Klaster qishloq xo‘jaligi “drayver”i bo‘la oldimi?

Date:

Qishloq xo‘jaligiga “Klaster”ning  kirib kelishi angorliklar uchun  yangi davrni boshlab berdi.  2018-yil tumanda ikkita klaster tashkil etildi. Biri g‘allachilikka, yana biri paxta va g‘allachilikka itisoslashgan klasterlar tarmog‘i edi.

Haqli savol tug‘iladi, xo‘sh, klaster tizimi qishloq xo‘jaligiga, ayniqsa, dehqon va fermer xo‘jaliklariga qanday qulayliklarni yaratdi? Angoriklar klasterdan rozimi?

Savollarimizga javob olish maqsadida “Zamin Angor Cluster” korxonasida bo‘ldik. Klaster ishchilari bilan suhbatga tutindik, jarayonlarni kuzatdik. Ushbu klaster tarmog‘ida o‘n ming gektardan ortiq yer maydoni mavjud bo‘lib, shundan 9 200 gektar maydon ekin ekiladigan, sug‘oriladigan yerlar hisoblanadi, zaminda paxta va g‘alla yetishtirilmoqda. Turli xildagi eng zamonaviy texnikalar vaqtida qo‘llanishi, ish beruvchilar va ishchilar o‘rtasidagi do‘stona munosabat ham ekinlarga jon bag‘ishladi. Klaster ilk ishni yerning unumdorligini oshirishdan boshladi. Ishchilar bilan mehnat shartnomasi imzolanib, ularga qonuniy maosh tayinlandi. Rag‘batlantirish choralari ham ko‘rildi. Natijada esa ishchilar ham sidqidildan ishga kirishib, hosildorlik dastlabki yiliyoq 30 sentnerdan oshib ketdi. Bu hali bir yil ichida bo‘y ko‘rsatgan hosilgina edi.

Klasterning yana bir yutug‘i shunda bo‘ldiki, yerlar brigadalarga bo‘lindi. Brigaderlar tayinlandi. Ayni damda 83 ta brigader o‘z maydonlarida hosildorlikni oshirish, yerdan unumli foydalanish uchun o‘zaro bel bog‘lagan. G‘alla va paxtadan bo‘shagan yer maydonlariga xaridorgir, to‘qsonbosti ekinlardan karam, gulkaram, sholg‘om, ko‘kat mahsulotlari ekildi. Yetishtirilgan hosil eksportga yo‘naltirilayapti. Shuningdek, mahalliy aholining tomorqasidagi hosilning chet elga eksport qilinishiga yo‘l ochildi.

-2021-yilda paxta 33,4 sentnerdan hosil bergan bo‘lsa, g‘alladan olingan hosil 73 sentnerdan oshib ketdi, — deydi “Zamin Angor Cluster” MChJ ish yurituvchi- direktori Temur To‘qsonboyev. — Klaster tashkil etilgandan buyon birgina to‘qsonbosti ekinlar Qozog‘iston, Hindiston, Rossiya kabi davlatlarga 18 239 594,31 AQSh dollariga eksport qilindi. G‘allaning o‘zidan ko‘rilgan sof foyda esa o‘tgan bir yil ichida 38 milliard so‘mdan oshdi.

Ariqchimas, suvchimas, qonunan ishchi bo‘ldi

-Ketma-ket bir necha yil paxta va g‘alladan hosildorlik 15-20 sentnerdan oshavermagach, ishchilarning havsalasi pir bo‘lgandi, — deydi agronom Saydulla Usarov. — Oylik maosh yo‘q.  Ish haqi degan narsani tushida ham ko‘rmay ishlayotgan ishchilarga mehnat haqi natura shaklida berilishi, u ham bo‘lsa hosil yaxshi bo‘lganidagina “inam” qilinishi ishchilarning tinkasini quritayozgandi. Bola-chaqa, ro‘zg‘orni bir telejka somon yoki, 2-3 qop bug‘doy bilan yaxshi boqish mumkin emasligini vaqt tobora oydinlashtirib borardi. Ishchilar ham nima qilsin, ekinlar uchun ajratiladigan o‘g‘itdan “o‘morib” sotishga urinardi. Ishga mas’uliyat bilan yondashmaslik, ba’zilar xorijga ketib qolgan holatlari ham bo‘ldi.

