EL-YURT FAROVONLIGI UChUN BAJARILAYoTGAN XAYRLI IShLAR

Date:

Viloyat hokimligi tashabbusi bilan ommaviy axborot vositalari xodimlari, blogerlar va hokimlik, korxona, tashkilotlar matbuot kotiblarini hududlarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar hamda vohaning turizm salohiyati bilan yaqindan tanishtirish maqsadida press tur tashkil qilindi.
Media tadbir ishtirokchilari dastlab Denov tumanidagi “Xolchayon” mahallasi hududida faoliyat ko‘rsatayotgan “Navnihol sohili” ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligi a’zolari tomonidan amalga oshirilayotgan ibratli ishlar bilan tanishishdi. Fermer xo‘jaligining tadbirkor rahbari O‘tkir Qurbonovning hikoya qilishicha, faoliyatini avvaliga asosan qurilish mollari savdo – sotig‘i bilan boshlagan. Yakka tartibda uy qurish tashvishida yurgan qishloqdoshlariga qulaylik yaratish niyatida Toshkent va boshqa shaharlardan yog‘och – taxta, shifer, tsement, tomning ichki va tashqi qismini pardozlashda ishlatiladigan hamma turdagi sifatli qurilish mahsulotlarini keltirib, Denovdagi qurilish mollari bilan savdo qiladigan do‘konlarnikidan ancha arzon narxda sota boshlagan. Sababi, u qurilish ashyolarini birinchi qo‘ldan xarid qilgan.


Bozorma – bozor kezib, xalqning qaysi mahsulotlarga ehtiyoji balandligini obdon o‘rgangan ishbilarmon O‘tkir oziq – ovqat mahsulotlari bilan savdo qilishni ham rejalashtirib turgan bir paytda prezidentimizning baliqchilikni rivojlantirish, aholini baliq go‘shti bilan ta’minlashga doir qarorlari qabul qilinadi. Ushbu qarorni o‘qib chiqqach, shu soha bilan mashg‘ul bo‘ladigan tadbirkorlarga qator imtiyozlar berilishini bildi. Baliqchilik bilan shug‘ullanadigan shaxsga birinchi navbatda oqar suv kerak. O‘tkir yashaydigan qishloqning quyi qismidan Surxondaryo daryosi oqib o‘tadi. Daryoga yaqin joyda toshloqzor bo‘lib, undan hech kim foydalanmasdi. Shu joyda sun’iy ko‘l barpo qilib, baliq boqishni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirdi. Savdo – sotiqdan topayotgan daromadi hisobiga xususiy buldozeri, ekskavatori bor shaxslar bilan kelishib, texnikalarni uch oy to‘xtovsiz ishlatdi.Shu tarzda ikkita, biri 80 sotixli, ikkinchisi 120 sotixli sun’iy ko‘l yaratildi. Bu sun’iy ko‘llarga Surxondaryo daryosidan suv o‘z oqimi bilan kirib keladigan va chiqib ketadigan ariqlar qazildi. Ko‘lga tashlangan baliq chavaqlariga kalamush, ilon va suvda yashaydigan boshqa turdagi zararkunanda jonivorlar ziyon yetkazmasligini oldini olish choralari ko‘rildi.


