Buni eshitgan Surxon elining bolasi qanday bo‘ladi?! Albatta, baxshi bo‘ladi, nomdor polvon bo‘ladi. Kim bo‘lganda ham yuragida katta bir san’atni jo qilgan inson bo‘ladi. Ha, baxshi shunday yaraladi. Yurakka do‘mbiraning sadosini singdirib, ohangdosh so‘zlarni shunday kelishtiradiki, kuylaganda quloqqa xush yoquvchi navo dunyoga keladi. Shuning uchun ham baxshining aytimlarini miriqib tinglaymiz, quloqlarimizga sehrli ohang yanglig‘ eshitiladi.Xalqimizda san’atkor bo‘lish uchun iqtidor, mehnat talab etiladi degan gap bor. Biz bu ta’rifga qarshi emasmiz. Ammo iste’dod, qonda bo‘lsa, san’atdan uzoqda bo‘lsangiz-da, qaysi yoshda bo‘lmang, hayotingizni o‘zgartirib, tub burilish yasay oladi. Ha, bu san’atning kuchi. Surxon farzandi bo‘lmish Navro‘z Qarshiyevda ham shunday bo‘ldi. Aks holda uni hozir Navro‘zbek baxshi emas, Navro‘zbek jarroh deb atashgan bo‘lardi. Shifokorlar oilasida tug‘ilgan Navro‘zbekdan kutilgani shifokorlik edi. Otasi xususiy klinikasida hali 5-6-sinfligidanoq yoniga olib, ko‘zi pishsin, yuragi qotsin dedi. Jarroh emasmi, operatsiyalarga olib kirdi. Mahalladagi yiqilgan-urilgan, jarohatlangan bormi, birinchi yordamni “kichik doktor” ko‘rsatadigan bo‘ldi. Bundan, rosti, bemorlar o‘z hadigini yashirmay, eplay olishiga shubha ham qilishardi. Ammo Navro‘zbek eplardi…
Shifokor bo‘lish orzusida, maqsadida maktabni tamomlagan Navro‘zbek Muzrabot tumanidagi kasb-hunar kollejlaridan birida o‘qiy boshladi. Hammasi o‘sha yillarda boshlandi. Uning faolligi, tadbirlarda jonbozlik ko‘rsatishi bilan birga qo‘shiq xirgoyi qilib yurishi, mikrofonni qo‘liga dadil tutib, barcha yo‘nalishdagi qo‘shiqlarni ham aytib ketaverishi… qonida baxshichilik tug‘yon urardi. Qo‘ng‘irot elining farzandi shevada mohirona so‘zlamaydimi, do‘mbira olib, bolalikdan eshitib kelgan aytimlarni takrorlab ko‘rdi. Bo‘g‘iq ovozda kuylagani o‘ziga-da manzur keldi. Ohang qulog‘iga o‘tirib qoldimi, yuragini mahv etdimi, kuylashdan, aytimlar aytishdan to‘xtamadi. Milliylikni tarannum etuvchi san’atning bu yo‘nalishini sevib qoldi. Shoberdi baxshi amakisi emasmi, qon tortdi, deyishdi…
Birinchi aytgan aytimi ham do‘mbira haqida bo‘ldi. Baxshiyona usulida aytilgan ushbu termani Navro‘zbekdan eshitsangiz, suhbatingiz ila uni taniganingiz bir bo‘ladi-yu, terma kuylayotgan Navro‘zbekni kuzatsangiz, uni boshqa jihatdan kashf etasiz. Asil san’atkor qanday bo‘lishini anglaysiz. Chunki u kuylayotganda dunyodan ayro tushadi, o‘zini, tashqi olamni unutadi. Ovozini sozlab, butun vujudi bilan baxshiyonaga singadi. Ko‘plab baxshilarning aytimlarini eshitganman-u, ammo Navro‘zbek kuylayotgandagi yoniqlikni, jo‘shqinlikni sezmaganman. Yosh baxshi kuylar ekan, o‘zi haqida ta’rif-u tashbeh keltirayotgandek bo‘ladi. E’tiborsiz o‘tirgan ham bir seskanib, tinglashga tutinadi.