Ming shukurki, sohaga yangi tizim — klaster kirib keldi.  Mana uch yildirki, klasterning nafaqat dehqonga, balki, aholi uchun ham, qishloq xo‘jaligida qulayliklar, inovatsion texnologiyalar joriy qilinishida ham ahamiyati yuqori ekanini ko‘rib turibmiz. Ilgari bir traktor paxtani punktga olib ketsa, terimchilar kechgacha dalada qolib ketishardi. Tarozini oy yorug‘ida ham amalga oshirishga to‘g‘ri kelardi. Katta-katta zavurlarni, ariqlarni ishchilar bel-ketmonda qazishib, belangi orttirganlar qancha. Endi bu ishlarni texnika bajaryapti. Suvchiyu, ishchilarning ham yelkasiga shamol tegdi. Ular qonuniy ishchilarga aylandi. Oylik maosh, uch mahal issiq ovqat. Uzoqdan qatnaydiganlar uchun texnika hozir.

Ming ishchiga bir boshchi

“Zamin Angor Cluster” MChJning ish yurituvchi- direktori Temur To‘qsonboyev asli nukuslik. Uzoq yillar harbiylar safida xizmat qilgan. Hozirgi kunda nafaqadagi padpolkovnik. O‘zi tamomila boshqa sohadan chiqqan odam bo‘lsa-da, rahbarlikka tayinlangach, qishloq xo‘jaligini obdon o‘rgandi. Qachon chigit qadash, chopiq mavsumida nimalarga e’tibor berish, qaysi mahsulotning hosildorligini oshirish uchun nimalar qilish kerak, bularning barini miridan-sirigacha o‘zlashtirgan Temur aka o‘zini uncha-muncha agronomdan kam sanamaydi. Respublikaning turli hududlaridan taklif etilgan irrigatorlar, agronomlar, intimolog va g‘alla va to‘qimachilik bo‘yicha mutaxassislar maslahatiga quloq beradi. Boshqa viloyatlardan kelgan mutaxassislar uchun klasterning o‘zida barcha sharoitlarga ega 40 o‘rinli yotoqxona ham tashkil etilgan.

Ming ishchiga bir boshchi, deganlaridek klasterda doimiy 632 nafar ishchilar faoliyat yuritib kelmoqda. Shuningdek, mehnat shartnomasi asosida 304 nafar ish o‘rni band. Pilla va chopiq mavsumida 550 nafar ishchiga ehtiyoj sezilgani uchun ham shuncha mehnatkash ishga jalb etiladi.

Har ishga bir moyana

Quruq qoshiq og‘ir yirtadi, deganlaridek, klasterning afzalliklarini ming maqtaganimiz bilan, baribir ishchilarning oylik maoshi, moddiy tomondan ta’minlanishi masalasi ko‘plarni qiziqtiradi. Bugun klasterda mehnat qilayotgan  ishchi yoki brigader qancha moddiy daromad ko‘rayapti?

-Ish beruvchi bilan o‘rtamizda tuzilgan mehnat shartnomasiga ko‘ra, har oyda bir milliondan ortiq naqd pul olaman, — deydi brigader Panji Takayev. — Agar qo‘l ostimdagi yer maydonidan bug‘doy rejasini 100 foiz bajarsam, yetti yarim million so‘m mukofot, bir tonna g‘alla, 3 gektar maydondagi somon bonus sifatida beriladi. Hali bu g‘alla ekilgan maydon uchun, paxta dalasidan hosilimiz 100 foiz bajarilsa, yigirma besh millon so‘m mukofot va 5 tonna kunjara rag‘bat sifatida beriladi. Faqat bunday daromad olish uchun biz ishchilardan mehnat va yana mehnat talab etiladi. Uch mahal issiq taom esa ishchilar uchun yanada qulaylik. Ertalab dalaga ketishdan oldin ovqatlanamiz, keyin ishga kirishamiz. Klaster tizimidan ko‘plab ishchilar manfaat ko‘rayapti. Ayniqsa, mexanizatorlarlikka, brigaderlikka ishga kiraman degan ko‘p.  

