Ombudsman kim, uning vazifasi nimadan iborat degan savol tug‘ilgan paytda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha (Ombudsman) Surxondaryo viloyatidagi mintaqaviy vakili Abdurashid Ortiqov siz-u bizga ombudsmanning qizg‘in faoliyati, amalga oshiradigan ishlarini jonkuyarlik bilan so‘zlay boshlaydi. Gapning isboti bilan bo‘lishini xush ko‘radigan vakil zimmasidagi vazifa yuki og‘ir, mashaqqatli, ammo sharafli ekanidan faxr va iftixor tuygan holda dalillar keltiradi.
Yurtimizda islohotlar shiddati shu qadar tezki, har birimiz fikran ziyrak va aqlan sergak bo‘lmog‘imiz lozim. Zotan, bularning negizida xalq manfaati, farovon turmushimiz bor ekan, albatta, inson huquqlari haqida to‘xtalmaslik nojoiz. Konstitutsiyamizning yangilanishi, yanada mukammallashuvi, qonun va qarorlarning qabul qilinib, ijrosi ta’minlanishida ham inson manfaati mujassam.
Bu, o‘z navbatida, har bir ombudsman vakiliga katta mas’uliyat yuklaydi. Kechagidan ko‘ra ildamroq, faolroq bo‘lishni, aniq va izchil reja asosida ishlashni talab etadi. Aslida inson huquqini himoya qilish, tiklash, adolatni o‘rnatish juda katta va buyuk vazifadir. Ammo hamma ham mavjud tashkilot va idoralarning maqsad va vazifasini, vakolatlarini yaxshi bilmaydi. Poymol etilayotgan huquqini tiklash uchun, ularni qiynayotgan masalalar uchun qayerga murojaat qilishlari mumkinligi haqida ham bexabar. Ana shunday paytda Oliy Majlisning inson huquqlari bo‘yicha Surxondaryo viloyatidagi vakili, ya’ni ombudsman jonbozlik ko‘rsatadi. Viloyat bo‘yicha hududlarda bo‘lib, ombudsman maktablarini tashkil etadi. Bu orqali fuqarolarga ularning huquq va majburiyatlari tushuntiriladi, qonunlar, farmonlar haqida tushunchalar beriladi.
Ombudsman maktablari viloyat bo‘yicha o‘tgan yil davomida 9 marotaba tashkil etilib, 151 ta murojaat ombudsman ish yurituviga olinib, buzilgan huquqlarni tiklash yuzasidan hokimlik va tegishliligi bo‘yicha tashkilot va idoralarga taqdimnoma kiritildi. Bu murojaatlar munosib yechim topmaguncha yoki huquqiy tushuntirish berilmagunga qadar ombudsman vakili sira tinchimadi. Joylarda o‘tkazilayotgan ombudsman maktablarining targ‘ibot-tashviqot, tushuntirish ishlari, murojaat va muammolar qabul qilinib, ularning yechimiga munosib yordam berilayotgani sabab xalqning ombudsmanga nisbatan ishonchi ortdi. U endi tushunib bo‘lmas tushuncha emas, balki ombudsman xalq va davlat idoralari o‘rtasida mustahkam ko‘prik vazifasini o‘tayotir.
— Qonunlarni kim buzadi? — deydi Oliy Majlisning inson huquqlari bo‘yicha viloyatdagi mintaqaviy vakili Abdurashid Ortiqov. — Albatta, davlat organlari yoki mansabdorlar. Yoki manfaat uchun hech narsadan tap tortmaydigan kimsalar. Bizning vazifamiz esa ana shunday qonunbuzilish holatlariga chek qo‘yib, huquqlarni tiklash, jabrdiyda, qiyin ahvolda qolgan odamlarga yordam berishdir.
Ombudsman maktablaridan birida bir fuqaroning farzandi qamoqxonada jazoni o‘tayotganini, u yerda betob bo‘lib, qarovsiz qolganini aytib, shikoyat qilganida ombudsman vakili Abdurashid Ortiqov darrov mahbus saqlanayotgan qamoqxonaga boradi. Vaziyatni o‘rgangach, shifokor bilan muloqotda bo‘lib, kerakli tushuntirish ishlari olib boradi va davo choralari ko‘rilib, bemor dori-darmon bilan ta’minlangan edi.
Mazmunan aniq yo‘naltirilgan murojaatlarning ijobiy yechim topishi oson. Ammo o‘rinsiz, ombudsman vakolatiga kirmaydigan murojaatlar ham bo‘lib turadiki, bunday paytda vakil o‘zi va adliya boshqarmasi, IIB, pensiya jamg‘armasi kabi qator hamkor tashkilotlar mas’ullari bilan birgalikda kerakli tushunchalarni berib, to‘g‘ri yo‘lga yo‘naltirib yuborishadi. Uy, subsidiya, ishsizlik masalalarida qilingan murojaatlar munosib hal etilib, mutasaddi tashkilotlarning yordami bilan ijobiy hal etilgan.

