Konstitutsiyamizni birgalikda mustahkamlaylik!

Date:

O‘tgan davr qaysidir jihati bilan kimningdir esida qolgani aniq. Masalan, kim uchundir og‘riqli nuqtaga aylangan majburiy mehnat, asosiy vaqtini paxta dalasida o‘tkazish, nohaq tuhmat yoinki, aybdorligi isbotlanmagan shaxslar ham ehtiyot chorasi uchun qamoqqa olinishi, ta’lim emas, “qora” mehnat bolalar uchun ham birinchi masalaga aylangan davrlar…

Ijtimoiy nafaqa yoki maoshingiz berilgan plastik kartasini naqd pul ko‘rinishida almashtirish uchun sarson yurgan kezlarimiz, 30 foizidan voz kechib, “qora bozor”dagi dallollarga yalinib, pul qildirib olganimizchi yoki bo‘lmasa, xorijiy davlatdan qarindoshimiz pul yuborganida uni olish uchun banklarda turnaqator navbatda qiynalganlarimizni bir eslab ko‘ring. Biroq bularning bari so‘nggi yillardagi o‘zgarish va rivojlanish tufayli ortda qolganini har birimiz ko‘rib-bilib turibmiz. Konstitutsiyamiz qabul qilinganiga ham 30 yildan oshdiki, bu yillar oralig‘ida ijtimoiy hayotda, iqtisodiy sohalarda, siyosiy va xorijiy munosabatlarda tubdan o‘zgarish va yangilanishlar bo‘ldi. Rivojlanish tendensiyalari shiddat bilan globallashib, zamonaviy qiyofa kasb etayotgan bir davrda o‘z-o‘zidan konstitutsiyaga ham o‘zgartirish va yangiliklar kiritishni davrning o‘zi taqozo qilmoqda. Va bu borada yurtimizda katta siyosiy jarayon boshlab yuborildi va amaldagi konstitutsiyaga ko‘plab o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish uchun qonun loyihasi xalq muhokamasiga qo‘yilib, fuqarolarning takliflari, tashabbuslari asosida yangi Konstitutsiya loyihasi tayyorlandi.

Konstitutsiya loyihasidagi moddalar soni amaldagi 128 tadan 155 taga, normalar soni 275 tadan 434 taga oshdi. Ya’ni, Asosiy qonunimiz matni qariyb 65 foizga o‘zgartirildi va xalqimiz takliflari asosida yangilandi. Bir narsani alohida aytish kerakki, Konstitutsiyaning bu matni olim-u mutaxassislar tomonidan faqat kabinetlarda yaratilmadi. Balki, dastavval ikki bosqichda xalqimizning fikri, takliflari oʻrganildi, shundan soʻnggina Konstitutsiya loyihasi tayyorlandi.

Ko‘pchilikning xabari bo‘lsa kerak, “O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi bo‘yicha umumxalq referendumini o‘tkazish joriy yilning 30-apreliga belgilangan bo‘lib, ayni kunlarda joylarda ushbu qonun loyihasining mazmun-mohiyati, kiritilayotgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlarni fuqarolarga yaqindan tanishtirish maqsadida, joylarda targ‘ibot tadbirlari tashkil etilmoqda. Ana shunday targ‘ibot tadbirlardan biri  Termiz muhandislik-texnologiya institutida tashkil etildi. Tadbirda jam bo‘lgan talaba-yoshlarga tadbirga tashrif buyurgan O‘zbekiston Respublikasi Qonunchilik palatasi deputati Botir Mardayev hamda xalq deputatlari viloyat Kengashi kotibiyat mudiri Saydulla Abdurayimovlar ushbu konstitutsiyaviy qonun loyihasiga kiritilayotgan o‘zgarish va qo‘shimchalar, shuningdek, yangiliklar haqida batafsil ma’lumot berishdi.

