“O‘zbekistonga, shu yurtning yoshlariga kerakman”

Date:

Hammaning ham bolaligidan o‘z qahramoni bo‘ladi. Eng birinchi, ota-onamizga o‘xshashni istasak, hayotimiz davomida o‘z idealimizni uchratamiz. To‘g‘ri, inson yolg‘iz o‘ziga o‘xshashi kerak. Ammo, ana shu ideallar bizni shaxs sifatida kamolga yetishimizda turtki bo‘ladi. Vaqti kelib, o‘zligimizni topamiz. O‘zimiz orzu qilgan cho‘qqiga ko‘tarilamiz. Mushtariy Qarshiyeva ham 9-sinfligida birinchi bor ingliz tili o‘qituvchisiga mahliyo bo‘lib qoldi. O‘qituvchining dunyoqarashi kengligi, fikrlashi boshqalardan farq qilardi. Ayniqsa, darslaridan birida onlayn tarzda xorijliklar bilan ularning tilida shu qadar chiroyli gaplashdiki, ustozining talaffuzi, o‘zini erkin tuta bilishi, so‘zlarini yo‘qotmasdan gapirishi, umuman qat’iyatini ko‘rib, ancha paytgacha o‘sha taassurotlar bilan yurdi. Birinchi sinfdanoq rus tilini o‘rganib yurgan, qiziqishlari ham rus tili bilan bog‘liq o‘quvchi qiz bir kunda o‘zgarib qoldi. Shuncha yildan beri ingliz tili darslari o‘tib kelinsa-da, bu qadar bu fanga qiziqtira olmagan o‘qituvchilaridan farqli ravishda maktabga yangi kelgan sinf rahbarini yaxshi ko‘rib qolgan, xuddi u kabi bo‘lishni istayotgan edi.

Mushtariy ko‘p o‘ylab o‘tirmaydi, o‘z oldiga maqsad qo‘ydimi, o‘sha maqsadga yetmaguncha tinchimaydi va to‘xtamaydi. Ota-onasiga ingliz tilini o‘rganmoqchi ekanini aytganida ham ular darrov qo‘llab-quvvatlashdi. Shu tariqa Mushtariy Qarshiyeva til o‘rganishga kirishdi. Birituvchi sinf emasmi, oldinda oliygohga o‘qishga kirish imtihonlari turardi. Yondosh fanlardan ham tayyorgarlik ko‘rib, imtihon topshirib chiqqan Mushtariy birdaniga tushkunlikka tushib qoldi. Insonning eng yaqini, undagi o‘zgarishlarni darrov sezadigani uni onasi bo‘lsa kerak. Mushtariydagi tushkunlikni sezgan ona qizining ko‘ngliga qo‘l soldi.

Ko‘z yoshlarini yashira olmagan Mushtariy esa imtihonlardagi savollarga ko‘ngildagidek javob bermaganini, o‘zidan, bilimidan qoniqmaganini aytdi.

—   Ingliz tilidan-ku barcha savollarga javob berganimga ishonardim, — deydi Mushtariy. — Ammo, ona tili va adabiyotidan, tarixdan berilgan savollarga ikkilandim. Badiiy asarlar kam o‘qiganim pand bergan edi. Nega yanada qat’iyat bilan tayyorgarlik ko‘rmadim deb o‘zimni ayblardim.

Imtihon natijalari esa bunday ko‘ngilxiraliklarini tarqatib yubordi. Sababi Mushtariy Termiz davlat universitetining xorijiy filologiya va tillarni o‘qitish yo‘nalishida o‘qishga qabul qilingan edi.

—   O‘qishga kirganim ota-onamni, yaqinlarimni quvontirdi. Sababi men to‘ng‘ich farzand bo‘lganim uchun mendan ko‘p narsalarni kutishardi. Dadamning “sen nimagadir erishsang, uka va singling ham seni izingdan ketadi. Shunday ekan, seni xato qilishga haqing yo‘q” deb aytgan so‘zlari meni doim o‘zimga bo‘lgan mas’uliyatni oshirardi, — deydi M. Qarshiyeva.

