Chempionning eshigi nega qulf?

Date:

Ko‘p qavatli uyga ko‘chib kelishimiz bilan, quruvchilardan biri “yonginangizdagi uyni viloyat hokimi mashhur sportchi, bir polvon yigitga sovg‘a qilgan, endi siz chempionga qo‘shni bo‘ldingiz” dedi. Rosti xursand bo‘ldim. “Uy olma, qo‘shni ol” degan gap yodimga tushdi. To‘g‘rida, yutug‘idan faxrlanib, “mening shunday qo‘shnim bor” deb yashash har kimga ham nasib etavermaydi.

Xayolimda savol charx urdi. Kim ekan bu sportchi? Qaysi polvon? O‘g‘limni sportga qo‘ysam, undan maslahat olar ekanmizda, deya juda xursand bo‘ldim. Oradan bir necha yil o‘tdiki, chempionning eshigi hech ochilmaydi.

…Kunlarning birida kichik gavdali, kamtargina bir yigit bilan liftga bir paytda chiqib qolibmiz. Etajimiz bir ekan. Bitta qavatda tushdik. Qarasam, chempion qo’shnimning uyiga o‘sha yigitcha kirib ketayapti. Behosdan “siz chempionning uyida ijarachimisiz?  O‘zi hech kelganini ko‘rmagandikda” deya so‘z qotdim.

“Checha, siz adashyapsiz, viloyat hokimi To‘ra Bobolov bu uyni menga jahon chempionatida ikkinchi o‘rinni olganimda sovg‘a qilgandi, menman o‘sha sportchi, Sharofiddin Lutfullayev”, dedida uyiga kirib ketdi.

Gap-so‘zlari chapani, o‘ziyam oddiygina yigitning ism-sarifini eslab qoldimu, lekinam sportchi ekaniga ishonqiramadim. Ismini internetga yozib, u haqida ma’lumot qidirdim. Sharofiddin Lutfullayev haqida ko‘plab ma’lumotlar chiqsa bo‘ladimi, taniqli dzyu-do ustasi, qator musobaqalarda g‘alaba qozongan sportchini mengina tanimaganimdan uyalib ketdim. Go‘yo gunoh ish qilib qo‘yganday, Sharofiddin Lutfullayev haqida batafsil ma’lumot olib, u haqida bir narsalar qoralashga kirishdim.

Ayni damda Termiz shahridagi Surxon sport majmuasida dzyu-do bo‘yicha o‘smirlarga murabbiylik qilayotgan sportchining ham o‘ziga xos hayot yo‘li, mashaqqatli muvaffaqiyatlari bor ekan. Hayotda ikki toifa odamlar bor: g‘oliblar va mag‘lublar. Bu qaysi ma’nodaki, kimdir oldiga qo‘ygan maqsadiga erishadi, umri davomida ko‘zlangan marralarni zabt etib, g‘olibga aylansa, yana bir toifa kishilar borki, beburt va subutsizlik qurboniga aylanib, na bir maqsadsiz va na bir ezgu amalsiz quruq so‘xta bo‘lib yashayveradi. 

Muvaffaqiyatga erishmagan, o‘z yo‘lini yo‘qotganlarga ko‘pincha kambag‘allik, boshga tushgan sinovli kunlar va yo‘qotishlar sabab qilib ko‘rsatilaveradi. Aslida bu kabi maishiy muammolar odamning o‘zligini anglab yetmasligida, hayotda o‘z o‘rniga ega bo‘lishida muhim ahamiyat kasb etmaydi. Betxovet, Albert Eynshteyn, Fyodr Dastoyevskiylar hayoti va ijodi bunga yaqqol misol bo‘la oladi. Ularning hayoti to‘la-to‘kis, bir maromda ketmaganiga tarix guvoh. Ammo shunday qismat ularning buyuk bo‘lib dunyo hamjamiyatiga tanilishiga, el og‘ziga tushishiga yo‘l ochdi.

Boshga tushgan qiyinchiliklarni yenga olgan, maqsadida sobitqadamlik bilan harakat qilgan insonlar borki, ular g‘oliblar safining ilgarisida. Vohalik sportchi Sharofiddin Lutfullayevni ham ana shunday insonlar sirasiga kiritish mumkin. Sharofiddin past bo‘yli, jussasi  ixcham, ammo chayir sportchi. Shuning uchun ham u bor imkoniyatlarini ishga solib, mashg‘ulotlarga kirishdi. Muvaffaqiyatlarga erishishi zamirida tinimsiz mashq, mehnat va sidqidildan sportga bo‘lgan intilish yotibdi. 

