Milliy jurnalistika milliy an’ana va zamon bilan hamnafaslikni qamrab oladi-da, sohani yangi bosqichga olib chiqadi. Shunday ekan jurnalistdan talab etilayotgani bilim va ko’nikmalarini, tajriba va o’rganishlarini, surishtiruv ishlarini umumiylashtirib, tezkorlik bilan ommaga yetkazishi lozim. Bunda jurnalistning so’z kuchi, mazmun va aytmoqchi bo’lgan fikri muhim ahamiyat kasb etadi. Yurtimizda jurnalistika sohasida amalga oshirilayotgan ishlar, o’zaro tajriba almashish maqsadida muntazam ravishda tashkil etilayotgan o’quvlar, seminarlar, mediaforumlar tajriba oshirishning eng yaxshi vositasi sifatida xizmat qilayotir. Ayni shu maqsadda joriy yilning 19-23-noyabr kunlari “Milliy jurnalistika: an’analar davomiyligi vazamonaviylik” mavzusidagi xalqaro II mediaforumi tashkil etildi. Respublikamizning barcha hududlaridan 55 nafar jurnalist jalb etildi. Mediaforum Samarqanddan boshlandi. Mediaforum ishtirokchilari jam bo’lishgach, shaharrdagi Mirzo Ulug‘bek muzey-majmuasiga press-tur uyushtirildi. Ham tanishuv, ham ulug‘ bobokalonimiz haqida qimmatli ma’lumotlarni beradigan ekskursiya olam-olam taassurotlarga boy bo’ldi.
Shundan so’ng, ishtirokchilar Jizzax viloyatining Zomin tumaniga, “NKMK” sanatoriysiga yo’l oldilar… aytilgan manzilga yetib kelingach esa mehmonlar ko’ngildagidek kutib olindi.
Navbatdagi manzil esa Navoiy kon-metallurgiya davlat korxonasi tasarrufidagi Janubiy kon boshqarmasiga qarashli “Zarmitan” koni bo’ldi. Ushbu konda tashkil etilgan press-tur barchada katta qiziqish uyg‘otdi. Aytish kerakki, geologik tadqiqotlarga ko’ra, Zarmitan konidagi oltin zaxirasi konning 2055-yilgacha bir maromda ishlashi uchun yetadi. Demak, bir necha yil davimida minglab ish o’rni saqlanib qolishi mahalliy aholining bandligi uchun yaxshi yangilik deyish mumkin. Hozirda bu yerda 4 mingga yaqin ishchi-xodim mehnat qilmoqda. Bir yilda esa o’rtacha 2 million tonna ma’dan qazib olinadi. Jarayon bilan tanishar ekanmiz, osmonlarga tutashib ketgan tog‘ bag‘ridan ma’dan qazib olishning mashaqqatini, shuningdek, jarayonning qizg‘in ekanini ham his etdik. Muhimi, barcha ishchi-xodimlar ortasida birdamlik, hamjihatlikni sezish qiyinmas. Bu ish unumini oshirsa, insonlar o’rtasidagi o’zaro oqibatning eng yaxshi ko’rinishi, ibrat namunasi desa ham bo’ladi.
Shuningdek, jurnalistlar chexiyalik mutaxassislar bilan hamkorlikda qurilayotgan qiymati 50 million AQSH dollari bo’lgan skipli shaxta stvolida ham bo’lishdi. Uzunligi 1 kilometrga yetadigan mazkur shaxtada yana 90 nafar fuqaro ish bilan band. Ahamiyatlisi, u Osiyoda yagona shu shakldagi shaxta bo’lib, ish jarayonining to’liq elektronlashtirilganligi bilan ajralib turadi.
Press-tur taassurotlari tark etmay turib, “Milliy jurnalistika: an’analar davomiyligi va zamonaviylik” mavzusidagi II mediaforumining rasmiy ochilish marosimining boshlanib ketdi. O’zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi Olimjon Usarov marosimni ochib berdi va mediaforumdan ko’zlangan maqsad, jurnalistlardan kutilayotgan natijalar haqida so’zladi qolaversa, respublika va xorijiy OAV rahbarlari, mutaxassislari ham so’zga chiqib, sohadagi bilim va tajribalari bilan o’rtoqlashishdi.
