“Faqat Xorazm va Surxondaryo viloyatida bor”

Date:

30 yosh kim uchundir ko‘plab natijalarga erishish muddati hisoblangan yosh chegarasida kimlardir bekorchilik ko‘chasida andarmon kezayotgan, vaqtini behuda sarf etayotgan bo‘ladi. Angorlik Anvar Jalilov esa 30 yoshga to‘lguniga qadar ilm yo‘lini tanlamasa-da, ko‘plab yutuqlarga erishmasa-da, bir inson taqdiri uchun to‘g‘ri qarorni qabul qila olgan yosh sifatida ibrat va namuna qilib ko‘rsatishga munosib nomzod deyish mumkin.
Yoshligidan sochini tartibga keltirish uchun borgan manzili — sartaroshxonadagi qizg‘in muhit, oddiy qaychi va taroq orqali qilingan harakatlarning ajib ko‘rinishi sifatida doimo e’tiborini tortgan va maftun bo‘lib qolgani bor gap. Kasbga qiziqish ehtimol o‘sha paytlarda paydo bo‘la boshlagandir. Ulg‘ayib, qaysidir kasb-hunarning boshini tutishga kelganda, u hech ham o‘ylab o‘tirmay, sartaroshga shogird tushdi.

Birinchi ustozi Shahriyor Qahhorovdan kasb sirlarini qunt bilan o‘rgandi. To‘g‘ri, shogirdlikning mezoni shunday, beminnat xizmat qilib, avvalo ishonchni oqlash kerak. Sartaroshxonadagi tozalik ishlariga bosh-qosh bo‘lish, boshqacha aytganda qo‘li chaqqon dastyor bo‘lish kerak. Anvar mehnatdan ham, xizmatdan ham qochmadi. Qo‘li xizmatda, diqqat-e’tibori esa ustozining harakatida bo‘ldi. Ko‘rganlari, kuzatganlari natijasida ham ko‘p narsalarni o‘rgandi. Ammo, uni amalga oshirishga jur’at yetishmasdi. Qo‘liga ustara tutib, qirtishlash bilan ish bitarmidi. Aslida biz e’tibor bermaydigan sartaroshlik kasbi ham bir san’at. Harakatlar, urinishlar bilan, qaychi ila tillashib, oxirdagi yaratiqdan mijozni xursand qilish kerak. Aks holda ustara tutishdan foyda yo‘q.

Yosh sartarosh ham o‘ziga bo‘lgan ishonch kuchi bilan qo‘liga qaychi va taroqni oldi. Ustozining o‘rgatganlari, ko‘rsatmasi va tavsiyalariga tayanib, harakat qildi. Ilk bosqichdan o‘tsangiz, hayajonni yenga olsangiz, marra sizniki deyavering. Anvar ham bosqichma-bosqich jarayonlardan o‘tdi. Asosiysi qo‘rqmadi. Qarasa, sartaroshlikning hech bir qiyin joyi yo‘q. Buning uchun kasbni sevish, o‘zlikni bahshida etish kerak.
Yana bir gap, mijozlarga munosib turadigan, huzniga husn, ko‘rkiga ko‘rk qo‘shadigan ko‘rinishga keltirish uchun mos uslubdagi turmaklarni tanlay bilish lozim. Buning uchun sartaroshdan did va mahorat talab etiladi.
Sartaroshlik kasbini o‘rgangan Anvar ilk mijozlarini qabul qilayotganda ularga munosib turmakni tanlay oldi. Mijozlarning mamnun bo‘lib, qayta va qayta yosh ustaga kela boshlashi qahramonimizni xursand qildi. O‘ziga bo‘lgan ishonchni oshirib, yanada ihlos bilan ishlashga undadi.

Qo‘li kelishib, sartaroshlikni eplagan yosh shogird poytaxtga borib, bir nechta o‘quv markazlarida tajribasini oshirdi.
Turli seminarlarda ishtirok etib, kasbini mukammal o‘rganishdan zavq oldi. Hatto, O‘zbekiston “Sartaroshlar assotsiatsiyasi” tadbirlarida muntazam ravishda qatnashib keldi. Assotsiatsiya tomonidan tashkil etilgan “Sartaroshlar va pardozchilar” respublika ko‘rik-tanlovida ishtirok etib, faxrli birinchi o‘rinni egalladi.
Tumanda o‘z sartaroshxonasini ochib, odamlarga xizmat ko‘rsatishni boshladi. Anvar bu bilan to‘xtab qolmadi. U o‘z ustida tinimsiz ishlaydi. Qo‘li chiqib qolishidan cho‘chir deb o‘ylashingiz mumkin, ammo haqiqiy ishtiyoq ila egallangan hunar fidoyilikni talab etishini u yaxshi biladi. O‘rganganlarini, kasb sirlarini boshqalarga ham o‘rgatishni, jamiyatga ko‘proq naf keltirishni istaydi. Shu maqsadda sartaroshlikni o‘rganishni istagan yoshlar uchun Angor tumanida o‘quv kurslari ham tashkil etgan. Bu yerda tahsil olayotgan yoshlar ko‘pchilikni tashkil etadi va qisqa muddatda qo‘li gul sartarosh bo‘lib yetishishiga shubha yo‘q.

– Adliya vazirligidan ro‘yxatdan o‘tgan bunday o‘quv kurslari respublikada faqat Xorazm va Surxondaryo viloyatida bor, – deydi A.Jalilov. – Kurs davomida sartaroshlik bo‘yicha ko‘nikmalarga ega bo‘lgan ishtirokchilarga sertifikatlar topshiramiz. Shu kunga qadar uztoz-shogird an’analari asosida tahsil olgan o‘quvchilarim soni 20 nafardan oshdi.

Mo‘jazgina sartaroshxonasidan esa mijozlarning keti uzilmaydi. O‘z kasbidan topayotgani oilasiga baraka bo‘lib kiryapti. Kam-ko‘stini qoplab, jamg‘arishga ham ulgurgan sartarosh yigitning o‘ziga ishonchi baland. Qolaversa, rejalari ham bisyor. Kelgusida faoliyatini kengaytirib, xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilamoqchi. Qolaversa, sartaroshxonasini zamonaviy anjomlar bilan jihozlab, shogirlari bilan hamjihatlikda ishlashni, ish o‘rnini ko‘paytirishni o‘ylab qo‘ygan.

Sayyora ALLAYEVA

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

MIB xodimi jahon chempionatida…

Inson qaysi sohada faoliyat yuritmasin, qiziqishlari uni tark etmaydi....

Murosasiz bahslarda…

Maydonga tushadigan har bir sportchi raqibini yengib, g‘olib bo‘lishni...

Ilk bor urib turgan yurak ko‘chirildi

Italiyaning Paduya shahrida dunyoda birinchi marta urib turgan yurak...

“IIB bog‘i” tashkil etildi

Atrofimiz yashillikka burkansa, buning insoniyatga, ekologiya va tabatga ta’sorini...
KunTun
KunTun