Baliqchilikni rivojlantirishga 2019 yil kirishgan tadbirkor O‘tkir Qurbonovning sa’y – harakatlari zoe ketmadi. Har yili tonna – tonna baliq etishtirib, el dasturxoniga tortiq etishayapti. O‘n besh nafar qishloqdoshlarini sun’iy ko‘lda baliq etishtirishga jalb qilgan tadbirkor o‘tgan yilning may oylarida Sirdaryo viloyatidagi sohaga ixtisoslashgan xo‘jaliklardan “Oq amur”, “Zog‘ora”, “Tolstolov” zotli baliq chavaqlarini keltirib, ko‘lda sifatli va vitaminlarga boy ozuqalar bilan intensiv usulda boqa boshlashdi. Bugungi kunga kelib, har biri 2 – 2,5 kilogramm tosh bosadigan darajaga etgan jonivorlar ovlanib, sotuvga chiqarilmoqda.
Tadbirkorlar xo‘randalarga qulay bo‘lishi uchun sun’iy ko‘lning yonboshida keng va shinam oshxona qurib, talabgorlarga shu erning o‘zida baliq qovurib sotishni yo‘lga qo‘yibdi.
— 80 sotixli sun’iy ko‘limizdan 48 tonna, 120 sotixli sun’iy ko‘limizdan 150 tonna, jami 200 tonna baliq ovlashni ko‘zda tutganmiz, — deydi tadbirkor Qurbonov. – Albatta, shuncha “luqmai halol” ni oshxonamizda pishirib sotib, ado qilish qiyin. Shuning uchun mahsulotimizning asosiy qismini Denov va boshqa tumanlarning bozorlariga eltib, sotishni tashkil qilayamiz. Buning uchun baliq tashiydigan maxsus mashinalarimiz yetarli. Bilasiz, qishloq joyda hammaning ham hammom qurish, zamonaviy sauna barpo etishga qurbi etmaydi. Qurgan taqdirda ham ularni ishlatish og‘izgagina oson. Lekin qulay sharoitli bunday maskanlarda yuvinishga ko‘pchilik talabgor. Xalqning shu ehtiyojini inobatga olgan tadbirkor barcha qulaylik va sharoitlar muhayyo qilingan hammom, sauna, yozgi cho‘milish havzasi barpo etib, elga namunali xizmat ko‘rsatmoqda. Bundan tashqari, fermer xo‘jaligiga qarashli turli sport musobaqalari o‘tkaziladigan sun’iy qoplamali o‘yingoh, bil`yardxona, savdo do‘konlari, sartaroshxona va boshqa obyektlardan iborat xizmat ko‘rsatish majmuasi kechayu kunduz ochiq. “Xolchayon” mahallasidagi tadbirkorning ishbilarmonligi ortidan 80 nafar kishi ishli bo‘lgan.


Press tur jarayonida jurnalistlar va blogerlarga hamrohlik qilgan Denov tumani hokimligi mutaxassislari ma’lumotlariga ko‘ra, yaqin yillargacha Denov tumanida baliq va baliq go‘shtini topish muammo bo‘lib, bu parhez go‘sht asosan Sirdaryo, Qorqalpog‘iston va Turkmanistondan keltirilgan bo‘lsa, yana bir – ikki yil orasida denovlik tadbirkorlar viloyatning shimoliy zonasida yashovchi aholini to‘liq baliq go‘shti bilan ta’minlash imkoniga ega bo‘ladilar. Chunki keyingi paytda tuman hududidagi daryo va boshqa suv manbalariga yaqin manzillarda bo‘sh yotgan, qishloq xo‘jaligida foydalanilmaydigan toshloq erlar sun’iy ko‘llar barpo etib, baliqchilikni rivojlantirish uchun ishbilarmonlarga bo‘lib berilgan. Joriy yilning boshidan beri tadbirkorlar 68 ta loyiha bo‘yicha baliqchilik bilan shug‘ullanishayapti.Ular baliq etishtirishni ko‘paytirishi uchun moliyaviy muassasalar va jamg‘armalardan imtiyozli kreditlar ajratilgan, boshqa amaliy yordamlar ham ko‘rsatilmoqda. Bu loyihalarda belgilangan ishlar to‘liq o‘zlashtirilgach, har birida o‘rtacha 5 nafardan kishi ishli bo‘lgan taqdirda ham jami 350 nafar fuqaroning bandligi ta’minlanadi.
Media tadbirning keyingi manzili Sariosiyo tumanidagi “Sangardak” mahallasi bo‘ldi. Press tur ishtirokchilari mahalla hududida 1,5 kilometr balandlikda joylashgan “Xo‘jailg‘or valiy” ziyoratgohida bo‘lishdi. 877 ta zinadan chiqib, balandlikka ko‘tarilar ekansiz, pastdagi uylar va binolar xuddi gugurt qutisidek ixcham-ixcham, bir-birini ustiga mindirib qurilgandek tasavvur uyg‘otadi. Odamlar, yo‘llardan o‘tayotgan texnikalar chumolidek harakatda, dov-daraxtlar, mevali bog‘lardan pastlik yam-yashil o‘tloqzorni eslatadi. Ziyoratgohga chiqib borishingiz bilan musaffo havodan o‘pkangiz to‘lib nafas olasiz. Ziyoratgoh atrofida bir necha buloqlar bo‘lib, og‘zingizga olishingiz bilan tishni zirrilatadigan zilol suvdan tanangiz yayraydi. Mahalliy aholi buloq suvlarini ham shifobaxsh, ham o‘ziga xos sirli, deb ta’riflashdi. Zinalardan balandlikka chiqib borish qanchalik mashaqqatli bo‘lsa, pastga tushish ham ehtiyotkorlikni talab etadi.


