Tug‘ilib-o‘sgan yurtingizdan uzoqda yashasangiz, uning har bir ko‘chasi, har bir manzarasi ko‘nglingizda alohida iz qoldirar ekan. Vaqt o‘tadi, odam ulg‘ayadi, manzillar o‘zgaradi, ammo bolalik xotiralari yurakdan ketmaydi.Yaqinda qariyb ikki yillik tanaffusdan so‘ng kindik qonim to‘kilgan Angor tumaniga yo‘l oldim. Toshkentda yashayotgan bo‘lsam-da, ko‘nglimning bir cheti hamisha shu aziz zamin bilan bog‘liq.
Toshkentdan taksida yo‘lga chiqdim. Qariyb to‘qqiz soatlik yo‘ldan so‘ng Sherobodga yetganimizda haydovchi yigit mendan:
— Xola, Angorning qayeriga borasiz? — deb so‘radi.
— Bolam, Angorga kelmaganimga ikki yil bo‘ldi. Bolaligim o‘tgan uyimga ketyapman, — dedim.
Haydovchi jilmayib:
— Xola, viloyatimizda ancha o‘zgarishlar bo‘ldi. Yaqinda Toshkentdan mehmon olib kelganimda ham ayrim joylarni tanimay qoldik, — dedi.
Uning gaplarini eshitib, ichimda qiziqish uyg‘ondi. Nahotki, men sog‘inib kelayotgan Angorim shu qadar o‘zgargan bo‘lsa?
Sheroboddan chiqib, “Angor” deb yozilgan peshlavha oldidan o‘tganimizda, ko‘z oldimda yangicha manzara namoyon bo‘ldi. Yo‘l bo‘ylarida zamonaviy binolar qad rostlagan, ko‘chalar kengayib, obodlik kasb etgan edi. Afg‘on shamoli esib turganiga qaramay, yuzimga urilgan iliq shabada qalbimga huzur bag‘ishlardi. Yo‘l chetlarida ishchilar mehnat bilan band, obodonlashtirish ishlari davom etardi.
Shu manzaraga tikilib, shoir Bolta Yoriyevning “Qayerdansan, do‘stim?” degan satrlari yodimga tushdi. Ha, bu zaminda hamon mehnatdan qochmaydigan, el-yurt obodligini o‘z mehnati bilan bunyod etadigan insonlar yashaydi.
Angor ko‘chalariga qarab borarkanman, tanish manzillarni izladim. Ular menga ham tanish, ham begona edi. Bir tomondan, bolaligim o‘tgan zaminni ko‘rib quvonsam, ikkinchi tomondan, ko‘z o‘ngimda namoyon bo‘layotgan yangilanishlardan hayratga tushardim. Inson o‘zi sog‘ingan joyni qayta ko‘rganda, undagi har bir o‘zgarishni yuragidan o‘tkazar ekan.
Haydovchi meni yangi tijorat bozori oldida tushirdi.
— Mana, xola, bu yangi bozor. Sizni boshqa yo‘ldan olib kelganim uchun tanimay qolgan bo‘lsangiz kerak, — dedi u.
Atrofga nazar tashladim. Yangi binolar, obod hudud, ko‘kalamzorlashtirilayotgan maydonlar ko‘zni quvontirardi. Yangi ekilgan archalarga suv quyayotgan Qurbon ismli yigit bilan salomlashdim. Atrofda favvoralar, zamonaviy o‘rindiqlar va yashil hudud barpo etilayotganini ko‘rib, bu yer nafaqat savdo-sotiq, balki odamlar uchun qulay va fayzli maskanga aylanishini tasavvur qildim.
Meni quvontirgani faqat yangi binolar yoki ravon yo‘llar emas edi. Eng muhimi, tug‘ilib-o‘sgan tumanimda obodlikka intilish, odamlar uchun qulay muhit yaratish harakati ko‘zga tashlanardi. Axir, yurt ravnaqi faqat ko‘rkam inshootlar bilan emas, shu maskanda yashayotgan insonlarning hayotida seziladigan qulayliklar bilan ham o‘lchanadi.
Shu payt kelinim Nargiza meni kutib yonimga keldi. Yuklarimni ko‘tarib, hol-ahvol so‘radi. Yo‘lga tushgach, Angordagi yangilanishlar haqida suhbatlashdik. Nargiza ham hududdagi obodonlashtirish ishlari, yangi maskanlar va odamlar uchun yaratilayotgan sharoitlar haqida gapirib berdi. Uning so‘zlarini tinglar ekanman, bu o‘zgarishlar men uchun shunchaki yangi manzara emas, balki o‘z yurtimning bugungi hayoti ekanini his qildim.
O‘sha kuni yana bir haqiqatni angladim: Vatanning qadrini undan uzoqlashganingda, uning sog‘inchi yuragingga cho‘kkanida yanada teranroq his etarkansan. Men Angorni sog‘inib kelgandim. Ammo qaytganimda faqat bolaligim xotiralarini emas, yangilanayotgan, obodlik sari intilayotgan Angorni ham ko‘rdim.
Fursati yetib, Angordan ketar ekanman, ortimda qolayotgan ko‘chalarga yana bir bor ko‘z tashladim. Bu manzillarda mening bolaligim, xotiralarim, yaqinlarim va qalbimga aziz tuyg‘ular mujassam. Bugungi yangilanishlar esa shu aziz zaminning ertangi kuniga bo‘lgan umidimni yanada mustahkamladi.
Angorim, sen men uchun hamisha azizsan. Yillar o‘tsa, manzaralaring o‘zgarsa ham, sen bilan bog‘liq xotiralarim qalbimda yashayveradi. Bu safar esa seni sog‘inch bilan tark etarkanman, ko‘nglimda bir quvonch bor edi: men sog‘ingan Angor hamon o‘sha Angor, ammo endi uning qarshisida yangi kunlar, yangi manzaralar va yangi umidlar turibdi.
Ozoda CHAQQONOVA,
mehnat faxriysi

