Turon teatri (yoki “Turon” truppasi) 1913-yilda Toshkentda jadid ma’rifatparvarlari tomonidan tashkil etilgan bo‘lib, u shunchaki ko‘ngilochar maskan emas, balki ulkan ijtimoiy-siyosiy
loyiha edi. Jadidlarning teatrni “ibratxona” deb atashgani bejiz emas. Darhaqiqat, bu ibratning ortidan millat uyg‘onadi, tanazzulga yuz tutayotgan jabhalarga taraqqiyot nafasi purkaladi. Ommani savodxonlikka, madaniyatga va zamonaviy dunyoqarashga undash maqsadida tashkil etilgan teatrning bugun iste’dodlarni kashf etuvchi tanlovga aylanishi ham ezgu qarashlarni ifoda etadi. Biroq aslida ham tanlov iqtidorlarning saragini sarakka, puchagini puchakka chiqarmoqdami?! Yoki eskicha dogmalarga tayanib qolgan, tanqidlarga chidamsiz ko‘r-ko‘rona muhit bardavommi?!
SAHNA ADOLAT KO‘ZGUSI EDI
Munavvarqori Abdurashidxonov, Abdulla Avloniy kabi jadidlar yetakchilik qilgan truppalarning shiori teatr orqali “millatning ko‘zini ochish” edi. O‘z davrida xalq uchun ham maktab, ham minbar, ham siyosiy markaz vazifasini o‘tagan teatrlarning tanlov holati qanchalik munosib izdosh?!
— Teatr — insoniyat kashf etgan eng buyuk tarbiya vositalaridan biri. U shunchaki tomosha emas, balki jamiyatning og‘riqli nuqtalarini ko‘rsatuvchi, haqiqat va adolatni tarannum etuvchi muqaddas dargohdir, — deydi san’atshunos Aziza Tursunova. — “Turon maktab teatri” tanlovi ham o‘sib kelayotgan yosh avlodning ma’naviy olamini boyitish, ularda milliy o‘zlikni anglash tuyg‘usini shakllantirish uchun ulkan imkoniyat sifatida maydonga chiqdi. Biroq, afsuski, so‘nggi paytlarda bu ezgu loyihaning quyi bosqichlarida kuzatilayotgan “sahnaorti o‘yinlari” va adolat-sizliklar san’atsevar yoshlarning ishtiyoqiga sovuq suv sepmoqda.
Nohaqlikning ko‘rinmas zanjiri: tanish-bilishchilik va “buyurtma” g‘olibliklar tanlovning nufuzini tushirishi kunday ravshan.Tanlovning Termiz tumani bosqichi o‘zgacha hayajon hamda zavq bilan o‘tadi. Ayniqsa, joriy yildan tanlovni o‘tkazish yangi tashkil etilgan “Kelajak” markazlari zimmasida ekanligi esa ayni kelajak avlodni vatanparvarlik hissi bilan tarbiyalashni ustuvor vazifa deb biluvchi markaz uchun muhim tashabbus desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Markaz bergan ma’lumotlarga ko‘ra, Termiz tumanidagi tanlovni tashkil etish, uning yuzasidan kelib tushgan murojaatlarni belgilangan muddatlarda ko‘rib chiqish bo‘yicha Surxondaryo viloyati “Kelajak” markazi direktorining o‘rinbosari Ilhom Djo‘rayevga yuklatilgan bo‘lib, Termiz tumanidan tuman MMTB bosh mutaxassisi A.Qurbonmurotov hamda tuman “Kelajak” markazi direktori vazifasini bajaruvchi A.Pardayevlar mas’ul etib belgilangan.