Ilgari dehqonchilikda yaxshi bir an’ana bor edi. Xirmon boshiga kelib qolgan mehmonga “kapsan” berilardi. Ammo hozir bu an’ana ko‘pchilikning yodidan ko‘tarilgan. Biroq klaster bu borada ham an’anaga sodiq. Har yili ishchilarga klaster tomonidan davlatga topshirilgan hosilning ortgan qismidan “kapsan” tarqatiladi.

Klasterda chopiq, kultivatsiya, yer tekislash, shudgorlashdan tortib ariq qazishgacha mo‘ljallangan texnikalar bilan qo‘shib hisoblaganda jami 626 ta texnika ishlab turibdi. Zamonaviy texnikalarning qishloq xo‘jaligida qo‘llanishi kechagina loy kechib, issiqda “labi gezarib” chopiq chopayotgan ishchilar uchun mo‘jizaday gap. Klasterning yana bir qulayligi shunda ko‘rinadi. Ilgari butun boshli dalaga ekilgan paxtaning atrofi chopiq qilingan bo‘lsa, endi bu ishlarni texnika bajargacha, chopiqchilar endilikda faqatgina g‘o‘zaning yonida qolib ketgan ikki-uch santimetr joyga ishlov berishadi. Ham oylik, ham qulaylik, deb shunga aytishsa kerak.

Qolaversa, “Zamin Angor Cluster”ga aqlli texnikalar ham kirib keldi. Misol uchun, amerikancha “John deere” texnikasi bir necha vazifani bajarishga mo‘ljallangan. Rulga o‘tirgan mexanizator faqatgina rulni to‘g‘irlab, kerakli tugmani bosadi xolos. Uning harakatini bevosita sputnik orqali, maxsus “GPS” quilmasi boshqarib turadi. U belgilangan maydonda xuddi chizg‘ichdek bir tekisda yerni tekislaydi, shudgorlaydi va hokazo. Klaster rahbariyati maxsus dasturchi bilan shartnoma ham imzolaganki, kelgusida “John deere” dala xaritasiga moslashtiriladi va u belgilangan ishni hech bir mexanizator yoki boshqaruvchisiz o‘zi bajarish qobiliyatiga ham ega. Buning uchun unga maxsus dastur o‘rnatilsa bas. Ayni paytda ushbu “aqlli texnika” boshqaruvi Otabek Bo‘ronovga topshirilgan.

“Prezident bilan g‘alla o‘rganim”

Otabek Bo‘ronov uchun nafaqat klasterda ishlagani, balki o‘tgan 2021-yil omadli keldi. Vohaga tashrif buyurgan davlatimiz rahbari Angorga tashrifi shog‘ida ushbu klasterda g‘alla o‘rish mavsumidagi kombaynlarni ko‘zdan kechira turib, otabek boshqarayotgan kombaynga chiqishni ixtiyor etdi.

– Prezidentimiz men boshqarayotgan kombaynga o‘tirib, menga savol bera boshlaganida juda hayajonlandim — deydi Otabek Bo‘ronov. —Kutilmaganda, “Otabek, bunker g‘alladan to‘lganini qayerdan bilasan?” deb qolsa bo‘ladimi. Tilim kalimaga kelmay qolganidan bosh barmog‘imni bigiz qilib kombaynning orqa oynasiga ishora beribman. Shavkat Miromonovich ham birdaniga orqaga qaradi va oynadan bunkerga bug‘doy to‘kilishi ko‘rinib turishini ko‘rgani zahoti kulib yubordi. Menga klaster ham sevimli kombaynim ham juda qadrdonga aylandi. Mexanizatorlarga bu qadar e’tiborni ko‘rib quvonmaslikning imkoni yo‘q.

