MAQTOV — PORA…MI?!

Date:

Har bir inson tabiatan maqtovni yoqtiradi. Yaxshi so‘z, e’tirof, iltifot — bu inson ruhiyatiga ijobiy ta’sir etadi. Hayotda haqiqat achchiq, to‘g‘ri so‘z esa yoqmaydi. Shu bois, ko‘pchilik yoqimli maqtovni eshitishni afzal ko‘radi.
Termiz davlat universitetida o‘tkazilgan uchrashuvlardan birida “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi” unvoni bilan taqdirlangan vohamizning faxri, shoir, tarjimon, jurnalist, islomiy kitoblar muallifi Mirzo Kenjabek (Kenjaboyev Mirza To‘ychiyevich) shunday dedi: “Maqtov – poralarning eng kattasidir”.
Bu so‘z men uchun ibratli dars bo‘ldi. To‘g‘ri, maqtov yoqimli, u insonni ruhlantiradi, mehnatga undaydi. Me’yordan oshgan maqtov esa samimiylikdan uzoqlashgan maqtovdir.
Maqtov – insonning yaxshi ishlarini, yutuqlarini e’tirof etish hamda rag‘batlantirish maqsadida aytiladigan samimiy fikrdir. U insonning xatti-harakatlari, axloqi, mehnatiga nisbatan mamnunlik va hurmat ifodasidir. Bunday maqtov insonni ruhiy jihatdan rag‘batlantiradi, o‘ziga bo‘lgan ishonchini mustahkamlaydi, mehnatsevarlikni oshiradi.
Maqtov o‘z me’yori bilan bo‘lishi kerak. Ortiqcha maqtov – bu insonni sun’iy tarzda ko‘kka ko‘tarish, haqiqatdan uzoqlashtirishdir. Bugungi kunda ayrimlar maqtovni manfaat vositasiga aylantirganlar. Bunday maqtovda samimiylik yo‘q, u ikkiyuzlamachilikning belgisi hisoblanadi.
Ortiqcha maqtov insonni tanqidni qabul qila olmaydigan, o‘zini o‘ta mukammal deb biladigan holatga olib keladi. U o‘zini tahlil qilish qobiliyatini yo‘qotadi, samimiylikdan uzoqlashadi, hatto munofiqlikni shakllantiradi. Bu esa ko‘plab ish joylarida, tashkilotlarda “xo‘jako‘rsin” munosabatlar, rostgo‘y tanqidning yo‘qolishiga sabab bo‘lmoqda. Bunday muhitda sog‘lom raqobat, halol ishchanlik, haq so‘z qadri pasayadi.
Korrupsiya, poraxo‘rlik qanchalik davlat va jamiyat uchun xavfli bo‘lsa, me’yordan oshgan maqtov ham shunchalik zarar keltiradi. Bu ikki illatning ildizi bir — samimiylikning yo‘qolishidir.
Tanqid esa buning aksi. Tanqid — kelajak mevasi. U insonni o‘stiradi, fikrlashga, to‘g‘ri yo‘lni topishga undaydi. Ortiqcha maqtov laganbardorlikka olib keladi. Laganbardorlik — bu insonning o‘z manfaatini ko‘zlab “katta odamlar”ga yoqish uchun qilgan harakatidir.
Maqtov haqiqatdan, samimiylikdan tug‘ilsin. Har bir maqtovning orqasida asos bo‘lishi lozim. Maqtov insonni ilhomlantirsin, lekin uni ko‘kka ko‘tarmasin.

Sanjar Choriyev,
Termiz davlat universiteti o‘qituvchisi

Xabarni ulashish:

Obuna bo‘ling

Dolzarb xabarlar

Tavsiya qilamiz
Related

“Elektron retsept” qanday ishlaydi?

Vazirlar Mahkamasining 570-son qaroriga muvofiq, 2025-yil 10-dekabrdan boshlab Toshkent...

 “Tenglik va hurmat” doirasida…

Ombudsman tashabbusi bilan viloyat Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish...

45 metrlik ko‘prik xizmatga shay

Boysun tumanidagi “Chilonzor” mahallasi hududidan o‘tuvchi Sherobod daryosi ustida...

Muloqot ko‘ngildagidek o‘tdi

Aholi va tadbirkorlik subyektlarining murojaatlarini tinglash, ularda ko‘tarilgan muammolarga...
KunTun
KunTun