Oltinsoyliklar maorif tizimini yo‘lga qo‘yishda jonbozlik ko‘rsatgan rahbar Karim Xudoyqulovni yaxshi tanishadi va u kishini yaxshi xotiralar bilan eslashadi. Tumandagi 43-maktabda xalq ta’limi fidoyisi xotirasiga bag‘ishlab ma’naviy-ma’rifiy kecha uyushtirildi. Kechaga Karim Xudoyqulovning farzandlari — Toshkent iqtisodiyot universiteti prorektori, iqtisodiyot fanlari doktori, profekssor Sadriddin Xudoyqulov, Toshkent Milliy universiteti o‘qituvchisi, fan nomzodi, dotsent O‘rol Xudoyqulov hamda kecha sababchisini tanigan-bilgan do‘stlari ishtirok etdi.
—Ustozimiz, oliy ta’limdan so‘ng, shu maktabda turli lavozimlarda, qolaversa, maktab direktori bo‘lib ishladi. Undan keyin esa rizq-u nasibasi Oltinsoy tuman xalq ta’limi bo‘limiga ulandi va bo‘lim mudiri vazifasida umrining oxiriga qadar faoliyat yuritdi, — deydi maktab o‘qituvchisi, xalq ta’limi faxriysi Umbar hoji Jalilov. — Karim aka talabchan va bilimli rahbarlardan edi. O‘sha paytlari tuman xalq ta’limi bo‘limi tumanlar o‘rtasida o‘qitish sifati bo‘yicha oldingi o‘rinlarda turardi.
Ushbu maktab el mehr-muhabbatini qozongan, iste’dodlarni, salohiyatli insonlarni yetishtirib chiqargan. Maktab yoshlari Tog‘ay Muroddek xalq yozuvchisi shu ilm dargohida o‘qib, ta’lim-tarbiya olganidan dilda biro lam iftixor sezishadi. Qolaversa, Karim akaning o‘g‘illari Sadriddin, O‘rol Xudoyqulovdek hayotini ulm-u fanga baxshida etgan fidoyi insonlar ham bu safni boyitib boradi.
Ha, ot izini toy bosadi. Xotira kechasi bahona ota yurtga mehmon farzandlarining tashabbuslaridan o‘quvchi-yoshlar quvonchda. Karim akaning farzandlari otalari ruhini shod qilish niyatida ushbu hududdagi to‘rtta maktab — 43-, 65-,54-, 62-maktablar o‘quvchilari orasida tarix fani bo‘yicha test sinovi o‘tkazib, g‘olib o‘quvchilarga stipendiya ta’sis etishdi. Natijarga ko‘ra 1-, 2-, 3-o‘rinlarni egallagan o‘quvchilar endilikda shu yilning oktyabr oyidan boshlab stipendiya olishadi. 1-o‘rinni qo‘lga kiritgan o‘quvchi 500 000 so‘m, ikkinchi o‘ringa 350 000 so‘m, uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan ikki nafar o‘quvchiga esa oyiga 250 000 so‘mdan Karim Xudoyqulov nomidagi stipendiyani olishadi. Stipendiya sertifikatlari va tashkilotchilarning sovg‘alarini qo‘lga kiritgan 1 o‘rin sohibasi, 43 maktabning 10-sinf o‘quvchisi Marjona Ziyodova yanglig‘ stipendiant bo‘lganlarning quvonchi bir olam. Shuningdek, test sinovlarida faollik ko‘rsatgan bir guruh o‘quvchilarga ham pul va esdalik sovg‘alari topshirildi.
Sohibjamol