Yurtimiz bo‘ylab keng miqyosda davom etayotgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi “Dolzarb 40 kunlik” doirasida viloyatimizda amalga oshirilayotgan ishlarni targ’ib qilish, ommaviy axborot vositalarida yoritish maqsadida Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi viloyat bo‘limi tomonidan viloyatimizning Sariosiyo va Uzun tumanlarida jurnalist hamda blogerlar uchun press-tur tashkil etildi.
Davlatimiz rahbarining “Respublikada ko‘kalamzorlashtirish ishlarini jadallashtirish, daraxtlar muhofazasini yanada samarali tashkil etish chora tadbirlari to‘g’risida”gi farmonida hududlarda “Yashil jamoat parki” tashkil etish belgilangan. Mazkur farmon ijrosini ta’minlash maqsadida viloyatimizning Sariosiyo tumanida namunaviy “Yashil jamoat parki” tashkil etilgan bo‘lib, uning umumiy yer maydoni 3 gektarni tashkil etadi.
Park hududida 2022-yil bahor mavsumida jami 500 dona, jumladan 60 tup eman, 50 tup oq qayin, 60 tup olma, 50 tup akatsiya, 60 tup Kanada olxo‘risi, 30 tup hind sireni, 60 tup Sharq chinori, 30 tup lola daraxti, 20 tup majnuntol, 20 tup Kanzan gilosi, 60 tup kashtan daraxti ko‘chatlari ekilgan. Ekilgan ko‘chatlar tomchilatish yo‘li orqali sug’oriladi. Ayni paytda ko‘chatlarni sug’orish va parvarishlash ishiga tuman obodonlashtirish boshqarmasi xodimlari biriktirilgan.
Shu bilan bir qatorda “Yashil jamoat parki”da aholining madaniy xordiq chiqarishi uchun qulay shart-sharoit yaratilgan. Shuningdek, park hududida zamonaviy qulayliklarga ega kinoteatr, so‘nggi rusumdagi texnologiyalar bilan jihozlangan axborot resurs markazi kitobxonlar ommasiga beminnat xizmat ko‘rsatmoqda.
Istirohat bog’iga ekilgan o‘n turga yaqin noyob gullar va daraxt ko‘chatlari ko‘zga quvonch, qalbga surur bag’ishlaydi. Ayniqsa, bog’ning kirish qismidagi kichik hamda hudud markazida joylashgan har xil tovlanuvchi yonar favvoralar kishi e’tiborini tortadi.
Press tur dasturiga ko‘ra ikkinchi manzil Uzun tumanidagi “O‘ktam Fidoyi” chorvachilik fermer xo‘jaligi bo‘lib, ushbu fermer xo‘jaligi hududida yetishtirilayotgan 10 mingdan ziyod pavloniya ko‘chatlarini parvarish qilish sirlari bilan tanishdik.
–Pavloniya ko‘chatlarini o‘tgan yili vodiy viloyatlaridan olib kelgan edim. Mana, ko‘rib turganingizdek, ko‘chatlarimizning oldi bo‘yi 3-4 metrga yetib qoldi. Mutaxassislarning aytishicha, pavloniya daraxti 5 yilda qurilish uchun tayyor yog’och holiga kelar ekan. Hozirgi kunda fermer xo‘jaligimizda 30 ga yaqin ishchi xizmat qiladi. Ayni kunlarda bo‘sh yotgan yerlarga pavloniya ko‘chatini o‘tkazishga alohida e’tibor qaratyapmiz, – deydi “O‘ktam Fidoyi” fermer xo‘jaligi boshlig’i Shavkat Qalandarov.
Press tur ishtirokchilari navbatdagi manzil – Uzun tumanidagi Bobotog’ o‘rmon xo‘jaligida innovatsion usulda yetishtirilayotgan uzum, mahalliy pista ko‘chatlari, ko‘chat zaxirasi va ularni parvarish qilish agrotexnikasi bilan tanishishdi.
Press tur davomida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida Uzun tumani Bobotog’ o‘rmon xo‘jaligida tashkil etilgan ommaviy ko‘chat ekish tadbirida 200 ga yaqin mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari o‘tkazildi. Ommaviy ko‘chat ekish tadbirida jurnalist va blogerlar ham faol ishtirok etishdi.
Xolmuhammad TOG’AYMURODOV