— Konstitutsiyaviy qonun loyihasida fuqarolar manfaatini himoya qiluvchi, ularga keng ko‘lamli imkoniyatlar eshigini ochishga xizmat qiladigan juda ko‘plab yangilik va qo‘shimchalar kiritilayotgani boshqalar qatori meni ham ruhlantiradi,— deydi xalq deputatlari viloyat Kengashi kotibiyat mudiri Saydulla Abdurayimov. – O‘zim ham bir paytlar nohaqlikdan aziyat chekkanman. Yaxshi niyat bilan huquqshunoslik yo‘nalishida tahsil olib, endigina prokuror bo‘laman deb turgan paytimda, meni bu sohaga qabul qilishmadi. Keyin bilsam, qayinog‘amning ilgari sudlanganligi faoliyatimga ta’sir qilibdi. Bu birgina misol. Bu kabi yechimini kutayotgan ko‘plab muammolar odamlarni qiynab kelayotgandi. Yangilanayotgan konstitutsiyada esa bu kabi muammolar o‘z yechimini topib, inson manfaati va daxlsizligi birichi o‘ringa ko‘tarilgan.  

Xo‘sh, savol tug‘ilishi tabiiy. Yangi Konstitutsiyada qanday qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilmoqda?

O‘zbekiston Respublikasi Qonunchilik palatasi deputati Botir Mardayev yangilanayotgan konstitusiyaga kiritilayotgan o‘zgartirishlarni hayotiy misollar bilan yoshlarga tushuntirib berdi… Konstitutsiyada Oʻzbekiston – suveren, demokratik, huquqiy va ijtimoiy davlat ekani qat’iy belgilab qoʻyilmoqda.

Kuchli ijtimoiy himoya va muhtojlarga gʻamxoʻrlik – davlat siyosatining muhim yoʻnalishi boʻlib qoladi. Tariximizda ilk bora Oʻzbekiston – ijtimoiy davlat deb belgilanmoqda. Ya’ni, insonga e’tibor hamda gʻamxoʻrlik – davlat va jamiyatning eng asosiy burchi ekani mustahkamlanyapti.

Konstitutsiyada kambagʻallikni qisqartirish, bandlikni ta’minlash, ishsizlikdan himoya qilish boʻyicha davlat oʻziga qator yangi majburiyatlar olishi belgilanmoqda. Umuman davlatning ijtimoiy sohadagi majburiyatlari bilan bogʻliq Konstitutsiyadagi normalar 3 barobar koʻpaytirilyapti. Aholi kafolatlangan bepul tibbiy xizmatlardan foydalanishi ham loyihaga kiritilgan. Umuman, loyihada aholi salomatligini asrash bilan bogʻliq normalar 4 barobar koʻpaytirilmoqda. Bu aholi sogʻligʻini ishonchli muhofaza etish hamda onalar va bolalar oʻlimi, yuqumli kasalliklar tahdidini bartaraf etishda juda muhim ahamiyatga egadir. Yana bir muhim yangilik – davlat oilaning toʻlaqonli rivojlanishi uchun ijtimoiy, iqtisodiy, huquqiy va boshqa shart-sharoitlar yaratishi konstitutsiyaviy mustahkamlanmoqda. Ushbu normaning kiritilishi jamiyatimizda oila mustahkamligi va moʻtabarligini barqaror ta’minlashga xizmat qiladi.

Endi farzandlar tarbiyasi, ularga ta’lim berish, barkamol voyaga yetkazish ham ota-ona majburiyati sifatida belgilanmoqda. Bolaning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash hamda himoya qilish, uning jismoniy, aqliy va madaniy jihatdan toʻlaqonli rivojlanishi uchun eng yaxshi shart-sharoitlarni yaratish esa davlatning burchi sifatida belgilanmoqda.