Baxshining do‘sti ham, yo‘ldoshi ham uning do‘mbirasi. Do‘mbirasi bor ekan, davralarga dadil kirib bora oladi. Dostonlardan bir shingil so‘rashsa-da, do‘mbirasini bir chertib, talablariga binoan aytishga tushadi baxshi. Navro‘zbekning do‘mbirasi haqida esa o‘z aytar so‘zlari bor:
— Birinchi do‘mbiramni ham ustozim muzrabotlik Rasul baxshidan olganman. U kishi menga ustozlik qilib, so‘ng oq fotiha berganlar. Ustozning uylarida juda ko‘p bo‘lganman. E’tiborlisi, Rasul baxshining xonadonida katta kutubxonasi bor. Javonlarda terilgan kitoblarning har biri alohida e’tiborga molik. Xalq dostonlarining bari shu yerda jamdek. Ustozdan kitob so‘raganimda bermagandilar. Ko‘nglimga tuk qo‘ydim, bir kuni Rasul baxshidan bir kitob o‘g‘rilayman…
Baxshi o‘z-o‘zidan qofiyani kelishtirib kuylab keta olmaydi. U so‘zamol bo‘lishi, she’riyatdan, adabiyotdan xabardor bo‘lishi kerak. Ko‘p va xo‘p o‘qigani unga qo‘l keladi. Shu ma’noda, Navro‘zbek ham yaxshigina kitobxon. Tanlab, saralab o‘qiydi. Jahon va o‘zbek adabiyotining durdona asarlarini-da mutolaa etgan. Eng yoqqani detektiv asarlar. Psixologik, motivatsiya beruvchi kitoblar o‘qishni ham kanda qilmaydi. Shuning uchunmi, hech qachon aytishdan to‘xtamaydi. Baxshilarning atay “sindirish” uchun uyushtiriladigan aytishuvlardan qo‘rqmaydi. Mamnuniyat bilan qabul qilib, “yo pirim” deya aytaveradi-aytaveradi.
— Shukrki, “duellarda” hali pand yemadim, — deydi Navro‘zbek baxshi. — O‘sha paytdagi muhit, tomoshabinlarning qo‘llovidan kuch olib, improvizat-siya qilaman. Sinovlarda sinashta bo‘lish baxshini charxlaydi. Qo‘rquv, hayajonini yengishga o‘rgatadi, baxshi nomiga munosibmi, asosiysi, ana shu haqiqatni anglaydi.
Navro‘zbek o‘z-o‘zidan baxshi bo‘lmadi. Uning san’atga kirib kelishiga oilasi jiddiy to‘sqinlik qildi. Ammo, yosh baxshi shunga qaramay to‘xtamadi. Uydan qochib, to‘ylarga borgan kezlari ham bo‘ldi. Aslo pul ishlash uchun emas. Yosh baxshi moddiyatni ustun deb bilmaydi. Milliyligimizni targ‘ib qilishni, xalq og‘zaki ijodi o‘lmasligini istaydi.
Qahramonimiz milliy san’atimizga o‘z hissasini qo‘shish ilinjida. Hurmat qilib taklif qilishsa, jon deb borib kuylaydi. Oilaviy sharoiti og‘ir oilalar to‘ylarida ham savob uchun beminnat kuylaydi. U uchun odamlarning qalban quvonishi, yayrashi muhim.
Bir yoqdan ota-onaning taqiqlovi, bir yoqdan esa harbiy xizmatga ketish muddati yetgani bo‘lib, Navro‘zbek Qarshiyev yigitlik burchini o‘tash uchun ketadigan bo‘ldi. Sababi bu har bir er yigit oldidagi burch, uni o‘tashni esa yosh baxshi o‘ziga sharaf deb bildi. Ota-onasi ham mamnun bo‘lishdi, qaytamiga, baxshiligidan uzoqlashib, harbiylikka qiziqib ketadi deyishdi. Ammo unday bo‘lmadi. Navro‘zbek vodiyga, Farg‘ona viloyatiga xizmatni o‘tash uchun borib, qasamyod qilganida ham tadbir davomida qo‘shiq kuylab chiqdi. Buni ko‘rgan ota-onasi, axiyri, taslim bo‘lishdi, tan berishdi.
Harbiy xizmatni hozir ham qo‘msaydigan Navro‘zbek, xizmat davrini o‘zgacha taassurotlar bilan eslaydi. Vodiyliklar uchun voha san’ati, ayniqsa, baxshichilik qiziq edi. Ular bo‘sh qolgudek bo‘lishsa yoki safda ketayotgan paytida ham xizmatdoshlari Navro‘zbekdan bir shingil qo‘shiq so‘rashardi. Ana ko‘ringki, vodiyda Surxon yigitining, baxshisining ovozi baralla yangrardi. Bu ovoz tog‘lardan aks-sado berganday bo‘lardi. Tadbirlar, kechalar esa Navro‘z Qarshiyevning ishtirokisiz o‘tmasdi. Hatto, tanigan-bilganlar to‘yga ham chaqirishardi. Mumkin bo‘lmasa-da, baxshi yigit imkon qilib, to‘y-u tadbirlarga borib, kuylashdan to‘xtamasdi.
