Mehnati rag‘bat topdi

Date:

Viloyatning katta bayram-u sayllari, shodiyona va tantanalarida birinchi navbatda e’tiborimizni tortadigan jihat bu sahnani qanday bezatishgani, dekorativlar, gullar… o‘ziga xos dizaynda yaratilgan ijod ishi bahri dilimizni ochadi, kayfiyatimizni ko‘taradi. Bir eslab ko‘raylik, “Baxshichilik festivali” arafasida Surxondaryo viloyati, aynan Termiz shahri kelinchakdek tus olgandi. Har qadamda bayram shukuhi, qadimiy shaharning qadriyat-u an’analarini tarannum etgan o‘ziga xos ko‘rinish kasb etgandi… o‘shandagi taassurotlar hali-hamon yodimizdan ko‘tarilmagani rost.

Mehnatidan zavq olganlar hech qiziqqanmikan, bunday ajib ko‘rinish, dizaynni yaratgan ijod ahli haqida. Ijodi-yu xizmati ko‘zlarimizni quvnatib, o‘zlari ko‘rinmasdan, ishlari ortidan rahmatlar eshitib kelguvchilar esa viloyat “Tasviriy oyina” ijodiy uyushmasining fidoyi, mehnatkash jamoasidir.
San’atga oshno, ijodni sevguvchi, yaratuvchanlikka, bunyodkorlikka intilgan uyushmaning ijod ahli muhim sanalarda, bayram va sayllarda tinim bilishmaydi. Qalb qo‘ri, mehridan ilhom olib, aslo ishga emas, ijodga sho‘ng‘iydilar. Ijod qilinmasa, bunday san’at asariga teng bo‘lgan namunalar shahrimizga ko‘rk bergan bo‘lmasdi.

Albatta, ular surxon xalqining buyuk bunyodkorlik ishlarini ifodalab, har birimizning qalbimizda ona Vatanga muhabbat va ma’naviy qadriyatlarga ehtirom ruhini uyg‘otuvchi shiorlar, plakat va pannolar bilan bezatishmagan bo‘lardi.
Ularning kamtarin faoliyati xalq tiliga tushgani, e’tibor va e’tirofga sazovor bo‘lgani rost. Rahmatlar, olqishlar esa viloyat “Tasviriy oyina” ijodiy uyushmasining bir guruh jonkuyar a’zolarining ko‘ksiga nishon bo‘lib taqildi. Bunday quvonchli hodisa O‘zbekiston Respublikasining “Tasviriy oyina” ijodiy uyushmasining yubileyi arafasida sodir bo‘ldi.

Shuni alohida aytish kerakki, O‘zbekiston Respublikasining “Tasviriy oyina” ijodiy uyushmasining 25 yilligi munosabati bilan “Tasviriy targ‘ibot fidoyisi” ko‘krak nishoni ta’sis etildi. “Tasviriy oyina” ijodiy uyushmasida namuna ko‘rsatib mehnat qilib kelayotgan bir guruh xodimlar, hamkor tashkilotlar a’zolari ushbu ko‘krak nishoni bilan mukofotlandi. Ular orasida viloyat “Tasviriy oyina” ijodiy uyushmasining xodimlari ham bor.
Surxondaryo viloyat hokimligida mehnati rag‘bat topganlarning taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Marosimda viloyat hokimining turizm, sport, madaniyat va ommaviy kommunikatsiyalar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Jo‘rabek To‘rayev so‘zga chiqib, soha xodimlarini bayram bilan qutladi, faoliyatlarida omad va zafarlar tilab, “Tasviriy targ‘ibot fidoyisi” ko‘krak nishonlarini o‘z egalarining ko‘ksiga taqib qo‘ydi.
— Juda katta hayajondamiz, — deydi viloyat “Tasviriy oyina” ijodiy uyushmasi rahbari Feruza Xolmirzayeva. — “Tasviriy targ‘ibot fidoyisi” ko‘krak nishoni ta’sis etilishi bilan mening jamoam, fidoyi xodimlarimning munosib ko‘rilishini mehnatimizga, ishimizga berilgan yuksak baho deb bilaman. Bu bizni yanada ruhlantiradi. Yanada yaxshi ishlashga, ijod qilishga undaydi, kuch beradi. Faoliyatimizga doir g‘oyalarimiz, takliflarimiz ko‘p, biz buni, albatta, xalqimiz e’tiboriga havola etamiz.

S.Allayeva,
N.Muhibulloyev,
(foto)

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

AI–80 cheklanadi

Yil yakuniga qadar barcha kuch va resurslarni safarbar etib,...

Qadog‘ida tarkibi yozilishi shart

Joriy yilning 1-sentabridan boshlab, sanoat sharoitida qayta ishlangan va...

Velosipedda harakatlangan ragʻbatlantiriladi

2025-yilda aholining salomatligini yaxshilash, ekologik turmush tarzini shakllantirish va...

Mahalla binosi qurilishi boshlandi

Jarqo‘rg‘on tumanidagi “Mustaqillik” mahallasida aholiga qulay sharoit yaratish va...
KunTun
KunTun