Bugungi kunda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlarning ustuvor yo‘nalishlaridan biri mahalliy biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish hisoblanadi. Chunki aynan tadbirkorlik subyektlari yangi ish o‘rinlari yaratish, aholi daromadlarini oshirish, ichki bozorni sifatli mahsulot va xizmatlar bilan ta’minlash hamda iqtisodiy o‘sishni jadallashtirishda muhim o‘rin tutadi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek: “Tadbirkorlikni rivojlantirish – biz uchun strategik vazifa. Bizning tayanchimiz ham, suyanchimiz ham, eng katta kuchimiz ham shu sohada mujassam”. Ushbu fikrlar mamlakatimizda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanligini yaqqol namoyon etadi. Shu bois tadbirkorlarga qulay ishbilarmonlik muhitini yaratish, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish hamda yangi biznes tashabbuslarini rag‘batlantirish borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Mahalliy biznes iqtisodiyotning eng faol va harakatchan bo‘g‘ini sifatida jamiyat taraqqiyotiga katta hissa qo‘shadi. Kichik biznes subyektlari bozor talablariga tez moslasha olishi, innovatsion g‘oyalarni amaliyotga joriy etishi va sog‘lom raqobat muhitini shakllantirishi bilan alohida ahamiyat kasb etadi. Shu sababli ham rivojlangan davlatlar tajribasida kichik biznes va xususiy tadbirkorlik iqtisodiy rivojlanishning asosiy omillaridan biri sifatida e’tirof etiladi.
2026-yilning birinchi choragida mamlakatimiz iqtisodiyoti barqaror rivojlanib, yalpi ichki mahsulot hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 8,7 foizga oshdi. Mazkur o‘sishda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining hissasi salmoqli bo‘lib, ular iqtisodiy faollikni oshirish, aholi bandligini ta’minlash va yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirishda muhim rol o‘ynamoqda. Bu esa mahalliy biznesning milliy iqtisodiyotdagi o‘rni tobora mustahkamlanib borayotganidan dalolat beradi.
So‘nggi yillarda tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, biznes yuritish uchun qulay sharoitlar yaratish hamda investitsiyaviy muhitni yaxshilash borasida muhim natijalarga erishildi. Soliq tizimining soddalashtirilishi, kredit resurslaridan foydalanish imkoniyatlarining kengaytirilishi, davlat xizmatlarining raqamlashtirilishi va tadbirkorlarning huquqiy himoyasini kuchaytirishga qaratilgan chora-tadbirlar biznes rivojiga xizmat qilmoqda.
Mahalliy biznesning rivojlanishi nafaqat iqtisodiy, balki ijtimoiy ahamiyatga ham ega. Yangi korxonalar va ishlab chiqarish quvvatlarining tashkil etilishi aholi bandligini ta’minlash, yoshlarning tadbirkorlikka bo‘lgan qiziqishini oshirish hamda hududlarning iqtisodiy salohiyatini mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Xususan, kichik biznesning qishloq xo‘jaligidagi ulushi yuqori bo‘lib, bu oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va qishloq aholisi farovonligini oshirishda muhim omil hisoblanadi.
Raqamli iqtisodiyot sharoitida mahalliy biznes oldida yangi imkoniyatlar ochilmoqda. Elektron tijorat, onlayn xizmatlar, raqamli to‘lov tizimlari hamda zamonaviy axborot texnologiyalaridan samarali foydalanish tadbirkorlik faoliyatining samaradorligini oshirmoqda. Mahsulot va xizmatlarni internet orqali targ‘ib qilish va sotish imkoniyatlari esa biznesning geografik chegaralarini kengaytirib, yangi bozorlarga chiqish uchun qulay sharoit yaratmoqda.
Shu bilan birga, tadbirkorlarning bilim va ko‘nikmalarini oshirish, innovatsion faoliyatni qo‘llab-quvvatlash, eksport salohiyatini kengaytirish hamda moliyaviy resurslardan samarali foydalanish dolzarb vazifalardan biri bo‘lib qolmoqda. Bu boradagi tizimli ishlar mamlakat iqtisodiyotining uzoq muddatli va barqaror rivojlanishini ta’minlaydi.
Mahalliy biznes va xususiy tadbirkorlik milliy iqtisodiyotning tayanchi, aholi farovonligining muhim omili va iqtisodiy taraqqiyotning harakatlantiruvchi kuchidir. Tadbirkorlikni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, yangi tashabbuslarni rag‘batlantirish va biznes uchun yanada qulay muhit yaratish mamlakatimizning iqtisodiy qudratini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning: “Yagona yo‘limiz – tadbirkorlar sonini ko‘paytirish, odamlarni ishbilarmon qilish”, degan so‘zlari bugungi iqtisodiy siyosatning bosh mezoniga aylangan. Zero, tadbirkorlik rivojlangan jamiyatda bandlik, daromad va farovonlik ham yuksaladi.
Atabek Isayev,
Ashraf Abdualimov,
Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti o‘qituvchilari

