Prezidentimizning Surxondaryo viloyatiga tashrifini hudud aholisi orziqib kutadi. Chunki, tashrif chog‘ida belgilab berilayotgan vazifalar va shu asosda amalga oshirilayotgan islohotlar viloyatning ijtimoiy–iqtisodiy hayotini tubdan o‘zgartirib, odamlarning bugungi kunidan rozi bo‘lib yashashiga xizmat qilmoqda. Viloyatning asosiy drayverlaridan biri bo‘lgan agrar tarmoq qatorida sanoat, qurilish, xizmat ko‘rsatish va boshqa sohalar ham izchil rivojlanib, yangi-yangi ish o‘rinlari yaratilayotir. Barcha zamonaviy sharoitlarga ega osmono‘par turar-joy binolari qad rostlab, aholining turmush darajasi yuksalmoqda.
Keyingi yillarda yuz berayotgan bunday ulkan o‘zgarishlar viloyatning asosiy ko‘rsatkichlarida ham o‘z ifodasini topmoqda. Jumladan, yalpi hududiy mahsulot 2016 yil 12 trillion 179 milliard so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, o‘tgan yil yakunida 34 trillion 858 milliard so‘mga yetdi. Shu davrda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 2 trillion 200 milliard so‘mdan, 7 trillion 298 milliard so‘mga, eksport hajmi 148 milliard dollardan 227 milliard dollarga yetkazildi. Viloyatda 2016 yil 25 ming 674 korxona faoliyat yuritgan bo‘lsa, o‘tgan yil yakuni bilan ularning soni 46 ming 250 tadan oshdi. Qurilish, qishloq xo‘jaligi, xizmatlar ko‘rsatish kabi tarmoqlarda ham yirik hajmdagi o‘sish surʼatlari kuzatildi.
Viloyat hayotida sodir bo‘layotgan beqiyos yangilanishlar yaqin yillarda ham boriga shukr, yo‘g‘iga qanoat qilib yashagan Surxon xalqining vohadagi imkoniyatlardan yanada kengroq foydalanib, ko‘proq izlanishi, mehnat qilishi va turmush darajasini oshirishiga qulay muhit yaratmoqda. Davlatimiz rahbarining tashrifi chog‘ida hududlarning “o‘sish nuqtalari” belgilab berilib, “yo‘l xaritalari” ishlab chiqilayotgani vohani har taraflama yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Prezidentimiz 2021-yil 1-2-iyun kunlari viloyatga tashrifi chog‘ida hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar bilan yaqindan tanishib, vohani kompleks rivojlantirish, “mahallabay” ishlash tizimi asosida aholi muammolarini hal etish, odamlar hayotini yaxshilash yuzasidan ustuvor yo‘nalishlar va aniq vazifalarni belgilab bergan edi. Shunga muvofiq o‘tgan davrda tadbirkorlik rivojlantirilib, aholi bandligini taʼminlash va kambag‘allikni qisqartirishga erishildi. Buning uchun hududlarda mahallabay ishlash tartibi joriy etilib, har bir mahallada aholi bandligini taʼminlash, tadbirkorlikni keng rivojlantirish, infratuzilma bilan bog‘liq muammolarni hal etish yo‘lga qo‘yildi. Viloyatning barcha sektor rahbarlari o‘z hududidagi mahallalarda “o‘sish nuqtalari” ni belgilab, ularni rivojlantirish uchun ish vaqtining bir qismini mahallada o‘tkazishi anʼanaga aylandi.
Tomorqadan samarali foydalanish bo‘yicha xonadon egasi tayyorlovchi korxona – qayta ishlovchi va eksportyorlarni bog‘lagan yangi yaxlit tizim shakllandi. “Bir mahalla – bir mahsulot” tamoyili asosida 86 ming xonadonda sabzavot va ko‘kat, 72 ming xonadonda kartoshkaning serhosil navlari, 36 ming xonadonda uzum yetishtirish, 43 ming xonadonda Sherobod tajribasi asosida anor parvarishlash bo‘yicha “yo‘l xaritasi” ishlab chiqildi.
G‘alladan bo‘shagan 60 ming 572 gektar ekin maydoni 197 ming 112 nafar barcha daftarlardagi va ishsiz fuqarolarga 15-20 sotixdan 10 yil muddatga sabzavot, poliz mahsulotlari yetishtirib, daromad olishi uchun ijara shartnomasi asosida ajratib berildi.
Surxondaryoliklarni uzoq yillar qiynab kelayotgan toza ichimlik suv masalasiga alohida eʼtibor qaratilib, bu muammoning yechimi topilgani mamlakatimizda inson qadri ulug‘lanayotganining yana bir yorqin ifodasi bo‘ldi. Davlatimiz rahbari Termiz shahri va Termiz tumanidagi 100 mingdan ortiq aholini biologik toza ichimlik suv bilan taʼminlash uchun Sabzipoya mahallasidan topilgan suv quduqlarini ishga tushirish, shuningdek, voha tumanlaridagi 495 ta mahallada 1 million 700 ming isteʼmolchining ichimlik suv taʼminotini yaxshilash maqsadida “To‘palang” suv ombori suvidan foydalanib, suv taqsimlash, suv tozalash, suv quvurlari qurish va rekonstruksiya qilish loyihasini amalga oshirish yuzasidan tegishli topshiriqlar bergan edi. Ayni paytda har ikkala obʼektda ham qurilish–montaj ishlari davom etmoqda. “To‘palang” suv ombori suvidan foydalanish uchun qiymati 138 million dollarlik loyiha doirasida 158,2 kilometr magistral, 227,9 kilometr ichki tarmoq ichimlik suv quvurlarini barpo etish rejalashtirilgan. Qisqa vaqtda quruvchilar qariyb 100 kilometr masofaga suv tarmog‘ini tortdi. Sabzipoya suv tarmog‘ining birinchi bosqichi esa joriy yilda foydalanishga topshiriladi.
