Respublika “Kitobxonlik haftaligi”ning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbirning ochilish marosimida sohaga aloqador tashkilot rahbarlari, ijodkorlar va OAV xodimlari ishtirok etishdi.
Asosiy tashkilotchi sifatida Adib Sobir Termiziy nomidagi viloyat Axborot-kutubxona markazi tomonidan kitoblar ko‘rgazmasi tashkil qilindi. Shuningdek, Axborot-kutubxona markazi tomonidan kitoblar savdosi yo‘lga qo‘yildi.


— Ushbu haftalikdan ko‘zlangan asosiy maqsad – kitob va kitobxonlikni targ‘ib qilish natijasida aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida ma’naviy-ma’rifiy muhitni yanada barqarorlashtirish, milliy g‘oya targ‘ibotini kuchaytirish, shiddat bilan o‘zgarib borayotgan hozirgi zamonda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning mohiyatini, milliy g‘urur va iftixor tuyg‘ularini yosh avlod qalbi va ongiga kitob va kitobxonlik tadbirlari orqali singdirishdan iborat, — deydi Adib Sobir Termiziy nomidagi viloyat Axborot-kutubxona markazi direktor o‘rinbosari Mehriniso Mamatqulova.


Haftalik doirasidagi tadbirlar Adib Sobir Termiziy nomidagi viloyat hamda tumanlar axborot-kutubxona markazlarida o‘tkazilishi belgilangan. Shu jumladan, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid, O‘zbekiston xalq shoiri Usmon Azim va boshqa ijodkorlar, adabiyotshunoslar bilan qiziqarli uchrashuvlar, davra suhbatlari tashkil etiladi.
Kitob sayllari, mamlakatimiz nashriyotlarida chop etilgan yangi mahalliy va chet ellik adiblarning asarlari, yosh ijodkorlarning kitoblari taqdimotlari, kitobsevarlar uchun mahorat darslari va boshqa ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkaziladi. Haftalik 26-aprelga qadar davom etadi.

Xolmuhammad TOG‘AYMURODOV,
Tohir ALIQULOV
(surat)

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Tizimda yangi choralar belgilandi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 3-yanvardagi “2025-yilda respublika mahallalarida xavfsiz...

Mahalla muammolardan holi hududga aylanadimi?

“Huquqiy mahalla” loyihasi doirasida viloyatning shahar va tumanlaridagi mahallalari...

MAROSIMLAR MAROMIGA YETDI

Soya-salqinda, yam-yashil maysazor ustida sochlarini qirq kokil qilib, do‘ppi...

SHIRIN TASHVISHLARGA BOSHLAYDI, LAPAR

Navro‘z milliy urf-odatlarimiz, an’analarimiz tarannum etiladigan ayyomdir. Onamizning shirali...
KunTun
KunTun