Mushtariy “o‘qishga kirdim bo‘ldi” demadi, balki oilasi bildirgan ishonch, imtihon jarayonida bilimlariga bergan bahodan kelib chiqib, o‘ziga bo‘lgan talabni oshirdi va harakatni boshladi. Birinchi navbatda ingliz tilini chuqurroq o‘rganishga kirishdi. Bir yillik o‘rganishdan keyin IELTS imtihonidan o‘tib, birinchi urinishdanoq 7 ballik natijani qo‘lga kiritdi. Universitetga to‘lov shartnoma asosida o‘qishga kirgani uchun o‘qishga kelgan ilk kunidayoq “hammadan yaxshi o‘qiyman” degan ichki ontiga muvofiq tirishqoqlik bilan o‘qidi. Faolligi, doimo “men javob beray” deya darslarga doimo tayyorligi bilan o‘qituvchilari e’tiboriga tushdi. Faolligi, tirishqoqligi, a’lo baholarga o‘qigani uchun ikkinchi kursning birinchi semestrida universitet stipendianti bo‘lgan bo‘lsa, ikkinchi semestrida hokim stipendiyasini qo‘lga kiritdi.

—   Nomdor stipendiyalardan birini qo‘lga kiritish o‘z oldimga qo‘ygan maqsadlarimdan biri edi, — deydi Mushtariy. — Birinchi navbatda a’lo o‘qish bilan birga ilmiy maqolalar yozishim ham kerak edi. Ustozlarimning maslahat va tavsiyasiga ko‘ra maqola yozishga kirishdim.

Albatta, hamma ham maqola yozadi. Ilmiy maqolalar nomigagina yozilgan, maqolasi bormi bor, ism-sharifi nashrlarda chiqqanmi chiqqan talqinida bo‘lishini istamagan Mushtariy mavzu tanlashga ham katta e’tibor qaratdi. Tanlagan mavzusi qiziqarli, dolzarb va ahamiyatga ega bo‘lishi kerak edi. O‘ziga ana shunday talablarni qo‘ygan holda izlandi va birinchi maqolasiga “Maktab bolalarida ingliz tilini rivojlantirishda ektivitilarning, ya’ni mashg‘ulotlarni o‘rni” mavzusida tayyorlab, ilmiy rahbariga topshirganida, yo‘l qo‘ygan xatolari, e’tibor berishi lozim bo‘lgan jihatlari ko‘pligini ko‘rib, maqola yoza olishiga ikkilanib qolgan Mushtariy bir necha martalab tuzatishlardan so‘nggina maqolasi nashr etilgan edi. Shundan so‘ng, yosh izlanuvchi maqola qanday yozilishi, uning turlarini o‘rgandi, nazariy bilim va ko‘nikmalarini oshirdi. Shu tariqa Mushtariy Qarshiyevaning o‘nlab maqolalari dunyoga keldi va ilmiy jurnal va qo‘llanmalarda e’lon qilindi. Bu maqolalar bilan u universitetda bo‘ladigan, qolaversa, respublika va xalqaro miqyosdagi konferensiyalarda ishtirok etib, tanlagan mavzusi bo‘yicha yozgan maqolalarini muvaffaqiyatli himoya qildi.

Joriy o‘quv yili Mushtariy uchun quvonchli voqealarga boy bo‘ldi. U birinchi navbatda Navoiy nomidagi davlat stipendiyasini qo‘lga kiritdi. Quvonch yoshlarini yashira olmagan qahramonimiz darrov yaqinlariga sim qoqib, ushbu xushxabarni yetkazib, ularning-da qalbini quvonchga to‘ldirdi.

Darvoqe, Mushtariy barcha ishni teng olib borishga harakat qiladi. U badiiy adabiyotlar o‘qib, mutolaani kanda qilmaydi. U bilan suhbatlashsangiz, yosh izlanuvchining fikrlashidan uning dunyoqarashiga, salohiyatiga munosib baho berib, fikrlarimiz nechog‘lik to‘g‘ri ekaniga amin bo‘lasiz. Ayniqsa, detektiv asarlar o‘qishni xush ko‘radi. Voqealar rivoji, muallifning yondashuvi, jinoyatlarning ikir-chikirlariga e’tibor qaratib, fosh etilish jarayoni Mushtariy sevib o‘qiydigan jihatlardir. U eng ko‘p psixologik kitoblarga murojaat qiladi. Bunday kitoblar inson o‘zini rivojlantirishi uchun ham kerak deb hisoblaydi.

—   Psixologiyaga oid kitoblarni o‘qib, o‘zimni o‘zgartira oldim deb o‘ylayman, — deydi yosh kitobxon. — Harakterimdagi ba’zi jihatlarni, fe’limni jilovlay oldim. Jizzaki, salga jahllanib ketadigan, eng yomoni, erkatoy va injiq qiz edim. Mutolaa, psixologiyani o‘rganish o‘zimni tutishni, mushohadali bo‘lishni o‘rgatdi.

