Kutubxonachi tavoze’li bo‘lsa, kitobxonlar ko‘payadi

Date:

Kiyim-kechak, oziq-ovqat do‘koniga kirasizmi, ziyo maskanigami, u yerda xizmat ko‘rsatadigan xodim tavoze’, hushmuomala bo‘lsa, kerakli yordam va maslahatni bera olsa, u yerga tez-tez borishni odat qilasiz. Bordi-yu, aksi bo‘lsa, o‘z-o‘zidan qadamingiz ham uziladi. Sherobod tumani axborot-kutubxona markazida “Kutubxonalar faoliyatining samaradorligini va foydalanuvchilarga xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish” mavzuiga bag‘ishlangan seminarda ayni shu jihatlarga e’tibor qaratildi. Kutubxonachida bo‘lishi kerak bo‘lgan jihatlar haqida to‘xtalib o‘tildi.
Qolaversa, Surxondaryo viloyati axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi, tuman hokimligi mutasaddilari, tuman, shahar axborot-kutubxona markazlari rahbarlari, mas’ul xodimlar ishtirok etgan seminarda so‘nggi yillarda mamlakatimizda aholi, ayniqsa, yoshlarning kitobxonlik va kitob mutolaasi madaniyatini yuksaltirishga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi. Bu jarayonda kitobxonlik ommaviy tus olib, kitob mutolaasini keng targ‘ib qilish, turli tanlovlar o‘tkazish ham ajoyib an’anaga aylangani haqida fikr almashildi.

Shuningdek, seminar davomida axborot-kutubxona faoliyatiga oid me’yoriy-huquqiy hujjatlar ijrosi, o‘z axborot-resurslarini yaratish va sifatli to‘ldirib borish, xizmat ko‘rsatish uslublari, axborot-kutubxona mutaxassisining axloq me’yorlari haqida so‘z yuritildi. O‘zaro tajriba almashish, kutubxonachilarning amaliy ko‘nikmasi va kasbiy mahoratini yanada oshirishga oid taqdimotlar o‘tkazildi.

Prezidentimizning 2017-yil 13-sentyabrdagi “Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ib qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi to‘g‘risida”gi Qarori bu boradagi ishlar natijadorligini yanada oshirishda xizmat qilayotganini e’tirof etib o‘tish joiz.

–Kutubxonaning kitob fondini muntazam boyitib borish, boyitganda ham o‘qishli va uqishli asarlar bilan boyitish muhim. Kitoblarni saqlash, kerakli xizmatni ko‘rsata olish bir madaniyat bo‘lsa, mutolaa esa san’atdir, – deydi viloyat axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi boshlig‘i Z.To‘rayev. – Mutolaa yoshlarning dunyoqarashini, bilimlarini boyitadi. Ommaviy madaniyat tuzog‘idan saqlaydi. Tashqi kuchlarga nisbatan immunitet hosil qiladi. Hayotga, umuman hamma narsaga nisbatan munosabatni shakllantiradi. Mana nima uchun kitobxonlikni targ‘ib qilish kerak, mana shuning uchun ham kutubxonalarda yuqori saviyada xizmat ko‘rsatish lozim.

Viloyatda 720 ming nusxa kitob fondiga ega O‘zbekiston Milliy kutubxonasi tarkibiga kiruvchi Adib Sobir Termiziy nomidagi viloyat, 13 ta tuman axborot-kutubxona markazi faoliyat yuritmoqda. Ushbu kutubxonalarda kitobxonlarga 320 nafar xodim xizmat ko‘rsatib, fondlarni to‘ldirish va saqlash, mutolaa madaniyatini oshirish va targ‘ib qilish bilan shug‘ullanib kelmoqda. Viloyat hamda tuman axborot-kutubxona markazlari fondi O‘zbekiston milliy kutubxonasi tomonidan taqdim etilgan ikki mingga yaqin yangi adabiyotlar bilan boyidi. Bu esa o‘z navbatida kitobxon yoshlarning e’tiborini tortib, o‘qishga, mutolaaga qiziqishini oshirgan.
Seminar doirasida tuman hokimligi, tashkilot va muassasalar, kitobsevar fuqarolar kutubxonaga eng sara va o‘qishli kitoblarni sovg‘a qildilar. Iqtidorli yoshlar ijrosidagi kuy-qo‘shiqlar va raqslar esa barchada bayram kayfiyatini uyg‘otdi.

S.Murodova

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Muattar 15 million soʻmlik boʻldi

“Yoshlar ishlari agentligi kubogi” uchun shaxmat musobaqasining respublika bosqichiga...

Futbol akademiyasi qayta rekonstruksiya qilinmoqda

Surxondaryo viloyatining chekka va olis qishloqlaridagi iqtidorli yoshlarni aniqlash,...

Sportchimiz gʻolib…

Qozogʻistonning Temirtov shahrida sportning dzyudo boʻyicha xalqaro turnir boʻlib...

Tarbiya

Maktab roʻparasidagi uy. Ota endi tili chiqqan bolasiga soʻz...
KunTun
KunTun