Viqorli tog‘ bag‘rida joylashgan, o‘ziga xos takrorlanmas tabiati va rivojlangan infratuzilmaga ega mahalla “Turizm qishlog‘i” maqomini olishi bo‘yicha qator ishlar amalga oshirilmoqda. Olis tog‘ qishlog‘iga sanoatni olib kirish niyatida zamonaviy dizayn asosida barpo etilgan “Sangardak chevarlari” korxonasi qishloq husniga husn qo‘shib turibdi. Mahalla faollari media tur qatnashchilarini tikuvchilik korxonasi faoliyati bilan tanishtirishdi. Hozirda tog‘lik chevar xotin – qizlarning 52 nafari Termizdagi “Zif Textil” MChJ tadbirkorlari buyurtmasiga asosan ish korjomalari tayyorlashayotgan ekan. Korxonada “Ustoz – shogird” an’anasiga muvofiq ishsiz xotin – qizlarni tikuvchilik kasbiga o‘qitish va o‘rgatish yo‘lga qo‘yilibdi. Korxona ochilganiga uch yil bo‘lgan bo‘lsa, o‘sha kundan beri mehnat qilib kelayotgan Muborak Jiyanova, Matluba O‘taganova, Gulzor Qo‘chqorova singari mohir tikuvchilar o‘z kasb sirlarini yoshlarga o‘rgatish barobarida o‘zlariga ishonib topshirilgan buyurtmalarni sifatli va bejirim tayyorlash yo‘lida musobaqalashib ishlashayotir.

—Korxonamizda 200 ta zamonaviy tikuv mashinasi o‘rnatilgan, — deydi ish boshqaruvchi Zumrad Azizova. – Yana bir oydan keyin tikuvchilarimiz safi to‘liq bo‘ladi. Hozir bog‘larda har xil mevalar pishgan, tikuvchilarimizning asosiy qismi ayni damlarda xususiy bog‘laridagi mevalarni yig‘ib olish bilan band. Chevarlarimiz bajargan buyurtmalariga yarasha ish haqi olishayapti, korxonada tushlik payti tekin ovqat beriladi. Yoshlar kasbga bepul o‘qitiladi va tajribali tikuvchilarga biriktirilib, uch oylik sinov muddatidan keyin mustaqil ish boshlaydi.


Ayonki, yoz oylari so‘lim go‘sha – “Sangardak” qishlog‘i ob-havosi salqin bo‘lgani bois tog‘li bu manzilga hordiq chiqargani va tabiat manzaralarini, ayniqsa, yil o‘n ikki oy suvi to‘xtamaydigan sharsharani tomosha qilgani mamlakatimizning turli go‘shalari va qo‘shni davlatlardan juda ko‘p kishi tashrif buyuradi. Dam oluvchilarga ko‘ngildagidek xizmat ko‘rsatish, miriqib dam olishlari uchun barcha qulayliklarni yaratish maqsadida yil sayin “Oilaviy mehmon uylari” soni ko‘paymoqda. Press tur ishtirokchilari “Chingiz” oilaviy mehmon uyi faoliyati bilan tanishtirildi. Yosh, biroq ishbilarmon Shohruh Hasanov keng va shinam, daraxtlar hamda turfa gullarga burkangan soya-salqin hovlisida o‘z sarmoyalari hisobiga 70 nafar mehmonga mo‘ljallangan chiroyli va bejirim uy quribdi. Ikki qavatli, to‘rtta keng xonadan iborat 25 nafar kishiga mo‘ljallangan uyda dam olishga kelgan fuqarolar uchun barcha sharoitlar muhayyo. Qishda issiq, yozda salqin bo‘ladigan xonalarga did bilan joylashtirilgan zamonaviy yotoq mebellari, muzlatgich, televizor, javonlarga terib qo‘yilgan har xil adabiyotlardan ko‘z quvnasa, yuvinish, taranish uchun ajratilgan xona hamda oshxonadagi qulayliklarni ko‘rib havasingiz keladi. Hovlida har birida 10 nafar kishi sig‘adigan o‘ndan ortiq krovatlar qo‘yilgan, ko‘m-ko‘k zilol suvga to‘la ochiq basseyn, bolalar o‘ynashi uchun alohida maydonchalar, halinchaklar, xullas, hordiq chiqarishga barcha imkoniyatlar etarli. Oziq-ovqat mahsulotlarini keltirib, xohlagan taomingizni tayyorlashingiz uchun keng oshxonada qozon, kosa-tovoq, tandir, o‘choq, samovar hammasi muhayyo. Xohlang o‘zingiz pishiring, xohlang uy egalari tayyorlab berishadi.