Tanlovning sektor va tuman bosqichlarida ishtirok etgan ko‘plab pedagoglar va o‘quvchilarning fikricha, g‘oliblik ko‘pincha ijro mahoratiga emas, balki “status”ga qarab belgilanmoqda. Yana bir ajoyib jihat esa tuman MMTB boshlig‘i tasdig‘i bilan tarqatilgan kalendar rejaga muvofiq tanlovning sektor bosqichidan faqat bittadan jamoa tuman bosqichiga o‘tkazilishi belgilangan. Tumanning “Do‘stlik” hududidagi tanlov 14-maktabda tashkil etilgan, “Yangiariq” hududidan 35-maktab, Namuna hududidan 8-maktab, “Uchqizil” hududidan 1-maktablar tanlov o‘tkaziladigan manzil sifatida belgilab olingan. Natijalar yanada hayratlanarli — qaysi maktabda bo‘lsa, o‘sha maktab g‘olib bo‘lgan. Buni izohlaydigan pedagoglar esa:
— Termiz tumanida qaysi maktabda tanlov o‘tkazilsa, albatta, o‘sha maktab xarajat qiladi, banner, hakamlar uchun tushlik, ularning yo‘lkirasi va hokazo, — deydi ismini sir tutishni ma’qul ko‘rgan pedagog. — Gohida ularning qanday chiqishi, iste’dodi, tayyorgarligi ham ahamiyatsiz. Shu sababli ham tanlovlarda ishtirok etishni istamaymiz.
“TURON MAKTAB TEATRI” TANLOVIDAGI “SOYA”LAR
“Tanlangan” maktablar haqidagi pichir-pichirlar esa Termiz tumani uchun begona emas: Ayrim hududlarda qaysi maktab g‘olib bo‘lishi tanlov boshlanmasidan oldin “hal qilib qo‘yilayotgani” haqidagi gap-so‘zlar bolalar qulog‘iga ham yetib bormoqda. Bu esa raqobat muhitini o‘ldirmoqda.
— Tanlovning maktab bosqichi oktyabr oyida o‘tkazilgandi. Jamoa rahbarimiz iste’dodli yoshlar bilan muntazam mashg‘ulotlar olib borib, tanlovga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rsatgan, — deydi X.Qulto‘rayev. — O‘tgan yili ikki nafar o‘quvchimiz krossovka kiyganligi uchun bizga o‘rin berishmagandi. Bu yil esa tanishtiruv shartida “she’riy chiqmaganligimiz” uchun balimizni pastlatib qo‘yishdi.
O‘quvchining “aybi” o‘ziga ko‘rinmaydi. Hakamlar hay’atining zukkoligi shu o‘rinda yordamga keladi. Termiz tumani bosqichini kuzatar ekanman, hakamning sektor bosqichida ham hakam bo‘lganligi, o‘sha jamoalar bilan tuman bosqichiga qadar qo‘ng‘iroqlashib turganligi haqidagi samimiy so‘zlari meni-da shubhaga soldi. Nima uchun u aynan o‘zi hakamlik qilgan va tuman bosqichiga yo‘llanma bergan jamoalarga yuqori ball qo‘ymoqda?!
Hakamlar hay’atining “nomutaxassisligi” ba’zida o‘ng‘aysiz holatdir. Hakamlar hay’atining yosh vakili bilan suhbatlashar ekanmiz, u hatto nima uchun past ball qo‘yganligini ham to‘laqonli izohlab, isbotlab bera olmadi. “Bizning maktab” shartida 6 daqiqa davomida maktab yutuqlarini badiiy, sahnaviy, ko‘rgazmali tarzda namoyish etish” tanov nizomida belgilanganligi rost, lekin hakamning noo‘rin e’tirozi kulgingizni qistatadi: “badiiy deyilgan nizomda, demak, she’riy chiqmadi ular, shu sababli balini tushirdim”.