Angor tumani “Navro‘z” mahallasida dunyoga kelgan sportchi Sharofiddin Lutfullayevni jahon tanidi va tan oldi. U dzyudo bo‘yicha jahon chempionati sovrindori bo‘lib yurt bayrog‘ini ko‘klarga ko‘tardi. Ammo uning muvaffaqiyati ham o‘z-o‘zidan bo‘lib qolgani yo‘q. Sportchini hayot yengilmas, mard va olg‘a intiluvchan qilib tarbiyaladi. Kichik jussasida katta hayot falsafasini ko‘tarib yurgan Sharofiddinning bosib o‘tgan yo‘li ham og‘ir, vazmin qadamlar bilan uyqash.

“Ilk raqibim akam bo‘lgan”

Sharofiddin Lutfullayevni ham hayot sinovlari, turmushning o‘g‘ir kechishi, otadan erta ajralish, moddiy qiyinchiliklar yoshiga nisbatan erta ulg‘aytirdi. Onasi  ro‘zg‘orning aravasini yolg‘iz tortardi. Oshpazlik qilib, taomlar pishirib sotib yuradigan onaizor ikki o‘g‘lini oq yuvib-oq tarash barobarida kelajakda farzandlari ham el koriga yaraydigan o‘g‘lonlar bo‘lib ulg‘ayishini juda-juda istardi.

-Sportchi bo‘lishimda, ayniqsa, dzyudoni tanlashimda onamning hissasi katta bo‘lgan, — deydi Sharofiddin Lutfullayev. — Otam bizni erta tashlab ketgan, xattoki, yuz-ko‘zlarini ham eslay olmayman, onam akam bilan ikkimizni bir o‘zlari voyaga yetkazdi. Kechagiday esimda, ko‘rpacha tashlab akam bilan meni kurashishga 3-4 yoshimdan o‘rgata boshlagan, kurash nima ekanligini, kurashish usullarini bir-bir tushuntirib, o‘zi bizga trenerlik qilardi. Uy o‘rtasiga solingan ko‘rpacha ustida bir-birimiz bilan kurashib, men nuqul yengilardim. Akamni biroz yonbosh qila olsam ham g‘alaba meniki edi. Chunki hakam, ham tomoshabin ham onam edi. O‘zim kichik, jussam esa ixcham bo‘lgani uchun onam har doim menga yon bosardi. Shu-shu men sportga mehr qo‘ydim. Akam esa haydovchilikni tanladi. Maktabda o‘qib yurgan kezlarimdayoq kurash to‘garagiga yozdirgan onam nuqul menga: “O‘g‘lim, bor umidim sendan, oilamiz nomini ham kurashimiz dong‘ini ham ko‘taradigan sensan” deya qo‘llab-quvvatlardi.

Darhaqiqat, Surxon vohasi asli kurash vatani hisoblanadi, polvonlar yurti desa ham, avvalo, viloyatimiz tushinilishi shundan. Oilada o‘g‘il tug‘ildimi, demak, uni polvon deb atay boshlaymiz. Polvonlikka ishora beramiz. Bir so‘z bilan aytganda, kurash o‘zbekning qonida bor. Hech bo‘lmasa yaqin do‘sti, aka-ukasi bilan bo‘lsin bir marta bo‘lsa ham kurash tushmagan yigitni topish mushkul.

Sharofiddinning onasi ham o‘g‘liga kurashni o‘rgatdi, uni sport maktabiga yuborishga qaror qildi. Hali endigina oltinchi sinfga qadam qo‘yar-qo‘ymasidan bo‘lajak sportchini Andijondagi sport majmuasiga o‘qishga joylashtirib keldi. O‘zi shundog‘am ota diydoridan olisda yarimko‘ngil bo‘lib yashayotgan Sharofiddin birdaniga onasidan ham akasidan ham, tug‘ilib o‘sgan diyoridan ham olislab, tamomila boshqa bir muhitga o‘qishga ketdi. U yerda hamma sportni sevuvchilar jam bo‘lgandi. Ba’zan emas, doim Sharofiddin uyini, oilasini sog‘inib yashadi. Salga ortga qaytgisi kelardi. Ammo, bunday qilmadi. Oldiga maqsad qo‘yib kurashdi.