—“Sangardak” mahallasini “Turizm qishlog‘i”ga aylantirish uchun qishloq tadbirkorlarining 30 nafariga oilaviy mehmon uylari barpo etishlari uchun boshqarmamiz amaliy yordami va tavsiyasi bilan tijorat banklardan imtiyozli kreditlar ajratilgan, — deydi viloyat Turizm boshqarmasi bosh mutaxassisi Sherqo‘zi Eshev. – Bundan tashqari, tog‘ qishlog‘i fuqarolariga tobora unutilayotgan qadimiy hunarmandchilikni qayta tiklash va rivojlantirish, uy – muzeylari tashkil qilish uchun ham amaliy ko‘mak berilayapti.
“Sangardak” qishlog‘ining mashhur sharsharasini tomosha qilish, tog‘ qishlog‘i aholisi turmush sharoiti bilan tanishish maqsadida har yili bu yerga yaqin va olis chet davlatlaridan ham ko‘plab sayyohlar tashrif buyurishmoqda. Xorijlik hamda mamlakatimizning turli go‘shalaridan kelib ketadigan mehmonlar va sayyohlarga namunali xizmat ko‘rsatish maqsadida mahalla hududida ikki yil ilgari O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi mablag‘i hisobiga 50 o‘rinli “Sangardak” mehmonxonasi qurib bitkazilgandi. Media tur ishtirokchilarini mehmonxona mulozimi Asqar Siddiqov yangi maskandagi sharoitlar va qulayliklar bilan tanishtirdi. Ikki-uch kishi yashaydigan xonalar bejirim bezatilgan, barcha qulayliklar mujassam. Yashash uchun belgilangan kunlik to‘lov evaziga mehmonlarga oshxonada uch mahal sifatli milliy taomlar beriladi. Mehmonxona tashqi qismida o‘sib turgan turfa anvoyi gullar, iqlimga mos mevali va manzarali daraxtlar kishining bahri dilini ochadi. Tog‘dan esib turgan toza havo tanangizga xush yoqadi.

Press tur yakunida viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov jurnalistlar va blogerlar bilan uchrashib, dildan suhbatlashdi. Viloyat rahbari turizm sohasida ulkan salohiyatga ega bo‘lgan Surxon vohasining betakror tabiati, so‘lim va betakror go‘shalarini axborot makonida keng targ‘ib qilish hamda tanishtirishda jurnalistlar va blogerlar yordamiga tayanishini ta’kidladi.

Usmonali NORMATOV,
Naimullo Muhibulloyev
(surat)

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

O‘yinlar qayta boshlandi

Termizning "Surxon" futbol klubi uy stadioni hisoblangan "Surxon Arena"...

So‘nggi pushaymon…

Ba’zida inson qilar ishni qilib qo‘yib, oqibatini keyin o‘ylaydi....

Bo‘ron chopag‘onga yetadigani yo‘q

Uloq, ko‘pkari — O‘rta Osiyo xalqlarining qadimiy ommaviy, milliy...

“Oqila ayol” tashabbusi

Quyosh panellarining foydasi-yu qulayligini bilgan borki, allaqachon xonadoniga quyosh...
KunTun
KunTun