Quvonch bag‘ishlagan tashrif

Date:

San’atkor tomoshabindan kuch, zavq oladi. Aytayotgan nutqini e’tiborsizlik sabab unutib qo‘yishi ham mumkindir, ammo ishonch bilan boqib turgan ko‘zlar, nigohlardan kerak o‘rinda improvizatsiya qilib yuborishi ham san’atkorning mahoratidan deyishingiz mumkin. Yo‘q, yo‘q bu tomoshabinning, oddiy muxlisning aktyorga bergan motivatsiyasidir.
Sho‘rchi tumanining Baxshitepa mahallasi ahli ana shunday san’at ahlini “Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz” shiori asosida tashkil etilgan tadbir bahonasida yuzma-yuz diydorlashishga, san’atlaridan bahramand bo‘lishga imkoniyat tug‘dirdi.

Bu tashrif kutilmagan voqealarga, ajoyib taassurotlarga boy bo‘ldi. To‘g‘ri-da, sevimli filmlarimizga kadr ortida ovoz bergan dublyaj ustalari, o‘z ro‘llari bilan o‘lmas qahramonlarni jonlantirib, yodimizda qolgan, yuragimizdan joy olgan san’atkorlar muxlislarini yo‘qlab keladi-yu, tomoshabin zavq-shavqqa to‘lmaydimi? Ayniqsa, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artistlar Farida Umarova hamda Yodgora Ziyomuhammedovalarning “Qayinona-kelin” obrazida namoyon bo‘lishi, bugunning og‘riqlarini ochiqlab, risoladagidek qayinona-kelin qanday bo‘lishi ko‘rsatib qo‘ygani eng yaxshi ibrat bo‘lgan bo‘lsa, yaqindagina Prezidentimiz farmoni bilan “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlangan Yuldash Usmonovning chiqishi sahnani, tomoshabinlarni-da jonlantirib yubordi. Samimiy kulgu ulashib, kayfiyatlarni ko‘tardi. Tomoshabinlar bilan birgalikda kuylab, birgalikda raqsga tushdi.

Tashrif shu bilan yakunlanmadi. Ma’naviyat, estetik ruh ulashishni maqsad qilib kelgan ma’naviyat-ma’rifat targ‘ibotchilarining keyingi manzili 1941-yilda tug‘ilgan Qambar aya Rajapovaning fayzli xonadoni bo‘ldi.
Supada nabirasiga olma tozalab berayotgan Qambar aya eshik qoqib kelgan mehmonlarni ko‘rib quvondi. Ko‘rgan filmlaridan, aktrisalarning o‘ziga manzur bo‘lgan ro‘llari haqida to‘lqinlanib so‘zladi. Suhbat samimiy bo‘ldi, Qambar aya esa dildan yayradi.
Shoira Zulfiya Mo‘minovaning o‘qigan she’rlarini, Yodgora Ziyomuhammedova va boshqa ijodkor va san’atkorlarning ko‘ngilga yaqin so‘zlarini aya uzoq muddat unutmasa kerak.
Tashrif so‘nggida mezbon aya mhmonlarning qadami qutlug‘ kelgan bo‘lishligini tilab, yurtimizda tinchlik, xalqimizning saodatli kunlari bardavom bo‘lishini so‘rab duo qildi.

Sohibjamol

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

AI–80 cheklanadi

Yil yakuniga qadar barcha kuch va resurslarni safarbar etib,...

Qadog‘ida tarkibi yozilishi shart

Joriy yilning 1-sentabridan boshlab, sanoat sharoitida qayta ishlangan va...

Velosipedda harakatlangan ragʻbatlantiriladi

2025-yilda aholining salomatligini yaxshilash, ekologik turmush tarzini shakllantirish va...

Mahalla binosi qurilishi boshlandi

Jarqo‘rg‘on tumanidagi “Mustaqillik” mahallasida aholiga qulay sharoit yaratish va...
KunTun
KunTun