Viloyatda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan elektr energiyasi taʼminotining oldini olishga ko‘maklashish uchun “To‘palang” daryosida quvvati 75,6 MVt bo‘lgan “Zarchob-1” va “Zarchob-2” kichik GESlar kaskadi qurilib, ishga tushirildi. Qishloq xo‘jaligida 28 dona elektrodvigatel hamda 15 dona har xil rusumdagi nasos agregatlari yangisiga almashtirilib, 7,3 million kVt/soat elektr energiyasi tejaldi.
Tashrif chog‘ida aholining uy-joyga ehtiyojini qondirish ham muhim vazifalardan biri sifatida belgilab berilgan edi. Shu asosda birgina o‘tgan yili 3 ming 390 xonadonli 92 ta uy-joy bunyod etildi. Ularning 1 ming 560 xonadonli 66 tasi “Yangi O‘zbekiston” massivlarida, 1 ming 836 xonadonli 26 tasi “Yangi tartib” asosida qad rostladi. Termiz shahridagi Farovon massividan ajratilgan 2,7 gektar maydonda 808 ta xonadondan iborat uchta 9 qavatli, ikkita 12 qavatli, ikkita 14 qavatli, ikkita 16 qavatli zamonaviy uy-joy qurilib, foydalanishga topshirildi.
Qisqa davrda tibbiyot, taʼlim tizimlarida yuz bergan yangilanishlar ham odamlarning islohotlarga ishonch, yurt taraqqiyotiga daxldorlik tuyg‘usini yuksaltirmoqda. Misol uchun, 2017 yil viloyatda atigi 294 ta maktabgacha taʼlim muassasasi faoliyat yuritgan bo‘lsa, joriy yilda ularning soni 2 ming 444 tani tashkil etdi. Yoki bolalar qamrovi 2017 yilgi 13,6 foizdan 62,2 foizga yetkazildi.
Prezidentimizning bevosita g‘oyalari bilan Termiz tumanida tashkil etilgan “Qorabayir otlari mahorat maktabi” yoshlarning eng sevimli o‘quv-mashg‘ulot maskanlaridan biriga, chavandozlik musobaqalari o‘tkaziladigan ajoyib majmuaga aylandi. Denov tumanidagi “Said Otaliq” madrasasining 13 milliard so‘m mablag‘ evaziga restavratsiya qilingani yangilanayotgan tuman markazidagi tashlandiq holga kelgan yodgorlikni saqlab qolib, mahalliy va xorijlik sayyohlarning sevimli maskanlaridan biriga aylantirdi. Vohaning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi nisbatan past bo‘lgan Bandixon, Qiziriq, Muzrabot va Sherobod tumanlarini kompleks rivojlantirish dasturlari qabul qilinib, yirik hajmdagi bunyodkorlik ishlari ro‘yobga chiqarilmoqda.
Tashrifdan tashrifgacha bo‘lgan muddatda sodir bo‘layotgan bu kabi katta o‘zgarishlar o‘z-o‘zidan bo‘layotgani yo‘q. Buning uchun yirik miqdordagi mablag‘ ajratilib, voha salohiyatidan oqilona foydalanilmoqda. Xususan, 2022 yilning o‘zida viloyatda qiymati 591,8 million dollarlik 956 ta loyiha amalga oshirilib, 15 ming 173 ta ish o‘rni yaratildi. Ularning 2,5 trillion so‘mlik 274 tasi sanoatda, 3 trillion so‘mlik 470 tasi xizmat ko‘rsatishda, 1,1 trillion so‘mlik 212 tasi qishloq xo‘jaligida ishga tushirildi. Qiymati 53 million dollarlik 11 ta yirik ishlab chiqarish quvvatlari foydalanishga topshirilib, 810 kishining bandligi taʼminlandi.
O‘tgan yili 250,9 million dollarlik xorij investitsiyasi o‘zlashtirilib, 258,1 million dollarlik mahsulot eksport qilindi. 131,4 million dollarlik sanoat, 126, 7 million dollarlik meva-sabzavot mahsuloti xorijga jo‘natildi.
Yerosti va yerusti boyliklariga boy janubdagi vohada mavjud imkoniyat, xomashyo va boshqa resurslardan samarali foydalanib, mahalliy sanoat tarmoqlarini rivojlantirish uchun 46 ta foydali qazilma kon uchastkalari va istiqbolli maydonlar “E-Auksion” elektron savdo maydonchasiga chiqarildi. Hozir loyiha guruhlari va Surxon dala geologik qidiruv ekspeditsiyasi viloyatning Boysun, Sariosiyo, Sherobod tumanlarida 18 ta uchastkada geologiya qidiruv dala ishlarini olib bormoqda.
Prezidentimiz bu safargi tashrifi chog‘ida ham vohaning ijtimoiy-iqtisodiy sohalarida yuz bergan olamshumul yangilanishlar bilan tanishadi. Yangi turdagi raqobatbardosh tayyor mahsulot ishlab chiqaradigan zamonaviy korxonalarning tantanali ochilish marosimlarida ishtirok etib, viloyat faollari bilan uchrashadi. Hududlarni yanada yuksaltirishning, odamlar turmush darajasini oshirishning kelgusidagi yo‘nalishlarini belgilab beradi. Bularning barchasi yaqin yillarda ham agrar voha bo‘lgan viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirib, mamlakatimizning janubdagi sanoatlashgan osuda, obod va to‘kin gavhariga aylantirishga xizmat qiladi.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV,
O‘zA muxbiri