Soddadil, pahlovonkelbat Otabek “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi. Klasterda ishlab, mehnatdan qochmaydigan, texnikani jon dili bilan qadrlaydigan, yer bilan yillar bo‘yi sirlashib kelayotgan qishloqning oddiygina mexanizatori uchun bu ulkan taassurot bo‘lib tarixda qolgan bo‘lsa ajab emas.

Issiqxona, moy zavoddan tortib logistikagacha…

Klasterni qishloq xo‘jaligiga joriy etishdan maqsad, shunchaki ishchilarga qonuniy ish va maosh berish, hosilni ko‘paytirishdan tashqari, o‘zi yetishtirayotgan mahsulotlarni qayta ishlash, uni eksportga yo‘naltirish kabi vazifalar ham qo‘yilgan edi.

Bu borada ham “Zamin Angor Cluster” qator ishlarga kirishgan. 2022-yil belgilangan rejaga asosan, 40 gektar maydonda issiqxona xo‘jaligini tashkil etish, 500 bosh xorijdan keltiriladigan zotdor qoramol va yana shuncha qo‘y-echki olib kelib chorvachilik kompleksi tashkil etish asosiy  maqsadlardan biri. Ayni damda 20 gektar hududda issiqxona bunyod etilib, unga bolgar qalampiri, pomidor, bodring ko‘chatlari ekilgan.

Hozirda 200 gektar maydon tomchilatib sug‘orishga shay. Shuningdek, klaster qoshida logistika markazi ham yil yakunigacha foydalanishga topshirilishi kutilayapti. Unda mahsulotlar saqlanadigan muzlatkichli omborxona, qadoqlash sexi, paxtani qayta ishlab, ikkilamchi mahsulotga aylantirish uskunalarini o‘rnatish ishlari boshlab yuborilgan. Klaster tarkibida moy zavod ochish ham allaqachon belgilab olingan. 20 ta bug‘doy o‘rish kombaynlarining xaridi ham joriy mavsumda amalga oshiriladi.

Issiqxona uchun asbob-uskunalar Turkiya davlatidan keltirilayapti. Paxtani qayta ishlaydigan texnik jihozlarni olib kelish uchun Amerikaning mashhur kompaniyasi bilan shartnoma qilingan. Logistika markazi uchun texnik vositalar keltirilgan bo‘lib, xorijiy mutaxassislar kelib ishga tushirib bersa, qarabsizki, yana ko‘plab ishchilarga doimiy ish o‘rinlari yaratiladi.

“Zamin Angor Cluster” MChJ ta’sischisining tashabbusi bilan tumanda meva-sabzavotlar klasteri ham bu yilda tashkil etilib, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qilish bo‘yicha xorijiy davlatlar bilan shartnoma ham imzolangan.  

Klasterda faoliyat yuritayotgan ishchilarning madaniy hordiq chiqarishi, dam olish maskanlari, ziyoratgohlarga sayohatga chiqishi ham reja bo‘yicha amalga oshirilib kelinmoqda. Qishlog‘idan, tumanidan chiqmagan qishloq xo‘jaligi zaxmatkashlari klaster tufayli tarixiy qadamjolarni ko‘rayotir.

A.Safarova

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

Yuksak mukofotlar muborak, surxondaryolik o‘g‘lonlar!

Yurtimiz sharafini yuksakka ko‘tarib, o‘zlarining yutuqlari bilan o‘rnak bo‘lib...

Yirik investitsiya loyihalari bilan tanishildi

Loyihalar, g‘oyalar har doim qimmtli va muhim ahamiyatga ega....

Prokuraturada yangi bo‘linma tashkil etiladi

Har soha va tizimni rivojlantirish uchun yangi qadamlar tashlanadi....

Migrantlarning farzandlari ta’limi uchun to‘lov joriy etiladi

Rossiya Davlat dumasi mehnat migrantlarining farzandlari o‘qishi uchun to‘lov...
KunTun
KunTun