Yuragida o‘ti bor, ko‘zlari chaqnab turguvchi har qanday mard o‘g‘lon borki, Vatan himoyasiga shaylanadi. Ota-bobolarimiz ham farzandlarining yurt posboni, xalq uchun kerakli shaxs bo‘lib shakllanishi uchun duolarga qo‘l ochishadi, chinakam Vatan himoyachilari bo‘lib yetishishiga ko‘z tikishadi. Ana shu orzu-umidlar ro‘yobi sifatida Termiz shahrida “Yosh chegarachilar” harbiy-akademik litseyi tashkil qilingani barcha uchun quvonchli hodisa bo‘lgan edi.
Kuni kecha ushbu litsey binosida “Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz” shiori ostida Surxondaryo viloyatida ilk chegarachilar harbiy qismi tashkil etilganining 30 yilligiga bag‘ishlangan “Uch avlod uchrashuvi” bo‘lib o‘tdi. Iste’fodagi chegarachilar, harbiy xizmatchilar va harbiy-akademik kursantlari ishtirokida o‘tgan uchrashuvda ilk harbiy-chegarachilar qismining Vatan sarhadlarini himoya qilishda duch kelgan qiyinchiliklari haqida so‘zlar ekan, mustaqillikning dastlabki yillarida uch davlat bilan chegaradosh bo‘lgan Surxon vohasida davlat chegaralarini qo‘riqlash o‘sha vaqtda qanchalik ahamiyatli bo‘lganligini alohida eslab o‘tishdi.
— Siz ta’lim olayotgan, hozirda litseyga aylantirilgan ushbu binoning hududida ilgarilari butun respublikani kadr bilan ta’minlaydigan harbiy tuzilma bo‘lgan edi, — deydi iste’fodagi 2-rang kapitani Abdujabbor Mo‘minov. — Aynan shu harbiy tuzilmaning chegara nazorat bazasida xizmat qilganlarning 50 foizidan oshig‘i o‘zining jasorati, Vatan himoyasi uchun jonini-da fido qilishga shay turganligi uchun turli davlat mukofotlariga sazovor bo‘lishgan. Umid qilamanki, mana shu dargohda tahsil olayotgan kursantlar o‘z ajdodlari kabi Yangi O‘zbekistonimizning yetuk vatanparvarlari bo‘lib yetishadi.
Iste’fodagi harbiy Bahriddin Salomov barchani mustaqilligimizning 30 yilligi bilan qutlar ekan, harbiy qism xronologiyasi xususida ma’lumot berib, ilgariga va hozirgi sharoitlar haqida so‘z ochdi. Endilikda chegara-harbiy xizmatchilar uchun barcha sharoitlar yetarli ekanligi, post va harbiy vzvodlar tashkil etilib, zamonaviy jihozda tashkil etilganligi, harbiy xizmatchilar uchun turar joylar barpo etilganligi-yu texnik-kuzatuv postlari faoliyat yuritayotganini eshitib, inson yana bir bora xavfsizlikda ekanini his qiladi.
— Bugungi uchrashuvni men “Uch avlod uchrashuvi” emas, “Zamonamiz qahramonlari bilan uchrashuv” deb qayta nomlagan bo‘lardim, — deydi “Yosh chegarachilar” harbiy-akademik litseyi direktori Muzaffar Norqobilov. — Sababi, har biringizning jasoratga yo‘g‘rilgan hikoyalaringiz alohida bir kitob qilgulik, o‘rnak bo‘lgulik. Chegaralarimizning daxlsizligini saqlaganlar faqatgina biz kitobda o‘qigan insonlar emas, yonimizda yurgan odamlar ekanligi, mustaqilligimiz poydevorini yaratganlar ham aynan ular ekanligini barchamiz bilib qo‘yishimiz lozim.
Karnay-surnay, do‘mbira navolari ostida boshlangan uchrashuv qizg‘in savol-javoblarga boy tarzda o‘tdi. Yosh chegarachilar cheksiz taassurot olish bilan birga, iste’fodagi ofitserlar orasidan o‘z idealini yaratdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Uchrashuv yakunida tadbir qatnashchilari uchun kichik ekskursiya tashkillashtirilib, ta’lim muassasasi bo‘ylab sayohat amalga oshirildi.
D. Otaqulova,
N. Muhibulloyev,
(foto)