Mushtariy o‘zini ilmga baxshida etgan, o‘qib o‘rganishga, izlanishga safarbar etgan bo‘lsa-da, atrofida uni qadrlaydigan do‘stlari, yaqinlari borligi uning samimiyatidan, ochiq ko‘ngilliligidan dalolat beradi. U yordam berishdan to‘xtamaydi. O‘rganganlarini o‘rgatishdan zavq oladi. Shuning uchun ham Mushtariy doimo qadrli va ishonchli do‘stga aylangan. Yaqin insonlarining samimiy munosabati esa Mushtariyga motivatsiya beradi. O‘ziga va atrofdagilarga bo‘lgan ishonchini orttiradi. Demak, u to‘g‘ri yo‘lda.

Mushtariyning onasi Xurshida Nuritdinova universitetda talabalarga dars berib kelgan o‘qituvchi emasmi, ustozning oilada farzandlar tarbiyasidagi o‘rnini tasavvur qilavering. Qattiqqo‘l ona o‘g‘il-qizlarining o‘qishiga jiddiy qaraydi. Ammo, samimiyatni ham unutmagan, kerak o‘rinda eng yaqin tirgak, do‘st bo‘lgani uchun ham to‘ng‘ichi Mushtariy orzu qilganidan-da ziyoda qiz bo‘ldi.

Onasiga munosib izdosh bo‘lishni orzulagan Mushtariy ukasi va singlisiga qattiqqo‘llik qiladi. Birgalikda dars tayyorlashadi, mutolaa qilishadi. Ularni ham til o‘rganishida Mushtariyning hissasi katta. Yosh ustoz uka va singlisining til o‘rganishi uchun oilada munosib muhit yarata olgan. Birinchi navbatda yot tilga quloq o‘rganishi kerak, shuning uchun ham ular ingliz tilida muloqot qilish bilan birga kino va multfilmlarni ham ingliz tilida tomosha qilishadi.

Mushtariy Qarshiyevaning pedagogik salohiyati yuqori. Qolaversa, o‘quvchisini qiziqtirib, uni to‘g‘ri yo‘naltira oladi. Shu sababdan ham o‘zi til o‘rgangan o‘quv markazi unga ish taklif qilgan. Imkoniyatni qo‘ldan boy berishni istamagan Mushtariy esa bu taklifdan foydalanib, ayni paytda yoshlarga ingliz tilidan repititorlik qilib keladi. Ha aytgancha, Mushtariyning ingliz tilidan bilish darajasi yuqori ekani, IELTSdan 7 ballik natijani qo‘lga kiritgani shogirdlari ixlosini oshirgan. Yoshlar ham ayni ustozidek natijalarni qayd etishni istaydi-da.

Qahramonimiz maqsadni katta qo‘yib oldinga intilmoqda. Magistraturaga o‘qib, ilmiy ishlar qilishni orzulagan. Qolaversa, o‘zini katta bir o‘quv markazining rahbari sifatida tasavvur qilishi, o‘ziga bo‘lgan ishonchning nishonasidir. Mushtariyni til o‘rganishga mukkasidan ketgan qiz sifatida tasavvur qilmasligingiz uchun yana bir gap, u tengdoshlaridan ancha ilg‘orlab ketgan, muvaffaqiyatlarga erishgan qiz bo‘lsa-da, samimiyatini yo‘qotmagan, odamlarga munosabatidan, tavoze’ligidan o‘zbek qiziga xos hislatlarni his etasiz. Yana u xorijga ketishni, o‘z yo‘lini boshqa davlatlar bilan ulashni istamaydi. O‘zini O‘zbekistonga, shu yurtning yoshlariga kerakman deb o‘ylaydi. Oilasini, yaqinlarini qadrlaydi. Ana shunday qiz haqida faqat va faqat ijobiy fikrda bo‘lish, hurmat va havas qilish mumkin. Mushtariyni tanigan-bilganlar, u bilan bir bora suhbatda bo‘lganlar, albatta, farzandini ham shu qizga o‘xshashini istashi rost. Yoshlarimizning har biri Mushtariydek tirishqoq, o‘z ustida ishlashdan to‘xtamaydigan, o‘z pozitsiyasiga ega bo‘lar ekan, demak yurtimiz ertasi nurli, kelajagimiz porloq bo‘lishiga shubha yo‘q.

Sayyora ALLAYEVA

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Vatanparvarlik vujudimizda

Vatanni sevish — inson tug‘ilganidan onasini yaxshi ko‘rish, o‘z...

“QALQON” HARBIY QISMDA

Termiz davlat universiteti volontyor talabalaridan iborat “Qalqon” jamoatchilik guruhi...

Talablar o‘zgardi

Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasida Umra tadbirlarini tashkil etish va...

Statistika agentligi ISO 9001 xalqaro sertifikatini oldi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 4-martdagi PQ-114-son qarorida belgilangan vazifalardan...
KunTun
KunTun