Xavfsiz turizm yaratilgan…

Date:

Har bir sohani rivojlantirish uchun avvalo, uning rivojlanish bosqichlarini ishlab chiqish lozim. Turizm sohasiga e’tibor har qachongidan-da kuchaygan bir davrda yurtimizning diqqatga sazovor joylarini ko‘z-ko‘z qilish, sayyohlar e’tiborini tortish maqsadida ziyorat turizmiga e’tibor kuchaygan. Bu yo‘lda e’tiborga molik ishlar amalga oshirilib, qadimiy go‘shalar, ziyoratgohlar o‘ziga xos ko‘rinish kasb etgan. Albatta, asl mahobatini, go‘zalligini saqlagan holda. Sohaga bir tomonlama qarash yaramaydi. Sayyohlarni jalb etmoqchi ekanmiz, albatta, ular uchun xavfsiz, yetarlicha qulayliklar va shart-sharoitlar yaratib berish haqida ham puxta o‘ylab ko‘rish kerak. Ho‘sh, bu borada qanday ishlar amalga oshirildi va buni sayyohlar uchan ahamiyati qanday? Surxondaryo viloyati IIB Xavfsiz turizmni ta’minlash boshqarmasi tomonidan o‘tgan yilning 10 oyi davomida amalga oshirilgan ishlar sarhisobiga bag‘ishlangan matbuot anjumani esa ushbu savolga yanada aniq javob olishga xizmat qildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 6-mart kunidagi “Transport va turizm obyektlarida jamoat xavfsizligini ta’minlashning samarali tizimini joriy etishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 4229-sonli Qaroriga asosan, Surxondaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi tarkibida Xavfsiz turizmni ta’minlash boshqarmasi tashkil etildi. Shuningdek, viloyat hududidagi turizm namoyishi obyektlarida 4 ta “Tourist police” ko‘chma ma’lumotlar markazi, ya’ni maxsus butkalar o‘rnatilgan. Bular Termiz shahridagi San’at saroyi, Arxeologiya muzeyi, Termiz tumanidagi “Al Hakim At-Termiziy” va Sherobod tumanidagi “Abu Iso Muhammad Imom At-Termiziy” majmualarida bo‘lib, u yerlarda Xavfsiz turizmni ta’minlash boshqarmasi mas’ul xodimlari ajratilgan bo‘lib, doimiy ravishda xizmat olib borishayotir.
Xavfsiz turizmni ta’minlash boshqarmasi 4 ta yengil avtomashina, 5 ta mototsikl, 1 ta avtobus, 5 ta skuter, 6 ta sigvey kabi transport va harakatlanish vositalari bilan ta’minlangan. Bu ularning ishini yengillashtirish, uzog‘ini yaqin qilishga xizmat qilmoqda.

Joriy yilning 10 oyi mobaynida Surxondaryo viloyatiga jami 92 ta xorijiy mamlakatdan 8 071 nafar chet el fuqarosi hamda 52 003 nafar mahalliy turist tashrif buyurgan. Bu raqamlar hisobi “E-mehmon” elektron tizimi orqali ro‘yxatdan o‘tkazilib, doimiy ravishda nazorati yo‘lga qo‘yilgan.
E’tirof etish kerakki, joriy yilning 10 oyi davmoida mahalliy va horijiy sayyohlarga nisbatan yoki ular tomonidan jinoiy va ma’muriy huquqbuzarliklar sodir etilmagan. Turistlar bilan bog‘liq baxtsiz hodisalar qayd etilmagan.
Xavfsiz turizmni ta’minlash boshqarmasi xodimlari turistlarga xizmat ko‘rsatib, turli masalalarda yordam va xizmat ko‘rsatib kelayotir. 2 481 nafar xorijlik va mahalliy turistlarning murojaatiga javoban tibbiy xizmat ko‘rsatilgan bo‘lsa, manzilidan adashganlarga to‘g‘ri maslahat va yo‘nalishlar berilgan.

