Buvimni eslab…

Date:

Onam qo‘limizga endigina tandirdan chiqqan, dasturxonga o‘ralgan bir tovoq kadi somsani tutqazadi:
– Buni tezda momongga olib boringlar, issig‘ida yeb olsin, yo‘lda hayallab yurmanglar.
Momomning uyi bizdan salgina uzoqda joylashgan. Onam uning yakkayu-yagona qizi. Buvimning bir o‘zi yashaydi. Uch aka-uka ikkitamiz eshakda, birimiz piyoda yo‘lga tushamiz. Momam bizni ko‘rib, “kelinglar qo‘zichoqlarim”, deb peshonamizdan o‘pib kutib oladilar. Tovoqni uning qo‘liga tutqazamiz. Momam dasturxon yozib, borini to‘kib-soladi. Onam yuborgan dasturxon yozilgach, hammamiz somsaga yopishamiz. Momamga yo bitta, yo ikkita somsa qoladi. Dasturxondagi mayiz, g‘o‘limlarni kissamizga urib uyga qaytamiz.
Oradan yillar o‘tdi…
Darvozam taqillaydi. Hassamga suyanib, darvozani ochaman. Bir-biridan sho‘x uchta nabiram bo‘ynimga osilib yuzlarimdan o‘pib qo‘yishadi.
– Bobojon, onam berib yubordilar, kadi somsa, issig‘ida yeb olarkansiz.
– Bor qo‘zim, choy ham qaynagan bo‘lishi kerak, damlab kel. Bobo-nabiralar bir choy ichaylik.
Dasturxonni yozib, issiq somsalarni o‘rtaga qo‘yaman.
– Olinglar bolalarim, och qolgandirsizlar.
Uchala nevaram ham ishtaha bilan somsaga yopishadilar. Ikki-uchta somsa qolganda katta nevaram:
– Bo‘ldi qilinglar, bobomga ham qolsin, — deb kichiklarga imo qiladi.
Nevaralarim mendan ruxsat so‘rab, ketib qolishadi. Dasturxondagi ikki dona somsaga qarab rahmatlik buvijonimni eslayman, ko‘zlarimga yosh keladi…

Jo‘raqul Davlatov

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

BEPUL DORI-DARMON VA TIBBIY XIZMAT SIFATI NAZORATDA

Aholiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish va ehtiyojmand fuqarolarni bepul...

PEDAGOGLAR FARZANDLARIGA KONTRAKT UCHUN 30 FOIZ CHEGIRMA

Pedagoglarning ijtimoiy qo‘llab-quvvatlanishini kuchaytirish maqsadida ularning farzandlari uchun oliy...

ZO‘RAVONLIK UCHUN JAVOBGARLIK KUCHAYTIRILDI

Voyaga yetmaganlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ta’lim muhitida...

Hayot uchun joy ajrating!

Termiz shahridagi “Amudaryo” oromgohi va “Guliston” MFY hududida “World...
KunTun
KunTun