— Inson huquqlariga oid qonun va me’yoriy-huquqiy hujjatlarning asosini Konstitutsiya tashkil etadi, — deydi A.Ortiqov. — Bosh Qomusimizning 13-moddasida O‘zbekiston Respublikasida demokratiya umuminsoniy prinsiplarga asoslanishi, ularga ko‘ra inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat ekanligi belgilangan. Shu nuqtayi nazardan, Ombudsman institutining ham asosiy maqsadi insonlarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklari ta’minlanishiga erishishdan iborat. Ombudsmanga konstitutsiyaviy organ maqomi berilganligi tizimning inson huquqlarini himoya qilish imkoniyati ortishiga yo‘l ochdi.
Eng muhimi, Ombudsman tomonidan qiynoqlarga qarshi kurashish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Jazoni ijro etish muassasalari faoliyatini monitoring qilib, mahkumlar bilan bevosita suhbatlar tashkil etilmoqda, uchrayotgan muammolarni bartaraf etish choralari ko‘rilmoqda.
Ombudsmanning Surxondaryo viloyatidagi mintaqaviy vakili Abdurashid Ortiqov viloyatdagi tergov hibsxonasiga monitoring tashrifi chog‘ida xo‘jalik ishlariga jalb qilingan mahkumlar oila a’zolari bilan uzoq muddatli uchrashuvlarga chiqa olmas edi. Tizimda amalga oshirilgan islohotlar hamda ombudsmanning aralashuvi bilan mahkumlarning yaqinlari bilan uchrashishlariga yetarli sharoitlar yaratildi.
— Murojaatlarni tinglab turib, ularning har biriga yordam berishga oshiqamiz. Asosiysi, ularning muammosi hal, og‘iri yengil, mushkuli oson bo‘lsa bo‘lgani. Qonunchiligimizda belgilanganidek, murojaatlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri fuqarolarning haq-huquqlari bilan bog‘liq bo‘lsa, o‘zimiz shug‘ullanamiz. Agar ijtimoiy, iqtisodiy masalalarga taalluqli bo‘lsa, uni tegishli boshqarma yoki idoralarga taqdim etamiz va ma’lum muddatga qadar ma’lumot olamiz. So‘ng, murojaatchiga javob beramiz. Har bir murojaat uchun belgilangan muddat bo‘lib, biz murojaatlarning haftalik yakunini qilamiz. Qamoqxonada o‘rganish ishlarini olib borganimda mahbus ayolning murojaati e’tiborimni tortdi. Sodda ayol o‘zi bilmagan holda firibgarlarning tuzog‘iga tushib qolgan. Ayolning nomidan krediti chiqarib, yetmaganiga kredit to‘lovini ham, soliqlarni ham to‘lamagan. Oddiygina farrosh bo‘lib, ro‘zg‘or tebratuvchi,
3 farzandiga ham ota, ham ona bo‘lgan ayol javobgarlikka tortilib, o‘sha paytda qamoqxonada saqlanayotgan edi.
Ombudsman vakilining sa’y-harakatlari bilan sudga da’vo arizasi kiritiladi. Haqiqiy aybdorlar topilib, javobgarlikka tortiladi. Ayol esa sud zalidan ozodlikka chiqarilib, bo‘ynidagi qarzdorlikdan qutiladi. Buning ortidan nafaqat bir kishining, balki bir oilaning quvonchini qaytarib berganday bo‘ldi.
Dunyoda hali ham adolat borligini, egilsa ham sinmasligini isbotlash shart emas. Shunchaki ombudsman vakili o‘z xizmat burchini astoydil bajarish lozim, xolos. Ammo har bir natija, murojaatlarning ijobiy yechimi bu insonni ham murojaatchilardan kam shodlantirmaydi. Kelgusi ishiga shijoat bilan, yanada ruhlanib yondashishga, o‘z oldiga aniq maqsadlar qo‘yib, ishini iftixor ila davom ettirishga kuch bag‘ishlaydi. Yuqorida ta’kidlaganimizdek, buning ortidan Ombudsman davlat organlari va fuqarolar o‘rtasida mustahkam ko‘prik bo‘la oladi. Albatta, bu ko‘prik qanchalik mustahkam bo‘lsa, mamlakatda inson huquqlarining ta’minlanishi darajasi ortib boraveradi.
Sayyora ALLAYEVA,
Islom Mengliyev
(surat)