— Xizmat paytida bir tadbir bo‘ldi, — deydi N.Qarshiyev. — Men boshlovchiman. Orada qo‘shiq ham kuylayman. Tadbirimiz mehmoni sifatida Sevinch Ismoilova taklif qilingan. Xonandaning hamma yaxshi biladigan “Qashqadaryo, Surxondaryo tomonda…” deya boshlanuvchi qo‘shig‘iga javob qo‘shiq aytib yurardim. Shu kuni fursati kelgan ekan, mehmon xonanda kelishi bilan, uni kutib olar ekanman, shu qo‘shiqni ayta boshladim. Sevinch hayratda edi. U xursand bo‘ldi, shu tariqa birgalikda duet qo‘shig‘imiz yaraldi.
Shu-shu Navro‘zbek baxshi va Sevinch Ismoilova to‘y-u tadbirlarda birgalikda kuylab, ijod qilib keladi. Shu orada harbiy xizmat muddatini o‘tab, imtiyozli yo‘llanmani qo‘lga kiritgan askar endi uyiga ketaman deb turganida Mudofaa vazirligi tomonidan harbiy xizmatni davom ettirish taklifi beriladi. Taklifni qabul qilgan Navro‘zbek aloqachi bo‘lib ishlay boshlaydi. Shu tariqa 6 yilini vodiyda o‘tkazgan baxshi yigit muddati yetgach, vatanga Surxon diyoriga qaytishga qaror qiladi.
Albatta, Navro‘zbek harbiy xizmatni shunchaki o‘tab qaytmadi, u do‘stlar orttirdi. Tinib-tinchimas yigitning faolligi, jonbozligi, san’atga oshno qalblarda bir umrga saqlanib qoladigan bo‘ldi. Harbiy tayyorgarlikda ham boshqalardan qolishmaydigan baxshi yigit maydonga chiqsa, sherdek raqibini yer tishlatadigan, kamondan o‘q otsa, Alpomishdan qolishmay, Asqar tog‘ini qulatmasa-da, nishonga tekkizadigan mergan bo‘ldi. Shu sababdan ham harbiy xizmatchilar o‘rtasida o‘tkaziladigan “Mardlar qo‘riqlaydi vatanni” ko‘rik-tanlovining respublika bosqichida birinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa, okrug bo‘yicha bo‘lib o‘tadigan “Eng yaxshi kitobxon” ko‘rik-tanlovlarida ham bir necha bor birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Vohaga qaytgan Navro‘zbek o‘zini na harbiy va na boshqa sohada ko‘rdi. Shunchaki, do‘mbirasini qo‘lga olib, surxoncha libos ila baxshiyona kuylashni tanladi. Bu qalb amri edi. Hozirda ijtimoiy tarmoqlar ommalashib ketgan emasmi, Navro‘zbek baxshi o‘z san’atini, o‘z imijini yaratdi. Adashmagan ekan, milliylikni sevuvchi insonlar Navro‘zbek baxshini o‘zlarining to‘y-hashamlariga, yaxshi kunlariga taklif etishadi.
— Afsuski, o‘zimizda to‘yga taklif qilishsa, do‘mbiramni chalib boshlasam: “bu nima qilganing, zamonaviy qo‘shiqlardan kuyla”, deyishadi, — deydi baxshi yigit o‘ksinib. — Bu ko‘nglimga og‘ir botadi. Asl san’atni tushunmaydigan, milliyligimizni, xalq og‘zaki ijodini hurmat qilmaydigan odamga esa tushuntirishning hojati ham yo‘q.
Navro‘zbek talab yo‘q ekan deb, baxshichilikni tashlamaydi. Qaytamiga, bu unga kuch beradi, yanada jo‘shib kuylashga tirishadi. Vodiy tomonlar, Samarqand-u Jizzax, Sirdaryo, Xorazm, qoraqalpoq ahli esa surxoncha qo‘shiqlarimizni, baxshiyonalarimizni sevib tinglaydi, aytimlarimizdan, dostonlarimizdan parcha so‘rashadi. Shuning uchun ham Navro‘z baxshi san’atini sevuvchilar yurtimizning qay burchagida bo‘lmasin, bajonidil o‘sha yerga borishga, xizmatga kamarbasta bo‘lishga intiladi.
Baxshi yigit bu bilan kifoyalanmaydi. O‘zining bor imkoniyatidan, kuchidan foydalanishga intiladi. U nafaqat baxshichilik, balki estrada yo‘nalishida ham kuylaydi. O‘zining o‘nga yaqin mualliflik qo‘shiqlari bo‘lib, ularning ba’zilariga klip ham suratga olingan. Serqirra ijodkor o‘zini qisqa metrajli filmlar suratga olish bo‘yicha ham sinab, ibratli, tarbiyaviy mazmundagi filmlarni suratga olgan. Mavzuga esa hayotning o‘zi doyalik qilgan. U jamiyatdagi og‘riqli nuqtalarimizga e’tibor qaratib, tomoshabinni “uyg‘otishga” urinadi.