O‘tgan davrda Xavfsiz turizmni ta’minlash boshqarmasining jonkuyar xodimlari tomonidan 312 marotaba turli yo‘nalishlarda profilaktik tadbirlari, targ‘ibot-tashviqot, tushuntirish ishlari o‘tkazilgan. Bu boradagi ma’lumotlar, lavhalar esa doimiy ravishda bosma, internet nashrlarida, tele va radioda yoritib borilgan.
Turizm namoyishi obyektlari atrofini doimiy nazorat qilish soha xodimlarining oldidagi eng katta vazifalardan biridir. Sababi sayyohlash tashrif buyuradigan manzillar xavfsiz, tinch va osuda bo‘lmog‘i lozim. Xavfsiz turizmni ta’minlash boshqarmasi profilaktika inspektori tomonidan ayni shunday joylarda jami 799 ta, yo‘llarda harakat xavfsizligini ta’minlash mobaynida, yo‘l harakati xavfsizligi guruhi tomonidan qoidabuzar haydovchilarga nisbatan 3 987 ta ma’muriy bayonnomalar tuzilgan. Bunday ogohlantirish va qat’iy chora-tadbirlarning qo‘llanilishi fuqarolarning o‘rnatilgan tartib-qoidalarga rioya qilishga, ogohlikka chorlaydi.

Shuningdek, Ichki turizmni yanada rivojlantirish maqsadida, Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 13-avgust kunidagi “Ichki ishlar organlarining xavfsiz turizmni ta’minlash bo‘linmalari tomonidan shartnoma asosida turistlar va turistik guruhlarni kuzatib borish bo‘yicha pulli xizmatlar ko‘rsatish tartibi to‘g‘risida”gi 669-sonli Qarori yuzasidan barcha ta’lim muassasalari o‘quvchi-yoshlarini respublika bo‘ylab sayohatlarga olib chiqish maqsadida targ‘ibot-tashviqot ishlari amalga oshirilib kelinayotir.
Soha xodimlarini munosib rag‘batlantirish, o‘z ishlariga vijdonan va sidqidildan yondashishlari uchun munosib rag‘batlantirilayotgani ham quvonarli hol. Ichki ishlar vazirligining maxsus fondi hisobidan 7 562 million so‘m miqdorida mablag‘ ajratilib, Mustaqilligimizning 31 yilliga bayramiga munosib sovg‘a sifatida Termiz shahri “Yulduz” mahallasi hududidan 2 qavatli zamonaviy jihozlangan xizmat binosi qurib bitkazildi, ushbu binoda xodimlar xizmat olib borishlari uchun kompyuter jamlanmalari va kerakli jihozlar bilan ta’minlangan alohida xonalar hamda situatsion markazi tashkil etildi. Bunday qulay va barcha shart-sharoitlari muhayyo xonalarda tashrif buyuruvchi turistlarning viloyat hududiga kirib kelishidan tortib, mehmonxonaga joylashishi, “E-mehmon” bazasidan ro‘yxatdan o‘tishi, qaysi sayyohlik obyektiga murojaat qilishi-yu, qaytib ketishigacha bo‘lgan jarayonlar nazorati olib boriladi.

Bundan tashqari, situatsion markazda sutkalik navbatchilik asosida xizmat olib borish davomida viloyatimiz hududiga tashrif buyuruvchi sayyohlar tomonidan kelib tushayotgan murojaatlar o‘z vaqtida qabul qilinib, tegishli yordamlar ko‘rsatib kelinadi.

Sayyora ALLAYEVA,
Naimullo MUHIBULLOYEV
(surat)

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

“Murojaatdan daromadga 5 qadam”

Hech kim muammosi bo‘lmasa, xalq qabuliga borib, ming bir...

Qariyalar uchun robot yaratildi

Yoshing keksayib qolganda, kimgadir muxtoj bo‘lishdan yomoni yo‘q. Tinib-tinchimas...

O‘g‘il onasini o‘ldirsa…

Ona deganda dunyodagi eng ulug‘ zor, eng yaqin va...

Viloyat hokimi Denovda

Tanimizni dard qiynasa, jarrohlik amaliyotiga ehtiyoj sezsak, shifo istab,...
KunTun
KunTun