…“Endi uyni istalgan vaqtda buzish mumkin emas”, “bolalarning sog‘ligi, jismoniy va ruhiy, aqliy rivojlanishiga va ularning ta’lim olishiga xavf soladigan har qanday majburiy mehnat taqiqlanmoqda”. Shuningdek, “qadr topmagan o‘qituvchi o‘tmishda qoldi, ularning konstitusion huquqlari va manfaatlari maqomi mustahkamlanmoqda”. “Endi otasi yoki yaqinlari sudlangan bo‘lsa ham farzandining kelajagiga bu “tamg‘a” soya solmaydi. Ya’ni fuqaroning sudlanganligi qarindoshlarining konstitutsion huquqlarini cheklash, ularning qadr-qimmatini tahqirlashga sabab bo‘lolmaydi”. “Nodavlat notijorat tashkilotlarining huquq va manfaatlarini himoya qilgan holda ularga davlat tomonidan e’tibor qilinadi”. “Endilikda nogironligi bor o‘quvchi-yoshlar ham inklyuziv ta’lim asosida boshqa tengdoshlari barobarida ta’lim olishiga imkoniyat bor”. “Agar shaxsning o‘z aybini tan olganligi unga qarshi yagona dalil bo‘lsa, u aybdor deb topilmaydi va jazoga tortilmaydi”. Bularning bari yangi Konstitutsiyada alohida moddalar bilan mustahkamlab qo‘yilmoqdaki, zamirida faqat va faqat xalqning xohish irodasi, fuqarolarning manfaati yotibdi.

— Yangilanayotgan konstitutsiya loyihasiga kiritilayotgan muhim o‘zgarishlar boshqa tengdoshlarim qatorida meni ham yanada bilim olishga, o‘z ustimda ishlab, biz yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlardan unumli foydalanishga undadi, — deydi Termiz muhandistlik-texnologiya instituti talabasi Azamat Sapayev. – Ayniqsa, bugungi globallashuv zamonida davlatning fuqarolarga internet jahon axborot tarmogʻidan foydalanishni ta’minlash uchun shart-sharoitlar yaratishi kafolatlanayotgani bu biz talaba-yoshlar uchun dunyo mamlakatlari axborot tizimidan foydalangan holda yangi bilimlarni egallashimizga yo‘l ochadi.

Shundan so‘ng, xuddi shunday targ‘ibot tadbiri Toshkent tibbiyot akademiyasi Termiz filialida ham tashkil etilib, unda oliy ta’lim dargohida faoliyat olib borayotgan professor-o‘qituvchilar ishtirok ishtirok etdi. O‘qituvchilarga mutaxassislar tomonidan yangi Konstitutsiya haqida to‘laqonli ma’lumot berildi. Fikr alamshilib, taklif va tashabbuslari tinglandi, Konsitutsiyaga kiritilayotgan o‘zgarishlar bo‘yicha berilgan savollarga atroflicha javob berildi.

Ijtimoiy hayotda emin-erkin yashashimiz, huquq va erkinliklarimiz, vakolat va manfaatlarimiz, munosib mehnat sharoitida faoliyat olib borishimiz, bir so‘z bilan aytganda, jamiyatda shaxs sifatida to‘laqonli, adolatli turmush kechirishimiz uchun biz yashab turgan davlatda, avvalo, qonun ustuvor bo‘lishi, jamiyatda tenglik tamoyillari barqaror ishlashi har narsadan ustundir.

Yurtimizdagi siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy ahvol, oddiy xalqning yashash sharoiti, maoshi, salomatligi, bandligi, ravon yoʻllar kimga bogʻliq? Korrupsiya, byurokratiya, monopoliya, tanish-bilishchilikni ildizi bilan qo‘porib tashlash kimga bogʻliq? Bu — faqat prezident, hukumat, deputatlarga emas, nazarimizda, bularning hammasi oʻzimizga bogʻliq. Shuning uchun ham har birimiz referendumda faol bo‘lishimiz, o‘z taqdirimiz, kalajagimizga befarq bo‘lmasligimiz kerak! Har birimiz konstitutsiyaviy islohotlarning targ‘ibotchisiga aylanishim shart va zarur, zero Konstitutsiyamizni birgalikda o‘zgartirish vaqti keldi.

Adolat MO‘MINOVA,

Naimullo MUHIBULLOYEV

(surat)

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Alplar kurashdi

Termiz shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari va huquqni muhofaza...

Yashash uchun…

Albatta, yashash uchun sabablarimiz koʻp. Faqat oʻz oldimizga aniq...

Onlayn muloqot o‘tkazildi

Yoshlar ish izlab yoki oʻqish maqsadida xorijga ketishga qaror...

Afv etilganlar oilasi bag‘rida

Inson xato qilsa, buni tushunib yetishi uchun vaqt kerak...
KunTun
KunTun