“Boysun bahori” deyishimiz bilan har bir insonning xayolot olami jonlanadi. Ko‘hna Boysunning kengliklarida bo‘lib o‘tgan festivalning shukuhi qalblarni chulg‘ab oladi. Har tarafdan tog‘lar haybati, gul-u maysalarning chor-atrofni bezab turgan manzara, mayin shabada va milliyligimiz tarannumi bo‘lgan ko‘rgazmalar, chiqishlar vaqtni chog‘ o‘tkazgani hissiyotini dunyoning qay burchagini kezib, sayr-u sayohat qilib-da his etmasligimiz aniq. Ho‘sh, bu yilgi “Boysun bahori” xalqaro folklor festivali qanday o‘tadi? Festivalga qanday hozirlik ko‘rilmoqda? Bu savollarning javobi har vohadoshimiz-u mehmonlarni qiziqitirishi aniq.
Joriy yilning may oyida Boysun tumanida bo‘lib o‘tadigan “Boysun bahori” xalqaro folklor festivalida dunyo folklor-etnografik san’ati ijrochilari va muxlislari, folklorshunoslarning tashrifi kuzatilmoqda. Bu yil festivalni tamomila yangicha ruhda, shukuhda o‘tkazishga qizg‘in hozirlik ko‘rilayotir. Ayni paytda xalqaro festivalning asosiy tadbirlari o‘tkaziladigan Bibishirin mahallasidagi zamonaviy turizm majmuasida folklor-etnografik jamoalarning chiqishlari, milliy sport o‘yinlari va boshqa turli tomoshalarni keng namoyish etish uchun barcha qulaylik yaratilmoqda.
Albatta, xalqimizning boy san’ati, milliy qadriyat-u an’analari bor. Biz avlodlar uni unutmaslgimiz, kelgusi avlodlarga bus-butunligicha yetkazish murchimiz va majbiroyatimizdir. An’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan mana shunday festivallar har birimizni milliylikka, o‘zlikka qaytargandek bo‘ladi. Urf-odatlarimiz, milliy san’atimiz, xalq og‘zaki ijodimiz qadr topadi, yanada sayqallanadi. Bundan nafaqat vohadoshlarimiz, yurtdoshlarimiz, balki butun dunyo ahli bahramand bo‘ladi, ma’naviy-estetik zavq oladi. Qolaversa, Surxondaryoning turistik salohiyati ko‘z-ko‘z bo‘ladi.
“Boysun bahori”da folklor-etnografik jamoalarimizning boy dasturlari, milliy sport o‘yinlari va boshqa turli tomoshalari tomoshabinlar hukmiga havola etilishi mo‘ljallanayotir. Festivalning xalqaro ko‘rik-tanlovida esa mahalliy va xorijlik san’atkorlarning chiqishlari keng namoyish etiladi.
Festival avvalida, ya’ni birinchi kun Termiz shahrida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etiladi. Folklor san’ati bayrami kunlari esa belgilangan dastur asosida milliy taomlar, milliy hunarmandlik buyumlari ko‘rgazmasi, viloyat folklor jamoalarining kontsert dasturlari namoyish etiladi. Boysun kengliklarida havo sharlarini uchirish, dronshou kabi tomoshalar esa festivalga kelganlarga hush kayfiyat ulashishi aniq.
Tumandagi “Xo‘jamayxona” ziyoratgohi yo‘llarida velomarafon musobaqasi o‘tkazilsa, “Omonxona” shifobaxsh buloq suvi, Xo‘ja Sulton Valiy, Kamari Aziz, Xo‘jaqo‘chqor ota ziyoratgohlari, Zovboshi, Kizil kan`on singari turistik manzillarga, viloyatning arxelogik obidalari va tarixiy yodgorliklariga sayohatlar uyushtiriladi. Varrak uchirish, qo‘chqor, xo‘roz urishtirish, arqon tortish va boshqa etnosport bellashuvlari, kurash, uloq-ko‘pkari musobaqalari festival mehmonlarida boy taassurot uyg‘otsa, ajab emas.
“Boysun bahori”: tayyorgarlik avjida
Date: