“Technoways” marafoni start oldi

Date:

Xabaringiz bor, mamlakatimiz bo‘ylab iqtidorli yoshlarning loyihalarini har tomonlama rivojlantirish va ularni texnologik bilimlar bilan boyitish yo‘lida innovatsion rivojlanish vazirligi tashabbusi bilan “Technoways” marafoni tashkillashtirilgan. Marafonning asosiy maqsadi eng chekka hududlardan bo‘lsa-da, yosh iqtidorlarni qidirish, kashf etish. Shu kunlarda esa “TechnoWays” texnologik rivojlanish marafonining Surxondaryo viloyati bosqichi start oldi.

Joriy yilning 8-sentabr kuni marafonda ishtirok etish uchun ro‘yhatdan o‘tgan 69 ta ishtirokchi Termiz shahri Yoshlar markazi binosida kutib olindi hamda mas’ullar tomonidan marafonda yoshlar uchun yaratilgan imkoniyatlar haqida batafsil ma’lumotlar berildi.
Tasavvur qiling, yozning issiq jaziramasi. Ko‘chada ketib boryapsiz. Shunday vaqtda xayolingizni band etgan yagona narsa tezroq uyga borish, yoki salqin joy topib, biroz bo‘lsa-da dam olish, salqin shabada ostida sizni qiziqtirgan kitobni o‘qish yoki film tomosha qilish. Endi o‘ylab ko‘ring, xuddi shunday sharoit siz yurgan ko‘chalarda, istirohat bog‘larida, ta’lim maskanlaridagi o‘rindiqlarda bo‘lsa. Ushbu imkoniyatni “TechnoWays” texnologik rivojlanish marafoni ishtirokchisi Mahfuza Choriyeva sizga taklif qila oladi. U yaratgan o‘rindiqlar havo parraklariga ega bo‘lish bilan birga elektr energiyasi bilan ham ta’minlangan.

— Aqlli o‘rindiqlar quyosh panellari orqali quvvatlanadi hamda aholi gavjum bo‘lgan shahar markazlari, istirohat bog‘lari, dam olish maskanlari, oliy ta’lim muassasalari, umumta’lim maktablari hududida telefonlar, shaxsiy kompyuterlar, kamera va boshqa bir qancha qurilmalarni zaryadlash va yana ko‘plab vazifalarni bajarish uchun foydalaniladi, — deydi TerDU talabasi Mahfuza Choriyeva.
O‘rindiqlarning asosiy afzalligi shundaki, u faqat qayta tiklanadigan energiyaning asosiy manbai bo‘lgan quyosh energiyasidan quvvat oladi. Aqlli o‘rindiqlar siz marafonda ko‘rishingiz mumkin bo‘lgan yagona yangilik emas, albatta. Hayratlanarli, ajabtovur qurilmalarni, uskuna-yu, qo‘l mehnati ila yaratilgan haykalchalar, tibbiyot buyumlarini ko‘rib, yoshgina universitet talabalari shu buyumlarni yaratayotganiga ishongingiz kelmaydi.

— Biz marafonda o‘zimizning “Kovul o‘simligini yetishtirishning amaliy ahamiyati, o‘simlikning ozuqaviy va dorivor xususiyatlari” loyihamiz bilan ishtirok etyapmiz, — deydi Termiz davlat pedagogika instituti talabasi Nafisa Urolova. — Kovul o‘simligi respublikamizning ayrim hududlaridagina o‘stiriladi. Ammo, uning qiymati jahon bozorida ancha yuqori. Sababi, ushbu o‘simlikdan oziq-ovqat mahsuloti sifatida foydalanibgina qolinmaydi, shu bilan birga u dorivorlik xususiyatiga ham ega. Ayniqsa, gepatit, vabosil, teri kasalliklarida eng kerakli vosita hisoblanadi.

Marafonda yosh iqtidorlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javoblar topishdi. Ishtirokchilarga Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan yosh startap egalari uchun yaratilgan imkoniyatlar, loyihalarni davlat grantlari asosida moliyalashtirish imkoniyatlari haqida batafsil tushuncha berildi. Keyingi bosqichlarda mutaxassislar tomonidan har bir ishtirokchining loyihasi individual ravishda ko‘rib chiqilishi, zarur yo‘nalish va ko‘nikmalar berilishi rejalashtirilgan. Ishtirokchilar o‘z loyihalarini “InnoWeek-2022” ko‘rgazmasi Surxondaryo viloyati bosqichida ham namoyish etishdi. Marafon yakunida esa 3 ta eng yaxshi loyiha saralab olinib, rag‘batlantirildi.

Dildora Otaqulova,
Naumullo Muhibulloyev,
(foto)

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Odamlar

Qish. Shahnoza egilibgina avtobusga chiqdi. Bo‘ylari uzun, ko‘hlikkina bu...

Tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashkil etiladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Tahliliy va tadqiqotchilik faoliyatini tashkil qilish...

Ipoteka krediti takror moliyalashtiriladi

O‘zbekiston Respublikasining 12.02.2025-yildagi O‘RQ-1028-son Qonuni bilan ayrim qonun hujjatlariga...

Bolalar maydonchasi o‘rnida

Ko‘p qavatli uylarning hovlisida bolalar maydonchasi ham quriladi. Ayni...
KunTun
KunTun