Kasb taqozosi bilan rahbar hamda ishchi bir-birlariga muomalada bo‘lisharkan ikkala tomon ham o‘z haq-huquqini bilib, majburiyatini sidqidildan ado etsagina, belgilangan maqsadga erishiladi. Rahbar qo‘pol, gapirganda do‘q-po‘pisani kanda qilmay, kunda xodimni bezdiradigan bo‘lsa, na faoliyatdan natija oladi, na hamkasblar o‘rtasida hurmat qozonadi. Odob-axloq doirasidan chetga chiqmay, samimiyat bilan hamfikrlilikda, hammaslaklikda ish ko‘rilgandagina tashkilotda, tashkilotni qo‘yinki jamiyatda rivojlanish, o‘sish bo‘ladi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Davlat fuqarolik xizmatchilari tomonidan odob-axloq qoidalariga rioya etilishini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilinganidan ko‘pchilikning xabari bo‘lsa kerak. Ushbu qonunga asosan davlat fuqarolik xizmatchilarining odob-axloq, boshqalar bilan o‘zaro munosabatda xushmuomalalik bilan yondashish, kiyinish madaniyatiga rioya qilish masalalari ko‘zda tutilgan.
Viloyat hokimligida mazkur qaror mazmuni hamda fuqarolik xizmatchilari odob-axloqining namunaviy qoidalarini keng targ‘ibot-tashviqot qilish maqsadida Zoom platformasi orqali barcha tumanlar bilan aloqa bog‘langan shaklda o‘quv-seminar o‘tkazildi. Unda viloyat hokimi To‘ra Bobolov, Adliya vazirligi Davlat xizmatlari departamenti boshlig‘i Sanjar Abdullayev va Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Surxondaryo viloyati filiali rahbari Sherpo‘lat Boyqulov, shuningdek, viloyat va hududiy studiyalardan viloyat hokimining o‘rinbosarlari, shahar, tuman hokimlari, tarmoq bo‘yicha o‘rinbosarlari, hokimliklar apparat xodimlari, viloyat boshqarma va tashkilotlari hamda ularning tuman (shahar) o‘rinbosarlari va boshqalar ishtirok etdi.
Seminarda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Surxondaryo viloyati filiali mutasaddilari davlat fuqarolik xizmatchilari odob-axloqining namunaviy qoidalari xususida ma’ruza qilishdi va qarorning mazmun-mohiyati bilan ishtirokchilarni tanishtirishdi.
Yangi o‘sib kelayotgan kadrlarni tanlashda rahbar mas’uliyat bilan yondashib, ahamiyat berib, bu yo‘lda nomaqbulchilikka qo‘l urmaslik, ya’ni mahalliychilik, guruhbozlik, korrupsiyaviy holatlarning oldini olishga harakat qilishi kerakligi seminar doirasida alohida ta’kidlandi.
Tashqi ko‘rinish faqatgina shaxsning emas, balki tashkilotning ham yuzidir. Ishga belgilangan madaniyat qoidalaridan chiqmagan holda kiyinib kelish rahbarning o‘ziga bo‘lgan hurmatini namoyish qilishidir. Xushmuomalalik, barcha ishchilarga bir xil muomalani yo‘lga qo‘yish, asriy urf-odatlarga hurmat bilan munosabatda bo‘lish, ichkilik, giyohvandlik kabi salbiy illatlardan yiroq bo‘lish, ko‘cha-ko‘yda xatti-harakati jihatidan namuna ko‘rsata olish haqiqiy rahbarga xos jihatlar. Seminar doirasida yuqoridagi masalalarga alohida to‘xtalib, keng izoh berib o‘tildi.
Dildora Otaqulova,
Naimullo Muhibulloyev
(surat)