-Bir yilda ikki marta, qishki va yozgi ta’til paytlaridagina uyga qaytardim, — deydi Sharofiddin. — Oilaviy sharoitimiz qiyin kechayotgan esa-da onam mening o‘qishim, Andijonga borib kelishim uchun birovlardan qarz olib bo‘lsa ham pul topib berardi. Har ortga qaytgim kelganida onam uchun harakat qilishim, chempion bo‘lib, orzularini ro‘yobga chiqarishim kerakligini ich-ichimdan his qilib turardim. Bu esa mening endi sportdan qaytishga haqqim yo‘qligini anglatardi. Bilamanki, onamning duolari, kuyib-pishishlari, kechirgan qiyinchiliklarim menga qanot bo‘ldi. Kuch bag‘ishladi. Ilk g‘alabamga 8-sinfda o‘qib yurgan kezlarimda erishdim. O‘shanda 38 kilogramm vaznda edim. Kichikkina sportchi bo‘lib gilamga tushdim. Shunchalik hayajonlanganimdan yonimda turgan murabbiyimni ham tanimay gangib qolibman. Hakamning o‘smirlar bo‘yicha O‘zbekiston chempioni Sharofiddin Lutfullayev, deya jaranglagan ovozi meni o‘zimga keltirdi. Qarasam, atrofda qarsaklar baravj, shu onda xayolimdan faqat bir narsa o‘tdi. “Vatanim bayrog‘ini qo‘limda hilpiratganimni onam ko‘rdimikin, mendan ko‘ngli to‘ldimikin, ko‘ziga yosh olmadimikin?”

Ko‘cha changitganimmas, “Mat”ni titratganim bor

Tengqurlari singari yoshligini ko‘cha changitib, quvlashmachoq o‘ynab o‘tkazmagan Sharofiddinning sportdagi zaxmatlari o‘z so‘zini aytdi. Ilk g‘alabasidayoq mehnatning, tinimsiz mashg‘ulotlar olib borishning samarasini ko‘rgan kurashchi sportning nechog‘lik kuchli motivatsiya ekanini anglab yetgandi. Endi u kurashchi emas, dzyudochi bo‘lishga qaror qildi. Chunki, kurash bo‘yicha minglab chempionlar bor. Kurashning qonun qoidasini endigina tili chiqayotgan, atak-chechak yurayotgan bolajonlar ham yaxshi biladi. Ammo kurashga juda yaqin turadigan, lekin ba’zi jihatlari bilan milliy kurashimizdan farq qiladigan yaponlarning sevimli sporti bo‘lgan dzyudoni mukammal o‘zlashtirishga kirishdi. Qolaversa, dzyudo bo‘yicha o‘sha paytlarda barmoq bilan sanarli sportchilar mashhur edi. O‘zbekistonda bor-yo‘g‘i ikki nafar sportchi ushbu sport turi bo‘yicha jahon chempioni degan nomga sazovor bo‘lgani ham  buning yaqqol isboti.

Sharofiddinning dzyudoda yaxshi natijalarga erishishida, ushbu sportda o‘zini topishida viloyat dzyudo federatsiyasi rahbari Begzod To‘raboyevning hissasi katta bo‘ldi.

Kurashdagi “chala, “yonbosh”, “halol” kabi dzyudoning “vazariy”, “koka”, “yuka”larini mukammal o‘zlashtirgan, faoliyati davomida ellikka yaqin medallar shodasini ko‘ksiga taqib, dzyudochilar bo‘yicha dunyo reytingining yuqori pog‘onalaridan joy olib, “Masters” turnirlarida ham yurtimiz sharafini himoya qilgan Sharofiddin onasiga bergan vadasining ustidan chiqdi.

Qimmatga tushgan kibr

Lutfullayev sportda g‘irromlik, o‘ziga ortiqcha ishonib yuborish, raqibni mensimaslik kabilar chinakam sportchiga yarashmasligini, omadsizlik olib kelishini ham biladi.

-Sport halollikni yoqtiradi, g‘irrom va yolg‘onni kechirmaydi, — deydi sportchi. — Ammo shunday holatlarga ham duch keldimki, men yoki boshqa bir sportchi reyting va ochkolar, tayyorgarlik jihatidan ham yuqori pog‘onada tursa-da boshqa bir sportchini chempionatga yuborishgan paytlari ham bo‘lgan. Demoqchimanki, ba’zan sportda tanish-bilishchilik ham, g‘irrom ham bo‘lib turadi. Guruch kurmaksiz emas, jamiyat ham bundan haligacha holi bo‘lolgani yo‘q.

Sharofiddinning aytishiga qaraganda, bir inson hayotini sportga bog‘ladimi, u doimo muvaffaqiyatga erishadi, sport formasida bo‘lib, yuqori tayyorgarlik ko‘ra oladi, degani emas. Tinimsiz mashg‘ulotlar, kechayu-kunduz sport bilan shug‘ullanish natijasida organizm chiniqish bilan birga sekin-asta charchaydi, energiya kamaya boradi. 25-28 yoshlar orasida sportchining ayni kuchga to‘lgan, jismonan chiniqqan payti bo‘larkan. 2019-yilgi jahon chempionati Sharofiddinning ayni yetilgan, kuchga to‘lgan, o‘ziga ishonchi ortgan paytlar edi. Ammo jahon chempioni bo‘lishida unga jismoniy tayyorgarlik emas, tamomila boshqa bir narsa pand berganini samimiy sportchi yashirmaydi ham.

