Korrupsiya har qanday jamiyatning iqtisodiy, ijtimoiy, ma’naviy hayotiga xavf soladigan, mamlakat taraqqiyotiga to‘siq bo‘ladigan illatdir. U demokratiya va qonun ustuvorligiga putur yetkazadi, inson huquqlarining buzilishiga olib keladi, jinoyatchilikning ko‘payishiga sharoit yaratib beradi. Korrupsiya oqibatida milliy iqtisodiyot izdan chiqadi, ijtimoiy tengsizlik chuqurlashadi, hokimiyatga ishonch yo‘qoladi, aholi o‘rtasida noroziliklar kelib chiqadi.
Taʼkidlash lozimki, korrupsiya keltiradigan zarar barcha davlatlar uchun teng sanalib, mazkur illat davlatning turli sohalariga, xususan siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy jabhalarida amalga oshirilayotgan islohotlarga hamda mamlakatning xalqaro maydondagi imidji va investitsiyaviy jozibadorligiga salbiy taʼsir ko‘rsatadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga qilgan Murojaatnomasida taʼkidlaganidek, “Jamiyatimizda korrupsiya illati o‘zining turli ko‘rinishlari bilan taraqqiyotimizga g‘ov bo‘lmoqda. Bu yovuz baloning oldini olmasak, haqiqiy ishbilarmonlik va investitsiya muhitini yaratib bo‘lmaydi, umuman, jamiyatning birorta tarmog‘i rivojlanmaydi” degan edilar.
Davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarida korrupsiya omillarini keltirib chiqarayotgan tizimli muammolarni bartaraf etishga qaratilgan qator normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinib, amaliy hayotga tatbiq etilmoqda. Afsuski, shunga qaramay, huquqni qo‘llash amaliyotida mansabdor shaxslarning korrupsiya bilan bog‘liq jinoyatlarni sodir etayotganlik holatlari hali hamon uchramoqda.
Korrupsiyaning oldini olishning muhim omili shundaki, mamlakatda davlat xizmatchilari yuqori darajadagi ijtimoiy muhofazaga ega bo’lishlari: ular bepul tibbiy xizmat va taʼlim olish huquqiga va ijtimoiy kafolatlarga tayanishlari mumkin, bu esa korrupsion harakatlar ehtimolini sezilarli darajada kamaytiradi.
Xullas, davlat organlarida korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurash boʻyicha chora-tadbirlarni joriy etish, aholining korrupsiyaga qarshi qarashlarini shakllantirish boʻyicha xalqaro tajribalar hech qachon zarar qilmagan. Yaponlar ham, xitoyliklar ham, singapurliklar ham xalq ruhiyatini saqlab qolish, diniy qadriyatlarni mustahkamlash, vatanparvarlik mafkurasini ongga singdirish orqali milliy taraqqiyotga erishdi. Biz ham shu nurli yoʻldan yurishga munosib xalqmiz. Zero, ozodlik, erkinlik yaratgan boy imkoniyatdan toʻlaqonli foydalanish Oʻzbekistonda korrupsiya muammosi yechilishiga, qolaversa, uchta hokimiyatning oʻzaro tiyib turish tamoyiliga nechogʻli amal qilishiga chambarchas bogʻliq boʻladi. Bu illatga qarshi kurashish tegishli organlarninggina emas, barchaning ishi boʻlishi zarur. Ana shundaginako‘zlangan maqsadga erishiladi.
Shaxnoza Ergasheva,
Xalq deputatlari Uzun tuman Kengashi kotibiyati bosh mutaxassisi