Termiz davlat universitetida axborot texnologiyalari fakulteti tashkil etilganiga endigina 2 yil bo‘ldi. Yangi o‘quv yili boshlanishi bilan ushbu fakultet uchun barcha sharoitlarga ega 1 ming 850 o‘rinli zamonaviy yangi Tantanali ochilish marosimi poytaxtdan kelgan atoqli shoirlar, san’atkorlarning tashrifi bilan yanada fayzli bo‘ldi.

Binoning foydalanishga topshirilishi talaba-yoshlar va professor-o‘qituvchilar uchun eng yaxshi yangilik bo‘ldi. Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri A.Toshqulov, Surxondaryo viloyati hokimi T.Bobolov va so‘zga chiqqanlar ushbu quvonchli voqea bilan barchani samimiy qutlab, yuqori malakali kadrlar yetishib chiqishiga ishonch bildirishdi.

Shundan so‘ng, tadbir ishtirokchilari yangi binoda yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi. “Termiz ta’minot” mas’uliyati cheklangan jamiyatining o‘z ishining ustalari tomonidan bunyod etilgan 7 qavatli binoda o‘qish-o‘rganish uchun barcha sharoitlar muhayyo. 51 ta o‘quv auditoriyasi, 8 ta kompyuter xonasi, har biri 100 nafar talabani sig‘dira oladigan uchta ma’ruza zali, 1 ta kengash o‘tkaziladigan zal, 9 ta laboratoriya talabalar uchun xizmatga shay. 7 mingdan ortiq ilmiy va badiiy kitob fondiga ega kutubxonada esa yoshlar izlagan adabiyotini topishi va ko‘ngildagidek mutolaa bilan vaqtini mazmunli o‘tkazishi mumkin.

Barcha kompyuterlar internet tarmog‘i va Wi-Fi zonasiga ulangani esa yanada qulaylik tug‘diradi. Keng, yorug‘ auditoriyalardagi smart doskalar bilan ta’minlangani fan va mavzuni o‘zlashtirishda eng yaxshi dastyor deyish mumkin.

Ochilish marosimiga tashrif buyurgan borki, fakultet binosining salobati va zamonaviy qiyofa kasb etganini ko‘rib hayratlanadi va havaslanadi. Binoning foydalanishga topshirilishiga qadar 70 milliard so‘m mablag‘ sarf etilganini bilgan, qiymat o‘zini oqlaganini tan olishi muqarrar.
Bu yerda axborot texnologiyalari, fizika-matematika fakulteti va magistratura bosqichi talabalari uchun o‘quv mashg‘ulotlari olib boriladi.

– Axborot texnologiyalari fakultetining yangi binoga ko‘chirilishi bunyodkorlik ishlarimizning boshlanishi aslida, – deydi Termiz davlat universiteti rektori A. Marahimov. – endigi oldimizga qo‘ygan maqsadlarimizdan biri 700 o‘ringa ega ko‘p qavatli talabalar turar-joyini barpo etishdir.

Termiz davlat universiteti rektorining so‘zlariga qaraganda yaqin muddatlarda Termiz shahrida otaxon universitet qoshida ko‘p qavatli innovatsion texnopark, zamonaviy ilmiy tekshirish laboratoriyasi va magistrlar tayyorlov o‘quv-amaliy ilmiy markazlari qurilib, yoshlarning yetarli bilim va tajriba oshirishlari uchun xizmat ko‘rsata boshlaydi.
S.Normurodova,
N.Muhibulloyev,
(foto)