Hamma yosh bolali ayollar ham farzandi uchun nafaqa puli olishni istaydi. Afsuski, hammaga ham nafaqa puli berilmaydi. Avvaliga bola puli olish uchun mahallaga ariza bilan murojaat qilinadi va ariza ko‘rib chiqilgach, aniq javob aytiladi. Ho‘sh, o‘zi kimlarga bolalar nafaqasi ajratiladi. Sho‘rchi tumanida tashkil etilgan ochiq muloqotda ayni savollarga javob topsh mumkin bo‘ldi. Byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi Sho‘rchi to‘man bo‘lim boshlig‘i Ilhom Soatov mavzu bo‘yicha kerakli tushuntirish ishlarini olib bordi:
– Bolalar nafaqasi tayinlashda yaqinda qonunchilikka o‘zgartirish kiritildi, ya’ni 2021-yilning 21-oktyabrida Vazirlar Mahkamasining 654-sonli qarori bilan nizom tasdiqlandi. Ilgari amalda bo‘lgan bolalar nafaqasi uch turga bo‘linardi, ya’ni 2 yoshgacha bolalar nafaqasi, 14 yoshgacha bolalar nafaqasi va moddiy yordam puli. Endi bu nafaqa turlari bolalar nafaqasi deb belgilanib, kichik yoshdagi bolalar uchun 3 yoshgacha nafaqa, 18 yoshgacha nafaqa deb uzaytirildi.

Aytish kerakki, endi nafaqa tayinlashda oiladagi bolalarning miqdori, oila a’zolarining o‘rtacha daromadi hisobga olinadi. Masalan, oilada faqat ota ishlasa, uning oylik maoshi oila a’zolariga teng taqsimlanadi, o‘rtacha daromad 440 ming so‘mdan ortiq bo‘lsa, nafaqa berish rad qilinadi. Aksincha, oila a’zolarining o‘rtacha daromadi 440 ming so‘mdan kam bo‘lsa, nafaqa tayinlanadi. Agar oilada yolg‘iz o‘zi farzandini tarbiyalayotgan onalar bo‘lsa, bunday oilaga nafaqa tayinlashda yengilliklar berilgan.

Aksariyat holatda ishlamayotgan fuqarolarga nafaqa tayinlash rad etiladi. Boqimandalikning oldini olish maqsadida ishlamayotgan fuqarolarga nafaqa va moddiy yordam tayinlash cheklab qo‘yilgan. Shuningdek, so‘nggi yetti yil ichida avtomashina sotib olgan fuqaroga, traktor yoki og‘ir avtomashinalari bor kishilarga ham nafaqa tayinlanmaydi. Eslatib o‘tish joizki, oila a’zolaridan birining eng kam ish haqining 5 barobari yoki undan ortiq miqdorda banklarda qo‘yilgan omonatlari bo‘lsa, ularning nomida ikki va undan ortiq miqdorda ko‘chmas mulk bo‘lsa, nafaqa tayinlanmaydi. O‘zini o‘zi band qilgan fuqarolarga esa nafaqa tayinlanadi.
Shuningdek, fuqaro nafaqa tayinlash haqida onlayn tarzda ham murojaat qilishi mumkin. Nafaqani tayinlash muddati 12 oygacha.
Ochiq muloqot davomida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javob olishdi.
Hilol