Kuchli bo‘lish kimga yoqmaydi. Inson jismonan o‘zini himoya qila olishni istaydi va sportning o‘ziga manzur bo‘lgan turi bilan shug‘ullanadi. Jang san’ati shu tariqa yillar, davrlar silsilasidan o‘tib sayqallanib bordi.
Bunda taktika, usullar, yondashuv muhim o‘rin tutadi. Har xil jangovar taktikalarni birlashtirgan kikboksing esa shu tarzda paydo bo‘ldi. Qo‘llar va oyoqlar yordamida duel nomi berilgan kikboksingda zarbalar kuchni cheklamasdan va raqib tanasining biron bir qismiga yo‘naltiriladi.
Boshqacha qilib aytganda, kikboksingni qattiq, dinamik taktikani klassik boks va sharq jang san’atlari kombinatsiyasi deb ta’riflash mumkin. Kikboksing nisbatan yaqinda paydo bo‘ldi. Yigirmanchi asrning ikkinchi yarmi dunyoga ajoyib va jo‘shqin sport turini berdi.
Asosiysi raqiblar maydonga tushadi va bor san’atini namoyon etadi. Bu jangni tomosha qilish esa tomoshabinga zavq bag‘ishlaydi.
Kikboksing bo‘yicha Itayaning Jesolo shahrida yoshlar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan jahon chempionati ham dunyo ahlida ana shunday qiziqish uyg‘ota oldi.
Dunyoning manaman degan kikboksingchilari ishtirok etgan chempionat murosasiz va qizg‘in ruhda o‘tdi. Ular orasida O‘zbekiston nomini himoya qilgan surxon alplarining-da borligi o‘zbekman deganning ko‘nglida g‘urur va iftixor tuyg‘usini uyg‘otadi. Chempionatni kuzatishga, vohadoshlarimizni qo‘llab-quvvatlab turishga undaydi.
Professional jangda professionallar bilan maydonga tushish har bir ishtirokchidan kuch va matonat talab etadi. Vohadoshimiz Asadbek Qurbonov zo‘rlar ichra bo‘sh kelmadi, kumush medali bilan kifoyalangan bo‘lsa, sheriklari bo‘lmish Javohir Karimov va Abdulazizjon Usmonovlar oltinchi o‘rinni band etishdi. Bu chempionat sportchilarimiz uchun bir sinov vazifasini o‘tadi. Ishonchimiz komil, keyingi safar oltin medalsiz yurtga qaytishmaydi.
S.Normurodova