Sahna nutqi, aktyorlik mahorati, dekoratsiya va asar g‘oyasini tahlil qila olmaydigan, san’atdan yiroq kishilarning hakamlik kursisiga o‘tirishi — tanlovning eng katta fojiasidir. Ammo sohasi, kasbi san’atkor-u so‘zning mohiyatini bilmaydigan kishi bilan hazrat Navoiy aytgan “so‘zning guhari”ni aytib tortishmoqlik xayrsizdir. “Badiiy” so‘zining ma’nosini bilsangiz-da, e’tirozim peshonamni shoda-shoda terga solgani boisini anglashingiz uchun so‘z izohini batafsil bermoqqa chog‘landim:
“Badiiy so‘zi voqelikni nafis san’at vositalari, usullari, obrazlari orqali ifoda etuvchi; tasvirlovchi deganidir. Badiiy adabiyot. Badiiy asar. Badiiy san’at. Badiiy film, badiiy tasvir, badiiy tafakkur va hokazo. Endi hakam sari borsak, she’riy adabiyot, she’riy asar, she’riy san’atga ham chidash mumkin, ammo she’riy film ortiqcha-da… Eng yomoni nima?! Eng yomoni hakamning rejissyor ekanligi…
Hakamlar gohi asarning badiiy qiymatiga emas, balki liboslarning yaltir-yultiriga yoki chiqish qilayotgan jamoaning rahbari kimligiga qarab baho bermoqdalar. Yana bir haqli e’tiroz tumanning 1-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi badiiy (she’riy) jamoasi o‘tgan yilgi mavsumning respublika bosqichida muvaffaqiyatli ishtirok etgan namanganlik tengdoshlarining sahnaviy chiqishlarini hatto liboslari, so‘zlar ketma-ketligi, qo‘shimcha effektlar, musiqaviy sayqallargacha birga-bir foydalanganligi… Bu haqida ogohlantirib, e’tiroz bildirgan kishini tuman bo‘yicha mas’ul “shantaj” deya “og‘ziga urganligi”, tanlov nizomiga ko‘ra apellyatsiya jarayonida “Tanlov natijalaridan norozi bo‘lgan ishtirokchilar yakun e’lon qilingandan so‘ng 15 daqiqa ichida Apellyatsiya komissiyasiga murojaat qilishi shart” ekanligi belgilangan. Ammo “shantajlik”ni bo‘yniga olgan kishini eshitadigan komissiya yo‘q edi. Vaholanki, nizomda: “Komissiya 3 (uch) kishidan iborat bo‘ladi hamda shikoyat 1 (bir) soat ichida ko‘rib chiqiladi” deyilgan.
Shu o‘rinda tanlovning bundayin tus olishini kutmagan edim. Va albatta, hakamning avvalroq boshqa tumanlarda ham e’tirozga sababchi bo‘lganligi oydinlashdi:
— Nohaqlik! Angor tumanidagi 20-sonli maktab jamoasining sahna asarini tomosha qilgan va shu sohada oz bo‘lsa-da bilimga ega bo‘lgan hamma aytdi, hatto tadbir tugagunga qadar barcha jamoalar tan berib o‘tirgan edi, — deydi Shahodat Choriyeva.
Ijtimoiy tarmoq kuzatuvchilari tanlovning Angor tumani bosqichidan keyingi murojaatlar bo‘yicha bildirilgan rasmiy munosabatni o‘qib bir narsa anglashiga ham shubha bor: “Turon” maktab teatri tanlovining Angor tuman bosqichida tumandagi 47 ta maktab ariza topshirgan bo‘lib, ular dastlab 4 ta sektor kesimida saralash bosqichlarida bellashgan. Saralash yakunlariga ko‘ra, 14 ta maktab jamoasi tuman bosqichida ishtirok etgan.
Tanlov nizomida belgilangan mezonlar asosida hakamlar hay’ati tomonidan sahna madaniyati, ijro mahorati, mavzuning ochib berilishi hamda jamoaviy chiqish kabi ko‘rsatkichlar baholangan. Ta’kidlash joizki, tanlov jarayonlari belgilangan tartib va nizom asosida o‘tkazilgan. Bildirilgan murojaat yuzasidan barcha masalalar tanlov nizomi va tegishli tartiblar doirasida ko‘rib chiqiladi”.