Mediaforumning 2-kuni… barcha yaratilgan shart-sharoit va qulayliklardan mamnun. Ishtirokchilar esa ular uchun kun tartibi qanday tuzilgani, ularni nimalar kutayotgani haqida qizishmoqda. Ko’p kuttirmagan tashkilotchilar esa yosh jurnalist va blogerlar uchun “Tadbirlarni to’g‘ridan-to’g‘ri yoritishning o’ziga xos xususiyatlari yoxid yosh jurnalistlarga tavsiyalar” mavzusida mahorat darsini boshlar yubordilar. Albatta, bu jarayonda yosh mutaxassislardan katta jur’at, mahorat talab etiladi. Sohaga chin ihlosi borlar esa tadbirlarni to’g‘ridan-to’g‘ri yoritishdan, ekranlarga ko’rinish berib, stend-up qilishdan cho’chimaydi. Jarayon amaliyot bilan birgalikda davom etdi yanada qiziqarli bo’ldi. O’z ishida ilk qadamni tashlovchilar uchun esa bu galgi mahorat darsi eng yaxshi master-klass bo’ldi.
Turkiyaning «TRT» teleradiokompaniyasining O’zbekistondagi byurosi rahbari Nizom Shahin, ushbu teleradiokompaniyaning O’zbekistondagi muxbiri Shohruxbek Olimov va boshqalar bergan motivatsiya, qimmatli fikrlar esa ishtirokchilar uchun oltin qoida misol bir umr yodlarida qolishi aniq.
Har qanday o’rganish va izlanishdan keyin charchoqlarni yozish uchun musiqa tinglaysiz yoki san’at asarlaridan bahramand bo’lib estetik ruh olasiz. Mediaforum ishtirokchilar esa mahorat darsidan so’ng, Jizzax tumanidagi Sharof Rashidov uy-muzeyida bo’ldilar. Ko’rgazmaga qo’yilgan suratlar bilan tanishib, o’sha davr shukuhini, ruhini his etdilar…
Jurnalistikada tinimsiz mehnat, o’z ustida ishlash, izlanish jurnalistning dunyoqarashini o’stiradi. O’ziga ishonchini oshirib, faoliyatida o’sish kuzatiladi. Bunda faqat o’zimizdan tajriba almashish emas, balki xorijiy hamkasblarimizning faoliyati bilan tanishish, muhim jihatlarni o’rganish va boyitish muhim ahamiyat kasb etadi. Xalqaro maydonga chiqish, jahon andozalariga mos tarda standartlashish deganda ham shu jihatlarni inobatga olish lozim. Shu maqsadda mediaforumi ishtirokchilari uchun Eronning “Fars news” agentligi muxbiri Sherali Avezmetov, Ozarbayjonning “Azertaj” axborot agentligi muxbiri Gulu Kazimov tomonidan trening o’tkazildi. Unda yosh jurnalist ishtirokchilar uchun tavsiyalar yoxud “Zarmitan” oltin koni taassurotlari asosida jurnalistik material tayyorlash bo’yicha tavsiyalar berildi. Aytish kerakki, natija, jurnalistik materiallar mazmunan boy va e’tirof etishga arxzigulik bo’lib, mutaxassislarning e’tiboriga tushdi.
—20 yil ilgari O’zbekistonga Ozarbayjonning maxsus muxbiri sifatida kelganman. 2 yildan keyin safar muddatim bitganida rahbarimiz “xohlasang qaytib kel” dedi. Men unga “Toshkent non shahri, ruxsat bersangiz shu yerda qolsam…” dedim. Mana 20 yildan beri shu yerdaman”, — deydi Ozarbayjon axborot agentligi muxbiri Gulu Kazimov.
Mediaforumning keying kunlari ham yuqori saviyada tashkil etildiki, ishtirokchilar uchun tayyorlangan mahorat saboqlari, o’rganlari, e’tiborga olishlari muhim bo’lgan jihatlar haqidagi ma’lumotlar e’tiborlariga havola etildi. Zomin mediaforumida mamlakatimizda akkreditatsiyadan o’tgan xorijiy OAV vakillari ishtirokida yosh jurnalistlar uchun mahorat saboqlari o’tkazildi. Mediaforum doirasidagi ilk mediatrening yosh jurnalistlarga Turkiyaning “TRT” teleradiokompaniyasi muxbiri Nizam Shahin tomonidan tadbirni onlayn yoritishning o’ziga xos xususiyatlari haqida bo’lib o’tdi.
Treningdan so’ng, Zomin tumanining diqqatga sazovor manzillariga sayohat, bir qator madaniy-ma’rifiy va sport tadbirlari tashkillashtirildi. Taassurotlar esa ajoyib. Mediaforum ishtirokchilari esa eski qadrdonlardek, bir-birlarini uzoq vaqtlardan buyon tanigandek, o’zaro do’stona muhitni yaratdilar. Bunday birdamlik va do’stona muhit esa soha xodimlarini bir maqsad yo’lida birlashtira oldi. Ular uchun tayyorlangan press-tur, ekskursiya va mahorat darslarini a’lo darajada o’zlashtirishga xizmat qildi.
Mediaforum davom etmoqda…
Naimullo Muhibulloyev
“Surxon tongi” muxbiri