Xalq og‘zaki ijodi namunalari orqali yaxshi ayonki, yigitlarning kuchini, nechog‘lik mard va jasur ekanini bilish maqsadida, ayniqsa, kuyovlikka nomzodlar turli sinovlar bilan sinovdan o‘tkazildan. Ulardan eng mashhuri kamondan o‘q otish. Ajdodlarimizning yigitlarning merganliklarini tekshirish bahonasida iqtidorini, jismoniy kuchini va ruhiy olamini ham aniqlash mumkin ekanini bilishganidan hayratlanmay ilojimiz yo‘q.
![](https://surxontongi.uz/wp-content/uploads/2022/09/photo_2022-09-16_10-01-43.jpg)
To‘g‘ri, kamondan o‘q otish yaxshigina ommalashgan sport turidir va Olimpiada o‘yinlarida ham o‘z ko‘rsatkichlariga ega ekani bilan ahamiyatli. Tasavvur qilaylik, kamondan o‘q otuvchi qo‘liga kamonni tutgancha, o‘qni sozlab, nishon oladigan jarayon… bu jarayon bilan doimiy shug‘ullanadiganlarda esa orqa mushaklar, qorin bo‘shlig‘i, yelka-kamari mustahkamlanadi. Ixtiyoriy fazilatlari rivojlanib, o‘z-o‘zini tarbiyalash qobiliyati shakllanadi. Ko‘z mushaklari va nafas olish doimiy mashq qilinadi. O‘ylab ko‘ring, o‘q otish jarayonida nafas olish ritmiga amal qilinmasa, ko‘zlar diqqatni jamlamasa, nishonga tegishni xayolimizga ham keltirmasak bo‘ladi. Qolaversa, miya faoliyati yaxshilanib, aqlni oshiradi. Psixoemotsional holat barqarorlashadi. Demak, kamondan o‘q otishni faqat sportchilar emas, sog‘lom bo‘lishni, sog‘lom turmush tarzini yo‘qlovchi har bir inson bilishi, ushbu sport mashg‘ulotini odat qilishi lozim ekan.
![](https://surxontongi.uz/wp-content/uploads/2022/09/photo_2022-09-16_10-02-09.jpg)
Yurtimizda ham so‘nggi yillarda kamondan o‘q otish sport turi ommalashib ulgurdi. Termiz shahridagi “Surxon-Arena” sport majmuasida sportning kamondan otish turi bo‘yicha “O‘zbekiston kubogi” musobaqasiga start berilgani ayni ishlarning izchil davomi deyish mumkin. Sport majmuasida Toshkent shahri, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va barcha viloyatlardan kelgan mohir merganlar o‘zaro bahslashmoqda.
Viloyatimizda ilk bora o‘tkazilayotgan musobaqa o‘zgacha ruhda boshlandi. Tantanali ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Surxondaryo viloyati qo‘riqlash boshqarmasi boshlig‘i, viloyat kamondan otish federatsiyasi raisi A.Umarov, viloyat sportni rivojlantirish bosh boshqarmasi boshlig‘i A. Arabov, kamondan otish bo‘yicha O‘zbekiston Milliy terma jamoasi bosh murabbiyi G.Aripovalar ishtirok etdi va ishtirokchilarga omad tilashdi.
![](https://surxontongi.uz/wp-content/uploads/2022/09/photo_2022-09-16_10-02-01.jpg)
So‘ng, jarayonlarga start berildi. Avvaliga sport faxriylari, nuroniylar kamondan o‘q otib, ramziy ma’noda musobaqani boshlab berishgan bo‘lsa, havaskor yoshlar ham kamondan otish bo‘yicha o‘z mahoratlarini sinovdan o‘tkazdi.
Haqiqiy musobaqa esa merganlarning epchilligini, merganliklari-yu, tayyorgarligini ko‘rsatib berdi. Har bir ishtirok o‘ziga xos va hayajonli damlarga boy. Ayni paytda erkaklar, ayollar hamda yoshlar o‘rtasida 60 va 70 metr masofadagi nishonda kamondan otish bellashuvlari bo‘lib o‘tmoqda.
Hilol