Qachon?! Qachon ko‘rib chiqiladi?! Nizomga ko‘ra 1 soatda deyilgan bo‘lsa, Termiz tumanidagi mas’ul singari vazifasiga sovuqqonlik bilan qarab, apellyatsiya shikoyatini qabul qilmasa, e’tiroz bildirgan o‘quvchilarni ichki ishlar bo‘limiga topshirib yuborishi haqida po‘pisa qilsa…
Ijodiy bo‘g‘ilish
“Turon maktab teatri”da barcha maktablar uchun sharoit bir xil emas. Markazdagi imkoniyati keng maktablar qimmatbaho tarixiy liboslar, professional pardozchi (grimyor) va dekoratsiyalar bilan sahnaga chiqayotgan bir paytda, chekka qishloqdagi iste’dodli bolalar o‘z imkoniyatlari darajasida tayyorgarlik ko‘rmoqdalar.
Eng achinarlisi, hakamlar ko‘pincha ichki dard va mahoratni emas, balki “tashqi yaltiroqlik”ni ustun qo‘ymoqdalar. Bu esa san’atni moddiy boylikka almashtirish bilan barobardir. Ishonasizmi-yo‘qmi, tanlov so‘ngida ishtirokchilar do‘st bo‘lishmayapti, bir-biriga nafrat ko‘zi bilan qarayotir. Hattoki mas’ullar e’tiroz bildirgan jamoa rahbariga, o‘quvchilarga yovqarash qilayotgani kabi. Bu kabi tanlovning zararlari sanoqli, ammo zalvarli…
Teatr sahnasida adolat va haqiqat uchun kurashayotgan qahramon rolini o‘ynagan o‘quvchi, sahnadan tushgach, o‘z ko‘zi bilan nohaqlikka guvoh bo‘lsa, uning qalbidagi ishonch parchalanadi. Bolada: “Baribir tanish-bilish hal qilar ekan”, degan noto‘g‘ri tushuncha shakllanadi.Haqiqiy qobiliyat egalari tanlovdan ko‘ngli qolib, san’at yo‘lidan qaytishi esa millat uchun katta yo‘qotishdir. Shuningdek, tanlovning eng muhim salbiy ta’siri — yolg‘onchilikka o‘rgatishdir. Ma’naviyat darsi berishi kerak bo‘lgan tanlov, bilmasdan bolalarga “g‘alaba uchun har qanday yo‘l halol” degan tushunchani singdirmayaptimi? Bola kimningdir ijodiy ishini o‘ziniki qilib ko‘rsatishdan, plagiatdan tap tortmay ulg‘ayishi aslida uyat…
Butun dunyo kreativlik haqida bong urayotganda shunchaki ko‘chirmakashlik ortidan o‘nlab original g‘oyalarni chilparchin qilib, tanlovda g‘olib bo‘lish — bu eng katta zarbadir. Zero, san’atshunoslar asarni tahlil qilayotganda quyidagi 3 savolga javob izlaydilar:
O‘xshashlik darajasi (Substantial Similarity): Ikki asar o‘rtasidagi o‘xshashlik tasodif bo‘lmas darajada yuqorimi?
Imkoniyat (Access): “Ko‘chirgan” shaxs asl asarni ko‘rishi yoki eshitishi mumkin bo‘lganmi?
Transformativlik: Yangi yaratilgan asar asl nusxaga yangi ma’no, xabar yoki estetik qiymat qo‘shdimi?
Mening kuzatishimcha, Termiz tumanidagi tanlov natijasi birtomonlama, dogma! Esiz, ishtirokchilarning ko‘zyoshlari, esiz, iste’dod va original g‘oyalar…
“Turon maktab teatri” tanlovi — bu bolalarimizning qalbiga ekilgan yaxshilik urug‘idir. Bu urug‘ni adolatsizlik va tanish-bilishchilik zahri bilan quritib qo‘yishga hech kimning haqqi yo‘q. Sahnadagi adolat — jamiyatdagi adolatning kichik bir modelidir. Keling, bu ko‘zguni pokiza saqlaylik!
Bo‘lajak AKTYOR