-Chemionat Yaponiyada edi, yarim finalgacha hech bir qiyinchiliksiz chiqib bordim, — deydi Sharofiddin Lutfullayev. — Yarim finaldagi raqibim yaponiyalik Naosi Takata edi. Naosi uch karra jahon chempioni bo‘lgan. U men uchun zabt etilmagan cho‘qqidek gap edi. Ammo jismoniy tayyorgarligim kuchliligidan, o‘zimga ishonchim balandligidan sportchining kuragini yer tishlatdim. Navbat finalga yetdi. Finaldagi raqibim gruziyalik sportchi. Men uni besh marta yengib, allaqachon, taktikalarini, usullarini yaxshi bilganim uchun ham biroz mensimadim. Ozgina kibrga berildim. Ammo bu menga qimmatga tushdi. Ikkinchi o‘rin bilan yurtga qaytdim.

Navbatdagi musobaqa sportchilarning orzusi bo‘lgan Olimpiada o‘yinlari edi. 2021-yilgi Olimpiada o‘yinlarida ishtirok etgan Sharofiddin 31 yoshda edi. Unga jismoniy tayyorgarlik ham, yoshi ulg‘ayib qolgani ham biroz pand berdi, shekilli musobaqa ishtirokchisi bo‘lib ortga qaytdi. Shundan so‘ng, o‘zining jismoniy kuchini, sportdagi vaziyatini anglagan dzyudochi yigit sportni butunlay tark etishga qaror qildi. Yosh dzyudochilarga murabbiyik qilib, shogirdlari bilan jahon chempionati, Olimpiada o‘yinlariga borib, g‘oliblikni qo‘lga kiritishga astoyil kirishdi. Sport majmuada 70-80 nafar dzyudochilarga bosh bo‘lib, sportda chiniqtirmoqda.

Sharofiddinning hayotdagi shiori “doimo olg‘a intilish”. U biladiki, ortda qolgan vaqt ham imkoniyat ham allaqachon o‘z vazifasini o‘tab bo‘ldi. Galdagi vazifa esa kelayotgan omadni, vaqtni tutib qola bilishda.

Sharofiddin ayrim sportchilarga o‘xshab biznesga o‘zini urmadi. Berganiga qanoat qilib ayoli, ikki qizi bilan baxtli hayot kechirayapti. Xatolardan aslo og‘rinmaydi. Aksincha, xatolarim meni qayta tarbiyaladi. Insoniylik fazilatlarimni junbushga keltirdi, deya g‘ururlanadi.

Yoshlikda ko‘rpacha ustida kurash tushib ulg‘aygan o‘g‘ilning jahon miqyosidagi muvaffaqiyatlari onasi uchun dunyolarga alishmas quvonch bo‘ldi. “Sportchim, polvon o‘glim bor”, deya ko‘rganga Sharofiddindan so‘z ochadi. Bu ham bo‘lsa kamtargina onaning kamolga yetganidir.

Yana bir gap. Chempionlar, dunyo tan olgan sportchilar o‘ziga bino qo‘ygan, odamni menismaydigan bo‘lib ketishadi, deganlar borki, adashadi. Sharofiddin Lutfullayevning hayot yo‘li,  jaydari o‘zbekligicha qolgani ham bunga kafil.

Chempion qo‘shnim doimo musobaqalarda, mashg‘ulotlarda, chempionatlarda yurgani uchun ham viloyat rahbari sovg‘a qilgan uyiga kelishga ham vaqti bo‘lmagan ekan. Suhbat chog‘ida oydinlashdiki, u sportdagi faoliyatini yakunlagani, vohamizning o‘zida sport ixlosmandlariga dzyudodan saboq berayotgani uchun ham yangi uyida yashay boshladi. Chempion uyiga qaytdi.

Adolat MO‘MINOVA,

jurnalist

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

“Tadbirkor qizlar” biznes marafoni start oldi

Xotin-qizlarni biznesga qiziqtirish, jamiyatda o‘z o‘rnini topishlari uchun yetarlicha...

Yangi imkoniyatlar…

Surxondaryo viloyatida nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyati jamiyat hayotining deyarli...

Surxondaryo delegatsiyasi Tojikistonda

Yurtimiz Mustaqilligining 33 yillik shodiyonalari hali tugagagni yo‘q. xalqimiz...

«Qo‘mondonlik kubogi» musobaqasida

Sport birdamlikka, sport jismoniy chiniqish-u muvaffaqiyatga boshlaydi. Yoshlarimizni sportga...
KunTun
KunTun