Uning “Jannatim onam” loyihasini esa surxondaryoliklar iliq kutib oldi. Ko‘pchilik murojaat qilib, Navro‘zbekning loyihasida ishtirok etishni, volidasiga kutilmagan tuhfa hozirlashni istaydi. Ayni loyiha bilan insonlar qalbidan joy olayotgan, armonlarni aritayotgan Navro‘zbekning o‘ylab qo‘ygan, amalga oshirmoqchi bo‘lgan loyihalari hali bisyor.
Navro‘zbek nafaqat jiddiy yo‘nalishlarda ijod qiladi, balki hajvni sevadi. Tomoshabinga estetik zavq uyg‘otishni, kuldirishni, kayfiyatini ko‘tarishni istaydi. Va u buning uddasidan ham chiqyapti deb ishonch bilan ayta olamiz. Uning hajviy ruhdagi lavhalarini tomosha qilsangiz, fikrimiz nechog‘lik to‘g‘ri ekaniga amin bo‘lasiz.
San’at chegara bilmaydi. Qay yo‘nalishda bo‘lmasin, birinchi bo‘lishga emas, mazmunli ijod qilishga intilish kerak. Ana shundagina tomoshabinning, muxlislarning e’tibori-yu e’tirofi sizni birinchi pog‘onaga chiqara oladi. San’atkor to‘xtamasligi kerak, to‘xtash fojia degandek gap. Navro‘zbek bu aqidaga amal qilib, o‘z yo‘lida to‘xtash bilmay, oldinga intilayotganga o‘xshaydi. O‘zi to‘g‘ri deb bilgan yo‘lida davom etayotgan bu yigitning anglagan haqiqati bitta — milliyligimizni, o‘zligimizni unutmaylik, oyog‘imiz yerdan uzilmasin. Ana shundagina unutilishga mahkum bo‘lmaymiz. Navro‘zbek Qarshiyev musiqa yo‘nalishida o‘qimagan, ammo iqtidori bor. Aks holda, uni san’at sohasi o‘gay bilib, sig‘ishtirmasdi, halol mehnat bilan rizqini terishga imkon bermagan bo‘lardi. U shunchaki musiqadan savodi bor-u ammo ovozi yo‘q, o‘qib uqmagan san’atkorlarni ko‘rganda, ijodini (agar uni ijod deb bo‘lsa) kuzatganda og‘rinadi, ich-ichidan eziladi. Buyuk xalqning avlodlari o‘zlarini har ko‘yga solayotganidan afsusda…
— Atrofimizda haqiqiy iste’dodlar juda ko‘p. Shunchaki biz ularni payqamaymiz. Yuzaga chiqarish esa moddiyatga taqalib turgan bir paytda ularning san’atdan ko‘ngli qolib borayotir. Biz haqiqiy iste’dodlarni ana shunday qilib yo‘qotyapmiz, o‘zimiz o‘ldiryapmiz, — deydi Navro‘zbek baxshi.
Hattoki, baxshi yigit haqiqiy iste’dodni yuzaga chiqarishga xizmat qiluvchi televizion shoulardan ham zada bo‘lgan. Imkoni bo‘lmaganlarni kashf eta olmaydigan bunday ko‘zbo‘yamachiliklarni tan olmaydi. Shunchaki tomoshabinning vaqtini oladigan bunday shoular ularga hech qanday foyda bermasligidan kuyinib so‘zlaydi:
— Biz bugun nimani tomosha qilyapmiz? Qandaydir taqlid shoular, yegan-yemagan hazillarnimi?! Bachkanalikdan boshqasini ko‘rsata olmayotgan kanallarimizning efir vaqtini o‘g‘rilayotganda kimga achinishni ham bilmaysan kishi. Talab shu deb efirga berayotgan televideniyeda faoliyat yuritayotganlarning saviyasigami yoki “dasturxonga qo‘yganni yeb ketayotgan” tomoshabinlarning ma’naviy ahvoligami?!
Albatta, bugungi san’atimiz osmonida porlayotgan Surxondaryodan yetishib chiqqan yulduzlarimiz bor. Ammo ularning o‘rnini bosadigan yoshlar-chi? Nahotki, mashhur xalq hofizlari bitta bo‘lsa ham shogird yetishtirmayotgan bo‘lsa… Agar bor bo‘lsa, nega tomoshabin bundan xabardor emas. Haqiqiy ijodkorlar, yonib turgan yulduzlarimiz har qanday qarshilik, har qanday tazyiqqa qaramay, porlayveradi. Taqiqlasangiz, eshikni berkitsangiz, derazadan — qaydan bo‘lmasin, o‘ziga yo‘l topib, chiqaveradi, yo‘l, imkon topaveradi. Xuddi Navro‘zbek baxshi singari…